AQSH Ukrainaga qiruvchi samolyot va dronlar berish niyatida – “Politico”

Olam

image

AQSH va Ukraina Kiyevga Amerikaning to‘rtinchi avlod F-16 qiruvchi samolyotlari, "Patriot" zenit-raketa tizimlari (ZRT) va MQ-1C Grey Eagle razvedka va zarba beruvchi dronlarini yetkazib berish bo‘yicha quyi darajada maslahatlashuvlar o‘tkazmoqda. Bu haqda kecha, 16 sentyabr kuni “Politico” gazetasi o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.

Ukraina rasmiylari Vashingtondan ommaviy ravishda ushbu qurollarni yetkazib berishni so‘rashni to‘xtatdi, ammo “parda ortida ularni olishga urinishlar to‘xtamayapti”, deb yozadi gazeta. Uning manbalariga ko‘ra, ikki tomon uzoq muddatli moliyaviy kelishuvlar ustida ish olib borilayotgan bir vaqtda Kiyevga qiruvchi samolyotlar, havo hujumidan mudofaa tizimlari va uchuvchisiz uchoqlarni jo‘natish masalasini muhokama qilmoqda. Patriot’lar, F-16 va Gray Eagles dronlarini Kiyevga yuborish bo‘yicha ikki tomonlama aloqalar quyi darajada davom etmoqda.

Maqolada ta’kidlanishicha, so‘nggi haftalarda Kiyev “[ushbu turdagi qurollarni taqdim etish bo‘yicha] baland ovozli chaqiruvlardan tinchroq maslahatlashuvlarga o‘tgan”. Bunga, jumladan, Vashington Kiyevni ayni damda zarur narsaga e’tibor qaratishga undagani sabab bo‘lgan. Shu tariqa, “qimmatbaho qurol-yarog‘ yetkazib berish bo‘yicha so‘rovlar Kiyevni jang maydonidagi dolzarbroq ehtiyojlardan chalg‘itadi”, degan xavotir bor edi.

Amerika tomonining ushbu qurollarni yetkazib berishdan qo‘rqishi faqatgina ular “Moskva uchun provokatsion bo‘lishi” bilan bog‘liq emas, balki ushbu tizimlarga kompleks texnik xizmat ko‘rsatish va qo‘llab-quvvatlash “Ukrainani qiyin ahvolga solib qo‘yishi bilan ham bog‘liq”, deb tushuntiradi “Politico”.

“Patriot” bilan bog‘liq holatda ularning “nisbatan tanqisligi Ukrainaga yetkazib berishni qiyinlashtiradi”, Bundan tashqari, deya davom etadi gazeta, ustuvorliklarni belgilash muammosi ham bor: AQSHning NATOdagi va alyansdan tashqaridagi ittifoqchilari ham bu qurollarni olishni xohlaydi.

Kongressdagi manbaning nashrga aytishicha, F-16 samolyotlari esa “urush tugaganidan keyin [Kiyevga] yetkazilishi mumkin”. AQSH rasmiylari ham uzoq muddatli strategiyaning bir qismi sifatida Ukrainaga “Patriot” yuborish masalasini muhokama qilishda davom etmoqda. Tizimni yuborish haqidagi munozaralar Pentagonda dastlabki bosqichda, deya tushuntirdi “Politico” va yakuniy qaror prezident Jo Baydenga  bo‘ladi. 

“Ammo rasmiylarning bunday harakat haqida gapirayotgani, AQSH rasmiylari bu g‘oyani bahorda rad etganidan keyin jiddiy o‘sish hisoblanadi”, deyiladi maqolada.

Gazetaning taxminiga ko‘ra, Pentagon AQSHda foydalanilayotgan “Patriot” batareyalarini topshirish o‘rniga, Raytheon Technologies mudofaa kompaniyasi bilan Kiyev uchun qo‘shimcha havo mudofaa tizimlarini yaratish bo‘yicha shartnoma tuzadi. Uning manbalariga ko‘ra, ushbu havo hujumidan mudofaa tizimlarini yetkazib berish “kamroq eskalativ bo‘ladi”.

“Politico” nashrining Ukrainaga havo hujumidan mudofaa tizimlari va boshqa yangi turdagi qurollar yuborilishi haqidagi savoliga AQSH Mudofaa vazirligi matbuot kotibi podpolkovnik Garron Gern idoraning bu borada “hozircha yangi bayonoti” yo‘qligini aytgan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

40

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing