AQSH Ukrainadagi elchixonasi xodimlarini evakuatsiya qiladi – OAV
Olam
−
22 yanvar 2022
5805AQSHning Kiyevdagi elchixonasi Davlat departamentidan barcha zarur bo‘lmagan xodimlar va ularning oilalarini ketishiga ruxsat berishni so‘radi, Vashington evakuatsiyani kelasi haftadan boshlashi mumkin. Bu haqda CNN manbalarga tayanib xabar bergan.
“AQSHning Kiyevdagi elchixonasi bugun Davlat departamentidan zarur bo‘lmagan xodimlar va ularning oila a’zolariga elchixonani tark etishiga ruxsat berishni so‘radi. AQSH “ehtimol keyingi haftada Ukrainadan evakuatsiyani boshlashi” haqida ma’lum qildi”, deb yozilgan xabarda.
Ukraina hukumatiga yaqin manbaning xabar berishicha, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken bilan ushbu masalani muhokama qilgan va unga evakuatsiya “ortiqcha reaksiya” bo‘lishini aytgan.
Avvalroq, Rossiya Ukrainadan diplomatlarini evakuatsiya qilmoqchiligi haqida xabar tarqalgandi.
Rossiya G‘arbda Ukrainaga nisbatan o‘ziga xos tajovuzkor rejalarni inkor etmoqda. Biroq uning NATOga qo‘shilish imkoniyatini “qizil chiziqlar”dan tashqariga chiqish deb biladi hamda Qo‘shma Shtatlar va uning ittifoqchilaridan bunday bo‘lmasligi uchun kafolat talab qilmoqda.
O‘tgan haftada Rossiya G‘arb davlatlari bilan Ukraina atrofidagi vaziyat va Yevropa xavfsizligi bo‘yicha uchta muzokara o‘tkazdi. Jeneva, Bryussel va Venadagi uchrashuvlar tomonlarning NATOni kengaytirish masalasiga yondashuvlaridagi farqni tasdiqladi va aloqalarni davom ettirish bo‘yicha kelishuvlarsiz yakunlandi.
Ma’lumot o‘rnida, AQSH Rossiyaning Ukrainaga “bosqini” joriy yil yanvar-fevral oylarining o‘rtalarida boshlanishi mumkinligini ma’lum qildi.
Bunga javoban Rossiyaning Vashingtondagi elchixonasi Oq uyning Ukrainaga bosqin uyushtirish vaqti haqidagi bayonotini soxta va axborot bosimi deya atagan.
“Conflict Intelligence Team” (CIT) esa Rossiya “Iskandar” raketalar majmuasini va yana boshqa og‘ir texnikalarni g‘arbiy chegaralari tomon tashiyotganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, raketalar kompleksi va zirhli artilleriya ortilgan poyezdlar mamlakat Sharqiy harbiy okrugidan g‘arbga tomon harakatlangan.
Shu o‘rinda, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili ham Britaniya Ukrainaga qurol yuborayotganini, allaqachon oltita reys kelganini aytdi.
Bundan tashqari, Kanada ham maxsus topshiriqlar bo‘linmasining kichik kontingentini NATO harbiy alyansi va Rossiya o‘rtasidagi ziddiyat kuchaygan bir paytda Ukrainaga joylashtirdi. Shuningdek, Buyuk Britaniya Qurolli Kuchlarining maxsus operatsiyalar uchun tashkil etilgan elita harbiy bo‘linmasining 30 nafar jangchisini Ukrainaga yubordi.
LiveBarchasi