AQSH Rossiyani Ukraina hujumidan “qutqarib qolgani” ma’lum bo‘ldi
Olam
−
25 aprel 2023
22196Ukraina shu yilning fevral oyida Rossiya bosqinining bir yilligi munosabati bilan unga keng miqyosda zarba berishni rejalashtirgan. Biroq AQSHning buyrug‘iga ko‘ra, hujum bekor qilingan. Bu haqda “The Washington Post” xabar berdi.
AQSH Milliy xavfsizlik agentligining maxfiy hisobotiga ko‘ra, Ukraina harbiy razvedka xizmati boshlig‘i Kirill Budanov Rossiyaning Ukrainaga hujumining bir yilligiga bir necha kun qolganida ofitserlaridan biriga 24 fevral kuni harbiy razvedka xizmatida bor barcha vositalar bilan Rossiyaga keng miqyosda zarba berishni buyurgan. Ushbu qaror Vashingtonni “asabiylashtirgan”.
Rasmiylar, hattoki, Rossiyaning Qora dengiz port shahri Novorossiyskka ham harbiy kemalar orqali zarba berishni rejalashtirgan. Vashington esa Ukrainaning rejalarini yashirincha kuzatgan. Oq Uy uzoq vaqt davomida Ukrainaning Rossiya hududiga beradigan zarbalari Rossiyaning tajovuzkor javoblariga sabab bo‘lishidan cho‘chigan.
Shu yilning 22 fevralida – Ukrainadagi urushga bir yo‘l to‘lishidan 2 kun avval Markaziy razvedka boshqarmasi yangi hisobot e’lon qilgan. Unda Ukraina harbiy razvedka xizmati Vashingtonning iltimosiga ko‘ra, Moskvaga hujumni kechiktirishga rozi bo‘lgani aytilgan.
Biroq maxfiy hujjatlardan ko‘rinadiki, Ukraina urushni o‘z hududidan tashqarida olib borishga intilishni kuchaytirmoqda. AQSH esa eskalatsiya xavfining ortib ketishi oqibatida Rossiya bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy ziddiyatlardan qochyapti. AQSHning aksar rasmiylari Rossiya shaharlarida sodir bo‘layotgan ketma-ket portlashlar, dron hujumlari va boshqa hodisalarning, ayniqsa ular Amerika Ukrainaga bergan vositalar yordamida amalga oshirilgan bo‘lsa, Vladimir Putinning halokatli javobi, xususan, taktik yadroviy qurollarning ishga tushirilishidan cho‘chimoqda.
Ukraina qurolli kuchlarining 37 yoshli generali Kirill Budanov Ukrainadan tashqarida amalga oshirilayotgan operatsiyalar ortida uning tashkiloti – Harbiy razvedka xizmati turganini tan olmaydi. Maxfiy hujjatlarning dalolat berishicha, Budanovning agentligi, hattoki, Malidagi “Vagner” harbiy guruhining a’zolariga, kurdlar yordamida Suriyadagi Rossiya kuchlariga hujumlar uyushtirishni rejalashtirgan. Lekin Prezident Zelenskiy uni Suriyadagi operatsiyani amalga oshirishdan to‘xtatib qolgan.
Bundan tashqari, AQSH va Yevropaning Ukrainani o‘z hududidan tashqarida olib boradigan operatsiyalardan tiyilish haqidagi ogohlantirishlariga qaramay, o‘tgan yilning avgust oyida Putinning tarafdorlaridan biri Aleksandr Duginning qizi Dariya Dugina otasiga atalgan tuzoqqa tushib, bomba o‘rnatilgan avtomobilda portlab ketdi. Bu ham Rossiyaning qattiq javob berish xavfini oshirgani ta’kidlangan.
AQSH rasmiylari, shuningdek, Ukrainaning Rossiya ichidagi hujumlari NATOni agressor sifatida ko‘rsatish uchun sabab bo‘lishiga va bu Xitoyning Rossiyani qo‘llashiga olib kelishidan ham xavotirda. Bunda Xitoy Rossiya ichidagi hujumlarda Vashingtonni bevosita mojaroni avj oldiruvchi deb hisoblasa, bu Rossiyani qurollantirish uchun asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH va kollektiv G‘arb Rossiya bilan ziddiyatga borishdan cho‘chib, Ukrainaga qiruvchi samolyotlar berishni paysalga solib kelgandi. Biroq keyinroq bu siyosatni o‘zgartirib, unga Sovet davrida ishlab chiqarilgan MiG-29 samolyotlarini berishga rozi bo‘ldi.
LiveBarchasi