Fransiya Kiyevga qiruvchi samolyotlarni yuborolmaydi
Olam
−
10 fevral 2023
9643Fransiya Kiyevga jangovar samolyotlar yetkazib bermaydi, chunki ular hujum quroli bo‘lib, Fransiya Ukrainani birinchi navbatda mudofaa sohasida qo‘llab-quvvatlash zarur, deb hisoblaydi. Bu haqda bugun, 10 fevral kuni Fransiya hukumatining rasmiy vakili Olive Veran BFM telekanali efirida ma’lum qildi.
“Samolyot yuborish gaubitsa (artilleriya kuroli) yuborish bilan bir xil emas, samolyot – bu boshqa narsa. Birinchidan, bu mudofaa emas, hujum vositasi. Uchuvchilarni tayyorlash kerak, ulardan foydalanish kerak. Hozir biz hujum boshlanishini his qiladigan, rus qo‘shinlarining oldinga siljishini ko‘rayotgan bir davrda turibmiz. Bu bizga pozitsiyalarni egallashga imkon beradigan mudofaa vositalarini ta’minlashni talab qiladi”, degan Olive Veran.
Shuningdek, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ham Yevropa Ittifoqining Bryusseldagi sammiti yakunlari bo‘yicha matbuot anjumanida so‘zlab, yaqin haftalarda Kiyevga qiruvchi samolyotlar yetkazib berishning iloji yo‘qligini va bu hozir Ukraina armiyasiga kerak emasligini aytgan. U hech narsani istisno qilmasligini, biroq hozir bu asosiy masala emasligini aytgan.
Ma’lumot uchun, shu kungacha Fransiya Ukrainaga 18 ta “Sezar” o‘ziyurar artilleriya tizimi va 2 ta Crotale zenit tizimlari akkumulyatorini yuborgan. Dekabr oyida Makron Kiyevga qurol va o‘q-dorilarning yangi partiyasini 2023 yil boshida yetkazib berishni rejalashtirayotganini aytgan. O‘tgan haftada esa Fransiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ann-Kler Lejandr Parijning Kiyevga qo‘shimcha 12 ta “Sezar” inshootini yuborish, shuningdek, Fransiya va Polshada 2000 nafar ukrainalik askarni tayyorlash rejasini tasdiqlagan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Fransiya Mudofa vazirligi Ground Master 200 radarini Ukrainaga topshirish, shuningdek, Italiya bilan o‘rta masofaga mo‘ljallangan SAMP-T havo mudofaa tizimlarini jihozlash uchun 700 ga yaqin Aster-30 zenit raketalarini sotib olish bo‘yicha kelishuv imzolangandi.
Alibek Beyjanov
LiveBarchasi