AQSH Rossiyani aynan “Krokus”da terakt bo‘lishidan ogohlantirgan – WP
Olam
−
03 aprel
5956“Krokus Siti Holl”dagi teraktdan ikki haftadan ko‘proq vaqt oldin, 6 mart kuni AQSH rasmiylari Rossiyani ushbu joy hujum uchun potensial nishonga aylanishi mumkinligi haqida ogohlantirgan. Bu haqda AQSHning ism-sharifi oshkor qilinmagan ikki rasmiysiga tayanib, “The Washington Post” gazetasi xabar berdi.
"Yuqori darajadagi aniqlik Vashingtonning terakt ISHID tomonidan tayyorlanayotganiga ishonchini ta’kidlaydi. Bu esa Moskvaning AQSH ogohlantirishlari umumiy ekani haqidagi da’volariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri zid keladi va Rossiya hukumati nega odamlarni himoya qilish uchun yanada qat’iyroq choralar ko‘rmagani haqida yangi savollar tug‘diradi", deb yozadi gazeta.
Qayd etilishicha, Vashington muntazam ravishda boshqa davlatlar bilan ehtimoliy teraktlar haqida ma’lumot almashib turadi, biroq rasmiylar va ekspertlar aniq nishonlar haqidagi ogohlantirishni g‘ayrioddiy deb ataydi. Ularning fikricha, bu Qo‘shma Shtatlar razvedka ma’lumotlarini qanday qo‘lga kiritganini oshkor qilib qo‘yishi mumkin.
Manbaga ko‘ra, Moskvada terakt tayyorlash haqidagi ma’lumotlar Rossiyadagi amerikaliklar uchun potensial xavfni ko‘rsatgan.
Aytilishicha, Rossiya rasmiylari, hech bo‘lmaganda, dastlab ogohlantirishni jiddiy qabul qilganining alomatlari bor. Nashr suhbatdoshlaridan birining so‘zlariga ko‘ra, AQSH ma’lumotida sinagogada terakt tayyorlanayotgani keltirilgan. Ertasi kuni Rossiya Federal xavfsizlik xizmati ISHIDning Moskvadagi sinagogaga hujumining oldi olingani haqida xabar bergan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 2 aprel kuni Rossiya Tashqi razvedka xizmati direktori Sergey Narishkin AQSH razvedka xizmatlari Rossiyaga “Krokus Siti Holl”da terakt sodir etilishi ehtimoli haqida ma’lumot yuborgani, ammo bu juda umumiy bo‘lganini aytgandi.
LiveBarchasi
16:25