Qonli oqshom: Moskvadagi terakt Kreml ssenariysimi?

Tahlil

Moskvada terakt sodir etilganiga ham 6 kun bo‘ldi. Terakt oqibatida kamida 140 nafar odam halok bo‘lgan bo‘lsa, 360 dan ortiq kishi turli darajada jarohat oldi. Rossiya hukumati esa hujumdan o‘z siyosiy maqsadlari yo‘lida foydalanishga urinmoqda. Bu terrorning “kremlchilar tomonidan ataylab, ma’lum bir ssenariy asosida uyushtirilgani” haqidagi taxminlarni kuchaytirib boryapti. Gap shundaki, terakt oqibatida yuzaga kelgan vaziyatdan rasmiy Moskvaning manfaatlari bor. Xo‘sh, bu manfaat nimalardan iborat? Uning oqibatlari Prezident Vladimir Putinga qanday foyda keltiradi?  

Umuman olganda, so‘nggi haftalarda Rossiya haqidagi yangiliklar shubhali tusda edi: Muxolifat yetakchisi Aleksey Navalniyning o‘limi, prezident saylovi va Vladimir Putinning Ukrainaga qarshi urushni davom ettirishdagi shafqatsiz talabi. G‘arb mamlakatlari rossiyaliklarni saylov natijalarini tan olmaslikka chaqirayotgan bir paytda sodir etilgan terakt Putin uchun juda qo‘l keldi. Ayrim tahlilchilarning fikricha, u bu qirg‘indan “Ukrainadagi jinoyatlarini oqlash yo‘lida” foydalanyapti. 

Ukrainadagi urushni jadallashtirish

18 mart kuni Putin prezidentlik saylovida yana g‘alaba qozondi va saylovdan ikki kun o‘tiboq qo‘l ostidagilarga Ukrainadagi urushni jadallashtirish talabini qo‘ydi. Siyosatshunoslar bunday vaziyatda aholida umumiy dushmanga nisbatan nafratni oshirish va urushga bo‘lgan xayrixohlikni kuchaytirish kerakligini aytadi. Saylovdan bir necha kun keyin terakt uyushtirildi.

O‘zbekistondagi Iqtisodiy rivojlanishga ko‘maklashish markazi direktori Yuliy Yusupov terakt borasidagi shubhalarini bayon etar ekan, shunday deb yozdi:

“Moskvadagi dahshatli terakt. Bu sodir bo‘lishi haqida oldindan ogohlantirilgan Rossiya Federatsiyasi maxsus xizmatlarining to‘liq kelishuvi (yoki hamkorlikdami?) bilan (garchi Putler ogohlantirishni "shantaj" deb atagan bo‘lsa ham) bo‘ldi. Ular nima qilishni aniq biladigan va o‘ldirish, portlatish borasida professionallar ekani aniq. Chunki ular jinoyat joyidan qochishga ham muvaffaq bo‘ldi.

Va keyin bu "professionallar" aql bovar qilmaydigan narsalarni qilishni boshladi. Ular jinoyat sodir bo‘lgan joydan o‘zlari biroz avval kelgan mashinada ketishdi. Qayoqqa?  To‘ppa-to‘g‘ri "Ukrainaga qochish" uchun nazorat punktlari bilan to‘ldirilgan front chizig‘iga – Bryansk viloyatiga (Moskvada shunchaki yotish o‘rniga – ularni u yerda qanday topish mumkin?) Ular ahmoqona birinchi yo‘l politsiyasidan qochib ketadi va ma’lum bo‘lishicha, ular "professionallar" emas, balki tojikistonlik musofirlar bo‘lib chiqadi. Ularni Telegram orqali yollashgan va balki ular voqea joyidan Ukrainaga qochib ketish haqida ko‘rsatma olishgan shekilli...”, deydi Yusupov.

Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov AQSH Rossiyadagi terror xurujlari xavfi haqida ogohlantirganini rad etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kremlga razvedka ma’lumotlari berilmagan. Hozirda g‘arbliklar bilan hech qanday aloqa yo‘q. 

Ukraina Mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasi rahbari Kirill Budanov Rossiya razvedka xizmatlari "Krokus Siti Holl" konsert zalida sodir bo‘lgan terakt haqida oldindan bilganini aytmoqda. 

“15 fevralda Rossiya teraktga tayyorgarlik haqida bilgan. Bu ma’lumotlar guruhning Suriyadagi razvedka bo‘limi orqali o‘tgan. U yerdan Moskvaga yetgan. Ular g‘alati tarzda hammasi kutilmaganda sodir bo‘ldi, deb ertak aytishmasin. Nega ular bunga ruxsat berishganiga bir nechta variant bor. Birinchisi, ularning odati bo‘yicha, hozirda bir nechta amaldorlarni olib tashlash uchun “to‘siqlar” bor. Yana bir ehtimol, ular sodir bo‘ladigan voqealar ko‘lamini yetarlicha baholamagan. Ular bu ko‘proq mahalliy bo‘ladi, deb o‘ylashdi va hamma narsada Ukrainani ayblamoqchi bo‘lishdi”, deydi Budanov.

ISHIDning “Viloyati Xuroson” nomli terrorchilik guruhi qonli hujum uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olib, uning dahshatli tasvirlarini e’lon qilgan bo‘lsa-da, Kreml bunda Ukrainaning qo‘li borligiga ishora qilyapti. Xususan, Putin avvaliga isbot-dalilsiz terrorchilarning qochishi uchun Ukraina tomonidan chiqish yo‘lagi tayyorlab qo‘yilganini ta’kidladi. Dushanba kuni esa u jinoyat  “radikal islomchilar tomonidan sodir etilganini” aytdi, lekin yana Ukrainaga ishora qilib, jinoyatchilar Ukrainaga qochib ketishni rejalashtirganini da’vo qildi.

“Teraktni kim amalga oshirganini bilamiz, bizni uning buyurtmachisi qiziqtiradi”, degan Putin.

Uning aytishicha, Qo‘shma Shtatlar turli kanallar orqali o‘z ittifoqchilarini va dunyoning boshqa davlatlarini Moskvadagi teraktda Kiyevning qo‘li yo‘qligiga ishontirishga urinmoqda. U, shuningdek, razvedka xizmatlari javob berishi kerak bo‘lgan bir nechta savollarni sanab o‘tdi:

“Radikal islomchilar haqiqatan ham Rossiyaga zarba berishdan manfaatdormi? Musulmonlarning muqaddas Ramazon oyida ular qanday qilib terakt uyushtirishdi?”

Rossiya muxolifatining Latviyada joylashgan “Meduza” axborot saytining davlat ommaviy axborot vositalari xodimlariga tayanib xabar berishicha, Rossiya axborot agentliklariga hujumlarda Ukrainaning ehtimoliy aloqadorligini ta’kidlash buyurilgan.

“Aslida Rossiya elitasi va Putinga yaqin ko‘riladigan shaxslarning o‘zi ham Ukrainaning “Krokus Siti Holl” konsert zalidagi teraktga aloqadorligi haqida hech qanday dalil yo‘q, deb hisoblaydi. Rossiya siyosiy va biznes elitasining deyarli hech biri hujum ortida Ukraina turganiga ishonmaydi”, deb yozdi “Bloomberg” nashri Kremlga yaqin manbalariga tayanib.

“Bloomberg” suhbatdoshlaridan birining so‘zlariga ko‘ra, Putin qatnashgan uchrashuvlarda rasmiylar teraktning Ukraina bilan aloqasi yo‘q degan fikrga kelgan. Biroq Rossiya Prezidenti hali ham “fojiadan foydalanib, rossiyaliklarni Ukraina bilan urushga jalb etish niyatida”.

Federal xavfsizlik xizmati direktori Aleksandr Bortnikovning ta’kidlashicha, teraktda Ukrainaning qo‘li borligi haqidagi ma’lumotni qidirishga kirishgan:

“Biz qo‘lga olgan jinoyatchilardan olingan birlamchi ma’lumotlar buni tasdiqlaydi. Shuning uchun biz Ukraina tomonining ishtirok etgani haqiqat yoki yo‘qligini isbotlovchi ma’lumotni ko‘proq qidiramiz. Har holda, hozircha aynan shunday deyishga asos bor”, deydi Bortnikov.

O‘z navbatida, Rossiya xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev jurnalistlarning “ISHID yoki Ukraina?” savoliga “Albatta, Ukraina” deb javob bergan.

Ukraina Krokusdagi teraktga aloqadorligini rad etadi. Prezident Vladimir Zelenskiy Putinning taxminlari haqida gapirar ekan, Rossiya yetakchisini “kasal va beadab maxluq” deb atadi:

“Uning o‘zidan boshqa hamma odam terrorchi, garchi u yigirma yildan buyon terror bilan oziqlanayotgan bo‘lsa ham. U va uning maxsus xizmatlari terror uchun katta namunadir”, deydi Ukraina rahbari.


Migrantlar muammosi

Rossiya maxsus kuchlari Krokusdagi teraktda gumonlangan 4 nafar Tojikiston fuqarosini hibsga oldi. Shuningdek, 2 nafar ayblanuvchi qo‘lga olish chog‘ida vafot etgan. Ularning barchasi kaltaklangan, bir nafari sudga nogironlar aravachasida olib kelindi. Ba’zi siyosatchilarning fikriga ko‘ra, teraktni tojikistonliklar qo‘li bilan uyushtirilishida ham ma’no bor.
 
Gap shundaki, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon 2022 yil 14 oktyabr kuni Ostanada o‘tkazilgan “Markaziy Osiyo-Rossiya” sammitida Rossiya Prezidentidan Markaziy Osiyo respublikalariga SSSR vaqtida bo‘lganidek muomala qilmaslikni so‘ragan edi.

“Ha, biz kichik xalqlarmiz. Biz 100−200 mln emasmiz. Biroq biz sevadigan tariximiz bor. Bizni hurmat qilishlarini istaymiz. Biz tilanchi emasmiz. Bizning davlatimiz boy... Biz har doim asosiy strategik hamkorimiz manfaatlarini hurmat qilganmiz va hurmat qilamiz. Biroq biz ham hurmat qilishlarini xohlaymiz… Nima, biz qandaydir begonamizmi? U yerda (Rossiyada) ular shunchaki pul topishmayapti, balki ishlashyapti ham. Vladimir Vladimirovich, bizning sizdan iltimosimiz shuki, Markaziy Osiyo mamlakatlariga nisbatan Sovet Ittifoqi davrida bo‘lgani kabi siyosat yuritilmasin. Har bir davlatning o‘z muammosi, har bir davlatning o‘z masalalari, har bir davlatning o‘ziga xos an’ana va odatlari bor. Oltin o‘rtalikni topish kerak, har bir respublika bilan alohida ishlash kerak”, degan edi Imomali Rahmon.

Terakt sodir etilganidan uncha ko‘p vaqt o‘tmay, jinoyatda gumonlanuvchi tojikistonliklar qo‘lga olinganda Prezident Rahmon Putin bilan telefon orqali muloqot qilib, unga hamdardlik bildirdi va terrorchilarning millati bo‘lmasligini aytdi.

Qo‘lga olingan tojikistonliklarning suratlari va tasvirlari e’lon qilingach, jamoatchilikning kattagina qismi teraktni ular uyushtirganiga ishonmadi. Ijtimoiy tarmoqlarda yozilgan minglab izohlarda bu orqali tojikistonliklarga tuhmat qilinayotgani aytilyapti.

Jurnalist Shuhrat Barlos ham Facebook sahifasida “terroristlar”ning suratini joylar ekan, ularning aybdorligiga ishonmasligini bildirgan.
“To‘rtta bechora tojikni urib, qiynab, qulog‘ini kesib, o‘ziga yedirish usuli bilan jinoyatni “o‘zim qildim” deb tan oldirish, aslida, unchalik qiyin ish emas. Muhimi, kuch ishlatar tizimdagilar uchun “bu jinoiy ish ochildi” degan raport kerak. Bu shuning uchun ishlatilgan postanovka ekani, aqli va hushi joyida odamga ko‘rinib turibdi”, deb yozadi jurnalist.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda 2 milliondan ortiq Tojikiston fuqarosi Rossiyada mehnat qiladi. Migrantlar muammosi esa “kremlchilar” uchun doimo boshog‘riq bo‘lib kelgan. Rossiyalik deputatlar, amaldorlar, umuman olganda, elita qatlami necha yildirki markaziy osiyolik ishchilardan yozg‘irib keladi.

Endi Kreml migrantlarga qarshi bemalol reydlar o‘tkazishi, ularni qamashi va Rossiya fuqaroligini olmoqchi bo‘lgan muhojirlarni “o‘z ixtiyori bilan” urushga yuborishi mumkin. Moskva migrantlarga viza rejimi joriy etishni rejalashtirmoqda. Bir necha yil avval xuddi shu taklifni bildirgan Navalniy “millatchi”ga chiqarilgan edi, endi esa viza rejimini joriy etish uchun ularda “yetarlicha asos” bor.

Bundan tashqari, Rossiyaning Novgorod viloyatida patent asosida ishlaydigan chet elliklar spirtli ichimliklar sotishi, avtobus va taksi haydovchisi sifatida ishlashi taqiqlandi. Ish beruvchilar ushbu toifadagi xodimlarni 26 iyungacha ishdan bo‘shatishlari kerak. Ilgari migrantlarga sanoatning ayrim tarmoqlarida ishlashini taqiqlash Chelyabinsk, Magadan, Kaliningrad, Tula, Novosibirsk, Tyumen va Kaluga viloyatlarida, shuningdek, Xanti-Mansi avtonom okrugi – Yugra va Yakutiyada joriy qilingan edi.

Soxta saylov mavzusini yopish

Rossiyada 15-17 mart kunlari prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tdi va unda Putin 87 foizdan ortiq ovoz to‘plab, g‘olib bo‘ldi. Bu uning beshinchi marta prezident etib saylanishidir. U mamlakatni 25 yildan buyon boshqarib kelmoqda. So‘nggi yillarda uning siyosatiga nisbatan norozi kayfiyatdagi odamlar safi ham kengayyapti. Ayniqsa, urushda talafot ko‘rgan, yaqinlarini yo‘qotganlar soni ortar, muxolifatchi kuchlar odamlarni ko‘proq o‘z g‘oyalariga ergashtirar ekan, jamoatchilikni manipulyatsiya qilish uchun shunga o‘xshash voqealar kerak bo‘lib qoladi.

Aleksey Navalniy Rossiya shimolidagi qamoqxonalardan birida shubhali tarzda vafot etgach, uning rafiqasi Yuliya Navalnaya turmush o‘rtog‘ining ishlarini davom ettirishini aytib, Rossiya xalqiga murojaat qilgan edi:

“…Biz har bir imkoniyatdan foydalanishimiz, urushga, korrupsiyaga, nohaqlikka qarshi kurashishimiz kerak. Vatanimizni o‘zimizga qaytib berishlari uchun kurashishimiz lozim... Kurashing va taslim bo‘lmang. Men qo‘rqmayman, siz ham qo‘rqmang”, degan edi u.

U, shuningdek, Yevropa Ittifoqi kengashiga yo‘llagan murojaatida Rossiyadagi prezidentlik saylovlarini tan olmaslikka chaqirdi. Navalnayaning aytishicha, asosiy siyosiy raqibini o‘ldirgan Prezident qonuniy bo‘lishi mumkin emas.

AQSH, bir nechta G‘arb mamlakatlari, Yaponiya Ukrainaning vaqtincha bosib olingan hududlarida Rossiya uyushtirgan soxta saylovlar natijalarini hech qachon tan olmasligini aytdi. Ba’zi versiyalarga ko‘ra, Krokus terakti saylov natijalaridan norozilik mitinglari kuchayib ketmasligi uchun omma e’tiborini chalg‘itishga xizmat qiladi.
 
Putinning obro‘sini oshirish

1999 yilning sentyabrida, Putin hali ham bosh vazir bo‘lgan paytda Rossiyaning ko‘plab shaharlarida qator turarjoy binolarida portlashlar sodir etildi. Unda 307 nafar odam halok bo‘ldi. Moskva aybni chechen bo‘lginchilariga yuklagan bo‘lsa-da, ba’zilar buni Rossiya xavfsizlik amaldorlari tomonidan uyushtirilgan "soxta bayroq" operatsiyasi deb taxmin qiladi.

Britaniya surishtiruviga ko‘ra, hujumlar uyushtirilgani va Ryazan “FXX fiaskosi” bo‘lganini da’vo qilib kitob yozgan sobiq KGB zobiti Aleksandr Litvinenko keyinchalik Londonda FXXning ikki sobiq agenti tomonidan o‘ldirilgan.

1999 yil sentyabr oyida Moskvadan 200 kilometr uzoqlikda joylashgan Ryazan shahrida sodir bo‘lgan voqea, ayniqsa, shubhali edi. Ko‘p qavatli uyda yashovchi insonlar o‘zlari tanimagan odamlarning Moskva davlat raqamida bo‘lgan mashinada kelganini va yerto‘lasiga sumka qo‘yib ketganini payqab qolgan. Huquq-tartibot idoralari xodimlari sumkalarda kukunli modda va taymer borligini aniqlagan.

OAV xabarlariga ko‘ra, sumkalarda boshqa portlashlarda ishlatilgani singari geksogen bo‘lgan. Ko‘pchilik buni Rossiya xavfsizlik xizmati portlashlar ortida turgani va yana bir portlash uyushtirmoqchi bo‘lganining isboti sifatida qabul qilgan.

O‘sha paytdagi FXX boshlig‘i, hozirda Putinning xavfsizlik bo‘yicha bosh maslahatchisi Nikolay Patrushev bu ayblovlarni rad etadi: 

“Bu mashg‘ulot edi. Shakar bor edi, portlovchi modda yo‘q edi. Bunday mashqlar Ryazandan tashqarida ham o‘tkaziladi”, deydi u.

Qanday qilib Putin bundan o‘z manfaati uchun foydalandi? 1999 yildagi portlashlar o‘sha paytdagi Rossiya bosh vaziri Putinni hokimiyat cho‘qqisiga olib chiqdi. U chechen isyonchilarini ayblagach, Moskva 14 sentyabrdan boshlab Chechenistonni o‘qqa tutdi va mintaqa bilan ikkinchi qonli urush boshlandi. "Ularni uyida yo‘q qilishga" va’da bergan Putin o‘zini kuchli lider sifatida ko‘rsatdi. Checheniston operatsiyasi uning mashhurligini sezilarli darajada oshirdi va 2000 yil 26 martda Prezident etib saylanishiga olib keldi.

Hujumga uchraganlardan biri olgan videotasvirni tahlil qilgan mustaqil media tashkilotlari konsert zalida bir xilda ko‘k jemper va jinsi shim kiygan, rusiyzabon, “osiyolik” emas, balki slavyan qiyofadagi erkaklarni payqab qoldi va ularni FXX xodimlari deb taxmin qilmoqda. 

Fevral oyidagi intervyuda amerikalik jurnalist Taker Karlsonning “Shimoliy oqim”ni kim portlatgani haqidagi savoliga javob berar ekan, Putin kim bundan manfaatdor va kimning Boltiq dengizi tubida portlashni tashkil qilish uchun texnik imkoniyatlari borligini ko‘rib chiqish kerakligini ta’kidlagan edi. Agar Putinning nazariyasidan kelib chiqsak, Moskvadagi teraktda ham kimning ko‘proq texnik imkoniyatlarga ega ekani va kim bundan manfaatdorroqligini ko‘rib chiqish kifoya.
 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing