AQSH Rossiya bilan qaysi sohalarda hamkorlik qilishga tayyorligini ma’lum qildi
Olam
−
14 iyun 2021
6996AQSH Rossiya bilan Suriya va Arktika masalasida hamkorlik qilishga tayyor. Bu haqda AQSH Prezidentining Milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi Jeyk Sallivan aytib o‘tdi. Bu haqda Oq uy matbuot xizmati xabar berdi.
“Strategik barqarorlik masalasi bor. Suriya va insonparvarlik yo‘llari masalasi bor. Arktika bilan bog‘liq masalalar mavjud. Rossiya bilan ishlash uchun asos topishga manfaatlarimizga mos keladigan boshqa sohalar ham bor”, degan Sallivan.
Unga ko‘ra, agar Moskva Amerika davlatiga qarshi zararli harakatlardan foydalanishga urinsa, Vashington ham javob qaytarmay qo‘ymaydi.
Avvalroq, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Shveysariyada o‘tkaziladigan AQSH-Rossiya sammitining asosiy maqsadini ma’lum qilgandi.
Eslatib o‘tamiz, AQSH Prezidenti Jo Bayden va Rossiya rahbari Vladimir Putin bir necha kunlardan keyin, aniqrog‘i 16 iyunda Shveysariyaning Jenevasida yuzma-yuz uchrashishi kutilmoqda.
Vladimir Vladimirovich amerikalik jurnalistga bergan intervyusida AQSHning sobiq Prezidenti Donald Trampdan farqli ravishda Jo Baydenni haqiqiy siyosatchi va professional, deb bilishini aytgandi.
Ma’lumot o‘rnida, yaqinda Rossiya va AQSH davlat rahbarlari o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan uchrashuvga Shveysariya qattiq tayyorgarlik ko‘rmoqda. Uchrashuv XVIII asrga oid qasrda bo‘lib o‘tadi. Xavfsizlikka ham alohida e’tibor qaratilgan. O‘sha kuni mahalliy aholining ko‘chaga chiqmasligi so‘ralgan va hatto uchrashuv vaqtida mamlakat havo hududi parvozlar uchun yopilishi aytilgan.
LiveBarchasi