AQSH ortidan Xitoy ham Kobuldagi portlashlarga munosabat bildirdi

Olam

image
0:00
0:00
download

Xitoy ekstremizmning har qanday turiga qarshi va ko‘plab qurbon hamda jarohatlar olib kelgan Kobuldagi portlashni qat’iyan qoralaydi. Bu haqda Xitoy Xalq Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi vakili Xua Chuninning bugun, 9 may kuni e’lon qilingan bayonotida so‘z boradi.

“Biz hujumdan qattiq hayratda qoldik va ushbu zo‘ravonlik harakatini qat’iyan qoralaymiz”, deyiladi bayonotda.

Foto: Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vakili Xua Chunin

Qayd etilishicha, Xitoy qurbonlarning yaqinlari va oila a’zolariga chuqur hamdardlik bildirgan.

“Xitoy tomoni har doim zo‘ravonlik va ekstremizmining har qanday turiga qat’iy qarshi chiqdi va Afg‘oniston hukumati hamda xalqini terrorizmga qarshi kurashda, iloji boricha tezroq tinchlikka erishishda, milliy xavfsizlik va barqarorlikni himoya qilishda unga yordam berish uchun xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlik qilishga tayyor”, deyiladi bayonotda.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 8 may kuni Afg‘oniston poytaxti Kobulda qator portlashlar yuz berdi. Oqibatda kamida 55 kishi halok bo‘ldi, 150 ga yaqin jarohatlandi. Voqea shahar maktablaridan birida sodir bo‘lgan va vafot etganlarning asosiy qismini 11-15 yoshdagi o‘quvchi qizlar tashkil etgan.

Avvalroq Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘ani voqeani terakt (terrorchilik harakati) deb baholagan va bunda “Tolibon” harakatini ayblagan edi. Bunga javoban, “Tolibon” o‘zlarining portlashlarga aloqasi yo‘qligini aytib, voqeani qoraladi. Bugun esa ushbu voqea yuzasidan mamlakat Prezidenti 11 mayni milliy motam kuni deb e’lon qildi.

O‘z navbatida, AQSH ushbu fojia yuzasida munosabat bildirib, vafot etgan maktab o‘quvchilarining yaqinlariga hamdardlik bildirdi.

Foto: Kobuldagi maktabda yuz bergan portlash oqibatida jarohatlangan maktab o‘quvchilari

Bundan avval, may oyining boshida mamlakatning Logar viloyatida ham bomba portlashi oqibatida kamida 30 kishi halok bo‘lib, 60 ga yaqin odam jarohat olgandi. Bu voqea Amerika koalitsiyasi qo‘shinlarining Afg‘onistondan chiqarilishi boshlangan kunning ertasiga yuz berdi.

Ma’lumot o‘rnida, 2020 yil fevral oyi oxirida AQSH va “Tolibon” tinchlik shartnomasini imzolagandi. Kelishuvlarga ko‘ra, Amerika qo‘shinlari shartnoma tuzilganidan 14 oy o‘tgach, aniqrog‘i 2021 yilning mayigacha Afg‘onistonni tark etishi kerak edi. 

Foto: Kobuldagi maktabda yuz bergan portlash oqibatida halok bo‘lgan maktab o‘quvchilari

Biroq, bu jarayon Amerika tomonidan kechiktirildi. 14 aprel kuni mamlakat Prezidenti Jo Bayden AQSHning Afg‘onistondagi missiyasi yakunlangani va 1 maydan boshlab mamlakatdan qo‘shinlarini olib chiqishni boshlashini e’lon qildi. Unga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar bu davlatdagi harbiylarini 2021 yil 11 sentyabrga qadar olib chiqib ketadi. Afg‘oniston rasmiylariga ko‘ra, o‘shandan beri “Tolibon” mamlakat bo‘ylab hujumlarni kuchaytirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Xitoy Kobul

Baholaganlar

234

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing