AQSH Kobulda yuz bergan qator portlashlar yuzasidan munosabat bildirdi
Olam
−
09 may 2021
6501AQSH kecha, 8 may kuni Kobul shahridagi maktabda yuz bergan portlashlarni qoraladi va Afg‘onistondagi zo‘ravonlikni hamda tinch aholiga qarshi hujumlarni to‘xtatishga chaqirdi. Bu haqda AQSH Davlat departamenti Matbuot xizmati rahbari Ned Praysning yozma bayonotida so‘z boradi.
“Qo‘shma Shtatlar Afg‘onistonning Kobul shahridagi qizlar maktabiga qilingan vahshiy hujumni qoralaydi. Biz qurbon bo‘lganlarning oila a’zolariga hamdardlik bildiramiz. Begunoh, tinch aholiga qarshi zo‘ravonlik va bema’ni hujumlarni zudlik bilan to‘xtatishga chaqiramiz. So‘nggi yigirma yil ichida erishilgan yutuqlar ko‘kka sovurilmasligining qat’iy tarafdori bo‘lgan Afg‘oniston xalqini qo‘llab-quvvatlaymiz va ular bilan hamkorlik qilishni davom ettiramiz”, deydi diplomat.
Foto: Kobuldagi maktabda yuz bergan portlash oqibatida jarohatlangan maktab o‘quvchilari
Eslatib o‘tamiz, kecha, 8 may kuni Afg‘oniston poytaxti Kobulda qator portlashlar yuz berdi. Oqibatda kamida 40 kishi halok bo‘ldi, 60 ga yaqin jarohatlandi. Voqea shahar maktablaridan birida sodir bo‘lgan va vafot etganlarning asosiy qismini 11-15 yoshdagi o‘quvchi qizlar tashkil etgan.
Bundan avval, may oyining boshida mamlakatning Logar viloyatida ham bomba portlashi oqibatida kamida 30 kishi halok bo‘lib, 60 ga yaqin odam jarohat olgandi. Bu voqea Amerika koalitsiyasi qo‘shinlarining Afg‘onistondan chiqarilishi boshlangan kunning ertasiga yuz berdi.
Foto: Kobuldagi maktabda yuz bergan portlash oqibatida halok bo‘lgan maktab o‘quvchilari
Ma’lumot o‘rnida, 2020 yil fevral oyi oxirida AQSH va “Tolibon” tinchlik shartnomasini imzolagandi. Kelishuvlarga ko‘ra, Amerika qo‘shinlari shartnoma tuzilganidan 14 oy o‘tgach, aniqrog‘i 2021 yilning mayigacha Afg‘onistonni tark etishi kerak edi.
Biroq, bu jarayon Amerika tomonidan kechiktirildi. 14 aprel kuni mamlakat Prezidenti Jo Bayden AQSHning Afg‘onistondagi missiyasi yakunlangani va 1 maydan boshlab mamlakatdan qo‘shinlarini olib chiqishni boshlashini e’lon qildi. Unga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar bu davlatdagi harbiylarini 2021 yil 11 sentyabrga qadar olib chiqib ketadi. Afg‘oniston rasmiylariga ko‘ra, o‘shandan beri “Tolibon” mamlakat bo‘ylab hujumlarni kuchaytirgan.
LiveBarchasi