AQSH norasmiy ravishda Isroilga Eronga hujum uchun “yashil chiroq” yoqqan – OAV

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati omma oldidagi Isroil va Eron o‘rtasidagi mojaroga aralashmaslik pozitsiyasiga qaramay, norasmiy kanallar orqali Isroilga keng ko‘lamli hujumga rozilik bergan. Bu haqda isroillik rasmiy manbalarga tayanib, “Axios” nashri xabar berdi.

Manbalarning so‘zlariga ko‘ra, Tramp jamoatchilikka Isroil hujumini to‘xtatmoqchi bo‘lgandek ko‘ringan, jumladan Binyamin Netanyaxu bilan suhbat paytida ham bunday kayfiyat bildirgan. Biroq aslida AQSH va Isroil o‘zaro harakatlarni muvofiqlashtirgan.

“Bizda AQSHdan aniq bir “yashil chiroq” bo‘lgan”, degan “Axios” manbalaridan biri.

Boshqa bir isroillik rasmiyning ta’kidlashicha, Vashingtonning ommaviy bayonotlari Eronni hujumning yuz berishiga ishonmaslikka undash uchun mo‘ljallangan.

Bugun, 13 iyun kuni Trampning o‘zi Isroil hujumidan keyin Eronni yadro kelishuvini darhol imzolashga chaqirdi.

“Aks holda vaziyat faqat yomonlashadi. Eron o‘z imperiyasining qolgan qismini saqlab qolish uchun hozir harakat qilishi kerak. O‘lim va vayronagarchilikni to‘xtatish zarur. Kech bo‘lmasidan oldin bu ishni qiling”, deb yozdi u o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.

Qayd etish joiz, AQSH va Eron o‘rtasidagi yadro dasturi borasidagi muzokaralar davom etayotgan edi. Xususan, AQSH maxsus vakili Stiv Uitkoff joriy yilning 15 iyun Ummon poytaxti Maskatda Eron Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Abbos Aroqchi bilan uchrashishi kerak edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil Eronning “yadroviy dasturiga qarshi” profilaktik zarba berganini e’lon qilgan edi. Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning aytishicha, operatsiyaning maqsadi “Eron yadroviy infratuzilmasiga, ballistik raketa ishlab chiqaruvchi zavodlariga va harbiy salohiyatiga zarar yetkazish” bo‘lgan.

Hujum oqibatida Eron islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi qo‘mondoni general-mayor Husayn Salamiy halok bo‘ldi. IRNA va “Tasnim” axborot agentliklari xabariga ko‘ra, shuningdek, Eron Atom energiyasi tashkilotining sobiq rahbari Fereydun Abbosiy va Islomiy Ozod universiteti prezidenti Muhammad Mehdi Tehronchiy ham vafot etgan.

Eronning davlat IRIB telekanali ham Natanzdagi yadroviy dastur uchun muhim bo‘lgan ob’ektlarda bir nechta portlashlar sodir bo‘lganini xabar qildi.

Eron hukumati esa Isroil tomonidan o‘z hududiga uyushtirilgan, tinch aholi, jumladan, olimlar va harbiylar halok bo‘lgan zarbalariga qattiq javob berishini ma’lum qildi.

O‘zbekistonning Eron va Isroildagi elchixonalari ushbu mamlakatlardagi fuqarolarga ogohlantirish bilan chiqib, qat’iy ehtiyot choralarini ko‘rishga chaqirdi. Shuningdek, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ham fuqarolarga tegishli murojaat bilan chiqdi.

Shuningdek, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Isroilning Eron yadroviy ob’ektlariga bergan zarbalaridan xavotir bildirib, tomonlarni bosiqlikka chaqirdi. 


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Eron-Isroil yadroviy dastur

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing