Eron Isroilga qat’iy javob berishni va’da qildi

Olam

image
Eron Isroilga 100 dan ortiq dron uchirdi (video) north_east

Eron Isroilga 100 dan ortiq dron uchirdi (video)

Eron hukumati Isroil tomonidan o‘z hududiga uyushtirilgan, tinch aholi, jumladan, olimlar va harbiylar halok bo‘lgan zarbalariga qattiq javob beradi. Bu haqda Eron hukumatining tegishli bayonotida so‘z boradi.

“Bugun biz barchamiz, Eron xalqi, hukumati va rahbariyati sionistlar terrorchi va bosqinchi ekanini baland ovozda va qat’iy e’lon qilishimiz mumkin. Javob berishga haqlimiz va biz buni beramiz. Hech qanday ichki kelishmovchiliklarsiz biz bu terrorchi rejimga qattiq javob beramiz”, deyiladi bayonotda.

Qayd etilishicha, Isroilning Eronga bergan tungi zarbasi tinch aholi, harbiy qo‘mondonlar va muhtaram olimlarning hayotiga zomin bo‘lishi Netanyaxu rejimi hech qanday xalqaro norma va qoidalarni tan olmasligini yana bir bor tasdiqlagan.

Eron hukumati “Isroil bilan faqat kuch ishlatish tilida gaplashish mumkinligini” ta’kidlab, respublika rasmiylari “Isroilni qilgan ishidan pushaymon bo‘lish uchun mudofaa, diplomatik va huquqiy choralar ko‘ra boshlaganini” ta’kidladi.

Eronning BMTdagi doimiy vakolatxonasi Isroilning tungi hujumi munosabati bilan BMT Xavfsizlik kengashini favqulodda yig‘ilish o‘tkazishni so‘radi.

“Sionistik rejim ehtiyotsiz, noqonuniy va qasddan qilingan bosqinchilik harakatida Eron Islom Respublikasidagi yadroviy inshootlar va fuqarolik infratuzilmalariga bir qator muvofiqlashtirilgan harbiy hujumlar uyushtirdi. Ushbu harakatlar BMT Nizomi va xalqaro huquqning asosiy tamoyillarini ochiqdan-ochiq buzish hisoblanadi va ularning xavfli oqibatlari mintaqaviy va xalqaro tinchlik va xavfsizlikka jiddiy tahdid soladi”, deyiladi doimiy vakolatxona rahbari Amir Said Iravoniyning Xavfsizlik kengashi raisiga yo‘llagan maktubida.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 13 iyunga o‘tar kechasi Isroil Eronning bir qator yadro ob’ektlari va yuqori qo‘mondonlik binolariga hujum qilganini xabar qilgan edi. Ushbu hujum oqibatida bir qator eronlik qo‘mondonlar va yadroviy tadqiqotlar bo‘yicha olimlar halok bo‘lgani aytilmoqda.

Xususan, Eron Qurolli kuchlari bosh shtabi boshlig‘i general-polkovnik Muhammad Bag‘iriy, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) bosh qo‘mondoni Huseyn Salamiy hamda Eron Oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiyning maslahatchisi Ali Shamxoniy o‘ldirilgan bo‘lishi mumkin. Ularning o‘rniga esa yangi qo‘mondonlar tayinlangan.

Buning ortidan endi Isroilga raketa otilishi mumkinligi munosabati bilan O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi ushbu mamlakatdagi o‘zbekistonliklarga tezkor ehtiyot choralarini ko‘rishni qat’iy tavsiya qilmoqda. Eron Islom Respublikasida istiqomat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolaridan ham xavfsizlik choralariga qat’iy rioya qilish so‘ralmoqda.

Shuningdek, Eron havo hududining yopilishi munosabati bilan bir nechta reyslar Toshkentdagi muqobil aerodromga yo‘naltirildi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Isroil

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing