Eron Isroilga 100 dan ortiq dron uchirdi (video)

Olam

image

Bugun, 13 iyun kuni Isroilning harbiy hujumiga javoban Eron Isroilga qarshi 100 dan ortiq Shahed-136 dronlarini uchirdi. Bu haqda Isroil armiyasi (SAXAL) vakili, brigada generali Effi Defringa tayanib, “The Times of Israel” nashri xabar berdi.

General Defringa ko‘ra, so‘nggi bir necha soat ichida Eron tomonidan Isroilga qarshi 100 dan ortiq dron jo‘natilgan. Hozirda Isroil armiyasi ularni urib tushirish ustida ishlamoqda. Defrinning tushuntirishicha, Eron hududidan uchirilgan bu dronlarning Isroilga yetib borishi uchun bir necha soat kerak bo‘ladi. 

Xususan, ma’lumotlarga ko‘ra, Erondan Isroilgacha uchish vaqti:

  • dronlar – 7-9 soatgacha;
  • ballistik raketalar – 12 daqiqa;
  • qanotli raketalar – 2 soat.

Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda Eron dronlarining Isroil tomon harakatlanayotgani aks etgan videolar paydo bo‘lgan.

Shu bilan birga, Isroilda aholi Eronning ehtimoliy hujumiga tayyorgarlik ko‘rmoqda – odamlar oziq-ovqat mahsulotlari zaxirasi uchun ommaviy tarzda supermarketlarga yo‘l olmoqda. Bunday holat, ayniqsa, odatda juma kuni kechdan shanba kechgacha yopiq bo‘ladigan do‘konlar fonida yuz bermoqda, chunki bu vaqt yahudiylarning “Shabbat” bayramiga to‘g‘ri keladi.

Bungacha Isroil Mudofaa vaziri Isroil Kats mamlakatda favqulodda holat e’lon qilgan. Unga ko‘ra, armiya Eronning ehtimoliy javob hujumiga tayyorlanmoqda. SAXAL tomonidan e’lon qilingan tartibga ko‘ra, soat 03:00 dan boshlab butun mamlakat bo‘ylab ommaviy yig‘ilishlar, o‘qish va ishlab chiqarish faoliyati taqiqlanadi. Isroil bo‘ylab xavf signal sirenalari yangramoqda.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 13 iyunga o‘tar kechasi Isroil Eronning bir qator yadro ob’ektlari va yuqori qo‘mondonlik binolariga hujum qilganini xabar qilgan edi. Ushbu hujum oqibatida bir qator eronlik qo‘mondonlar va yadroviy tadqiqotlar bo‘yicha olimlar halok bo‘lgani aytilmoqda.

Xususan, Eron Qurolli kuchlari bosh shtabi boshlig‘i general-polkovnik Muhammad Bag‘iriy, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) bosh qo‘mondoni Huseyn Salamiy hamda Eron Oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiyning maslahatchisi Ali Shamxoniy o‘ldirilgan bo‘lishi mumkin. Ularning o‘rniga esa yangi qo‘mondonlar tayinlangan.

Buning ortidan endi Isroilga raketa otilishi mumkinligi munosabati bilan O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi ushbu mamlakatdagi o‘zbekistonliklarga tezkor ehtiyot choralarini ko‘rishni qat’iy tavsiya qilmoqda. Eron Islom Respublikasida istiqomat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolaridan ham xavfsizlik choralariga qat’iy rioya qilish so‘ralmoqda.

Shuningdek, Eron havo hududining yopilishi munosabati bilan bir nechta reyslar Toshkentdagi muqobil aerodromga yo‘naltirildi.


Maqola muallifi

Teglar

dron Eron-Isroil TsAXAL Isroil Kats Shahed-136 Effi Defrin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing