AQSHda maymunchechakdan ilk o‘lim qayd etildi
Olam
−
30 avgust 2022
3230AQSHning Texas shtatidagi shifokorlar maymunchechak bilan kasallangan bemorning o‘limi haqida xabar berdi. Bu AQSHda kasallik qayd etilganidan beri birinchi o‘limdir.
Marhum Xarris okrugida yashovchi bo‘lib, u qator kasalliklardan aziyat chekkan. Mahalliy sog‘liqni saqlash departamentining ma’lumotiga ko‘ra, bemorning o‘limiga asosiy sabab maymunchechakmi yoki yo‘q, aniq emas va o‘limdan keyingi ekspertiza natijalari keyinroq e’lon qilinadi.
AQSH Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish federal markazlarining ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda mamlakatda maymunchechak infeksiyasining 18 mingdan ortiq holati qayd etilgan. Kasallanganlar soni bo‘yicha yetakchi shtatlari Kaliforniya va Nyu-York bo‘lib, ularda mos ravishda 3291 va 3197 ta holat qayd etilgan. Texas shtatida, so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, maymunchechak bilan kasallangan 1604 ta bemor aniqlangan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 avgust kuni Qo‘shma Shtatlar maymun chechagini sog‘liqni saqlash bo‘yicha favqulodda holat deb e’lon qilishga qaror qilgandi.
Aytish joizki, joriy yilning 23 iyul kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) maymun chechagi kasalligini sog‘liqni saqlash uchun global favqulodda holat (FH) deb e’lon qildi. O‘sha vaqtga 75 mamlakatda 16 000 dan ortiq holat ma’lum edi. Ko‘plab holatlar Yevropa va Amerikada aniqlangan.
Yevropada maymun chechagidan birinchi o‘lim holati Ispaniyada, Osiyoda esa Hindistonda qayd etilgan edi.
Ma’lumot o‘rnida, maymun chechagi kam uchraydigan virusli kasallik bo‘lib, asosan yovvoyi hayvonlardan odamlarga yuqadi. Kasallikning belgilari isitma, bosh og‘rig‘i, mushak og‘rig‘i, bel og‘rig‘i, limfa tugunlari shishishi, titroq va charchoqni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, yuz va tananing boshqa qismlarida teri toshmasi ham paydo bo‘lishi mumkin. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, maymun chechagi epidemiyasi uchun o‘lim darajasi odatda 1 foizdan 10 foizgacha, o‘limning aksariyati yosh guruhlarda sodir bo‘ladi.