Rossiyada maymunchechak aniqlandi

Olam

image

Rossiyaning Moskva viloyatida istiqomat qiluvchi shaxsda maymunchechak kasalligi aniqlanib, u Domodedovo shifoxonasiga yotqizildi. Bu haqda kecha, 1 fevral kuni ushbu Tibbiyot muassasasi matbuot xizmati xabar berdi. 

Qayd etilishicha, bemorning ahvoli qoniqarli, u bilan simptomatik davolash olib borilmoqda. Rospotrebnadzor yuqtirish manbai va bemor bilan aloqada bo‘lgan shaxslarni aniqlash maqsadida epidemiologik tekshiruv o‘tkazmoqda.

Bemor kecha, 1 fevral kuni tana harorati 40 darajagacha ko‘tarilgach, shifoxonaga olib borilgan. Ungacha u shamolladim, deb o‘ylab, uy sharoitida davolangan. Kasallangan shaxs chet elga chiqmaganini va jamoat hammomlariga bormaganini aytmoqda. Unga ko‘ra, yuqtirish manbai noma’lum.

Ma’lumot uchun, maymunchechak – isitma, limfa tugunlarining kattalashishi va terida toshmalar bilan kechadigan virusli kasallikdir. U zararlangan hayvon yoki inson bilan yaqin aloqada bo‘lish, biologik suyuqliklar yoki ifloslangan buyumlar orqali yuqadi.

Kasallik asosan Markaziy va G‘arbiy Afrikaning chekka hududlarida keng tarqalgan. Maymunchechakning so‘nggi yirik avj olishi 2024 yilda Kongo Demokratik Respublikasida boshlangan bo‘lib, oqibatda 80 mingdan ortiq kishi kasallangan, 1,3 ming nafari vafot etgan. Infeksiya tarqalishiga qarshi kurash doirasida mintaqada favqulodda holat rejimi joriy etilgan va u 2026 yil yanvar oyi oxirida bekor qilingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hindistonda Nipah nomli xavfli virus aniqlangani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya maymunchechak

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing