Ozarbayjonda ham maymunchechak bilan kasallanish holati aniqlandi
Olam
−
18 yanvar
806Ozarbayjonda maymunchechak virusi bilan kasallanishning birinchi holati aniqlandi. Bu haqda mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Vazirlik va Tibbiyot hududiy birliklarini boshqarish uyushmasining qo‘shma bayonotida aytilishicha, 22 yoshli Ozarbayjon fuqarosi shu yilning 2 yanvaridan 11 yanvariga qadar chet elda sayyohlik safarida bo‘lgan. Qaytganidan bir necha kun o‘tgach, u Bakudagi klinikalardan biriga holsizlik, isitma, tana a’zolarda pufakchali toshmalar, limfa tugunlarining shishishi va mushaklardagi og‘riq shikoyatlari bilan borgan.
“Shifokorlar bemor safar davomida toshmasi bo‘lgan odam bilan aloqada bo‘lganini aniqladi. Alomatlarning mavjudligi laboratoriya tahlili uchun asos bo‘ldi. Tahlil natijalari maymunchechak virusi mavjudligini tasdiqladi”, deyiladi bayonotda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bemor hozirda shifoxonaga yotqizilib, statsionar sharoitda davolanmoqda. Bemor bilan aloqada bo‘lgan oila a’zolarida kasallik belgilari yo‘q. Ular hududiy ambulatoriya tibbiy xizmati va sanitariya-epidemiologiya xizmati tomonidan tashkil etilgan uyda kuzatuvda qolmoqda.
“Ularga profilaktika muolajalari ko‘rsatildi va zarur dori-darmonlar bilan ta’minlandi”, deyiladi qo‘shma bayonotda.
Ma’lumot uchun, maymunchechek – markaziy va g‘arbiy Afrikaning chekka hududlarida keng tarqalgan kam uchraydigan yuqumli kasallik. Uning belgilari ko‘ngil aynishi, isitma, toshma, qichishish va mushak og‘rig‘idan iborat.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniyada Mpox virusining Ib shtammi bilan kasallanish holatlari aniqlangandi. Germaniyaning Kyoln shahri yaqinida joylashgan maktabda ikki o‘quvchidan ushbu virus aniqlangan. Shu sabab maktab karantinga olingan. Bu ikki bola bilan birga oilaning yana ikki a’zosi ham Mpox virusining Ib shtammiga chalingan. Taxminlarga ko‘ra, kasallangan o‘quvchining oila a’zolaridan biri Afrikaga safar qilganida kasallikni yuqtirib olgan va tarqatgan. Hozirda to‘rt kishining barchasi karantinda saqlanmoqda.
LiveBarchasi
O‘zbekiston sun’iy yo‘ldosh yasayapti.
17 yanvar