JSST maymunchechakka qarshi ikkinchi vaksinani tasdiqladi
Olam
−
25 noyabr
631Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti maymunchechak (Mpox) virusiga qarshi yaratilgan ikkinchi vaksinani tasdiqladi. Bu haqda sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Yaponiyaning “KM Biologics” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan ushbu emlash vositasi “LC16m8” deb nomlanadi.
Shu yil sentyabr oyida foydalanish uchun ruxsat etilgan Daniyaning “Bavarian Nordic A/S” kompaniyasiga tegishli “MVA-BN” nomli ilk emlash preparati 18 yoshdan oshganlarda qo‘llashga mo‘ljallangan edi. Yaponiyada ishlab chiqarilgan yangi vaksinani esa nafaqat kattalar, balki bir yoshdan oshgan bolalar ham favqulodda holatlarda qabul qilishi mumkin.
JSST bayonotida aytilishicha, Yaponiya hukumati maymunchechak epidemiyasi avj olgan Kongo Demokratik Respublikasiga ushbu vaksinadan 3 million dozasini beg‘araz yordam sifatida yetkazib berishga qaror qilgan.
Ma’lumot uchun, sentyabr oyida dunyo bo‘yicha Mpox infeksiyasiga chalinish holatlari rekord darajaga yetib, 2763 ta yangi kasallanish holati ro‘yxatga olingan edi. Aniqlangan bemorlarning asosiy qismi Afrika mintaqasi aholisi hissasiga to‘g‘ri keladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kongoga ilk bor maymunchechakka qarshi vaksina yetkazilgandi.
LiveBarchasi