AQSH Markaziy Osiyodagi tadbirkorlarga rossiyalik hamkorlari bilan aloqani uzish zarurligini uqtirdi
Olam
−
28 fevral 2023
14192Qo‘shma Shtatlar Rossiyaga qarshi sanksiyalarning amalga oshirilishini diqqat bilan kuzatib boradi, biroq ayni paytda Rossiya Federatsiyasi bilan o‘zaro aloqada bo‘lgan, shu jumladan Markaziy Osiyodagi kompaniyalar uchun yengillikni qabul qiladi. Bu haqda bugun, 28 fevral kuni AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken qozog‘istonlik hamkasbi bilan Ostonadagi qo‘shma matbuot anjumanida aytib o‘tdi.
“Biz sanksiyalar ijrosini diqqat bilan kuzatib boryapmiz. Va biz qator davlatlar, jumladan, C5+1 formatidagi hamkorlarimiz bilan bog‘liq iqtisodiy oqibatlar haqida muzokaralar olib bormoqdamiz”, deydi u.
Diplomatning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar sanksiyalar ostida qolgan Rossiya kompaniyalari bilan o‘zaro aloqada bo‘lgan kompaniyalarga maxsus ruxsatnomalar beradi. Unga ko‘ra, bunday ruxsatnomalar kompaniyalarga o‘z faoliyatini qisqartirish va rossiyalik hamkasblar bilan aloqalarni to‘xtatish uchun zarur.
“Bu kalitni almashtirish kabi oson emas. Biz buni biznesingizga zarar keltirmaydigan tarzda qilish uchun ba’zan vaqt kerakligini tushunamiz”, deydi AQSH Davlat kotibi.
Uning ta’kidlashicha, Vashington Ukrainadagi vaziyatning salbiy oqibatlarini hisobga oladi va ularni minimallashtirish va yumshatish, shuningdek, AQSHning Markaziy Osiyodagi hamkorlari uchun “yangi imkoniyatlar” yaratish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solmoqda.
Eslatib o‘tamiz, u ushbu matbuot anjumanida Xitoy Rossiyaning Ukrainaga qarshi bosqinida Moskvaga yordam bersa, AQSH Pekinga qarshi sanksiyalar joriy qilishini aytgan edi.
Blinkenning Markaziy Osiyoga tashrifi
Kecha, 27 fevral kuni kechqurun AQSH Davlat departamenti rahbari Entoni Blinken ilk rasmiy tashrif bilan Qozog‘istonga keldi. Bugun, 28 fevral kuni u Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev qabulida bo‘ldi. Uchrashuv chog‘ida respublika rahbari AQSH bilan strategik hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanini aytdi.
Markaziy Osiyo davlatlari va AQSH Tashqi ishlar idoralari rahbarlari 28 fevral kuni Qozog‘iston poytaxti Ostonada C5+1 formatida energetika, iqtisodiyot va terrorizmga qarshi kurash masalalari, shuningdek, xalqaro muammolar, jumladan, Ukraina atrofida vaziyatni muhokama qildi.
C5+1 formati Markaziy Osiyoning beshta davlati (Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston) va AQSH o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning ko‘p tomonlama mexanizmi hisoblanadi. U 2015 yilda iqtisodiyot, ekologiya va xavfsizlik sohalaridagi mintaqaviy muammolarni muhokama qilish uchun tashkil etilgan. Qozog‘istondan keyin Davlat departamenti rahbari bugun, 28 fevral oqshomida Toshkentga keladi. 1 mart kuni Nyu-Dehliga jo‘nab ketadi.