AQSH Venesuela Prezidenti hibsga olinishi uchun 25 mln dollar mukofot e’lon qildi
Olam
−
11 yanvar
3390AQSH Venesuelaning qayta saylangan Prezidenti Nikolas Maduroning hibsga olinishiga yordam beradigan ma’lumot uchun 25 million dollar to‘laydi. Bu haqda kecha, 10 yanvar Maduro uchinchi prezidentlik muddatiga inauguratsiya qilgan kuni AQSH Moliya vazirligi ma’lum qildi.
Vashington Maduroning o‘tgan yilgi saylovlardagi g‘alabasini tan olmaydi, muxolifat esa saylovdagi yirik firibgarlik dalillarini taqdim etdi. Venesuela Ichki ishlar vaziri Diosdado Kabelo va Mudofaa vaziri Vladimir Padrinoning hibsga olinishiga yordam beradigan ma’lumotlar uchun ham katta pul mukofotlari e’lon qilingan.
AQSH oldin ham Maduroni hibsga olishda yordam berish uchun pul taklif qilgan. 2020 yilda 15 million dollar mukofot e’lon qilingan bo‘lsa, hozir bu miqdor deyarli ikki baravar ko‘paydi.
AQSH rasmiylariga ko‘ra, Maduro narkotik kartellari va xalqaro kokain savdosi tarmog‘i bilan chambarchas bog‘liq. Qo‘shma Shtatlar Maduroning 2018 yilgi saylovlardagi g‘alabasini tan olmadi va uni qonuniy prezident deb hisoblashdan bosh tortdi.
Kecha, 10 yanvar kuni AQSH Moliya vazirligi Nikolas Maduroning hokimiyat tepasiga kelishiga va uning repressiv siyosatiga hissa qo‘shgan bir qator Venesuela jismoniy va yuridik shaxslarga nisbatan sanksiyalar joriy qildi. "Qora ro‘yxat"ga kiritilganlar orasida davlat neft kompaniyasi PdVSA rahbari Ektor Andres Obregon, Transport vaziri va CONVIASA milliy aviakompaniyasi prezidenti Ramon Selestino Velaskes, Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Feliks Ramon Osorio va qator yuqori martabali harbiy va politsiya xodimlari bor.
Shuningdek, Buyuk Britaniya ham Maduroning 15 hamkoriga qarshi ham sanksiya kiritdi. London ham prezidentlik saylovlari natijalari va Maduroning ulardagi g‘alabasini tan olmaydi.
“Buyuk Britaniya Maduroning demokratiyani tor-mor etayotgani va inson huquqlarini qo‘pol ravishda poymol qilayotganini kuzatib turmaydi. Barcha siyosiy mahbuslar ozod etilishi va repressiyalar to‘xtatilishi kerak. Biz Venesuela xalqining demokratik kelajak uchun kurashida qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz”, dedi Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vaziri Devid Lemmi.
Yevropa Ittifoqi ham Maduro inauguratsiyasi kuni Venesuelaga qarshi sanksiyalar ro‘yxatini kengaytirdi.
Ma’lumot uchun, 2024 yil 28 iyulda Venesuelada prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tdi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatning amaldagi Prezidenti Nikolas Maduro g‘alaba qozondi va uchinchi muddatga qayta saylandi. Muxolifatga ko‘ra, Edmundo Gonsales 70 foizdan ortiq ovoz to‘plagan holda g‘alaba qozondi. Muxolifat saylov uchastkalarining 80% dan ortig‘ining protokollarini e’lon qildi, bu esa Gonsales saylovda sezilarli farq bilan g‘alaba qozonganini ko‘rsatdi. Maduroni g‘olib deb e’lon qilgan Milliy saylov kengashi esa protokollarni e’lon qilmagan.
Saylovlar ortidan Venesuela ommaviy norozilik namoyishlari bilan qamrab olingan, namoyishchilar Maduroni ovozlarni soxtalashtirishda ayblagan edi.
10 yanvar kuni Karakasda prezidentlik qasamyodini qabul qilgan Maduro uning uchinchi muddati “tinchlik, farovonlik, tenglik va yangi demokratiya” davri bo‘lishiga va’da berdi.
Muxolifat inauguratsiya marosimini davlat to‘ntarishi, Vashington esa fars deb atadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Venesuela hukumati muxolifat yetakchilaridan biri Edmundo Gonsales Urrutiani hibsga olishga yordam beradigan ma’lumot uchun 100 ming AQSH dollari miqdorida mukofot e’lon qilgandi.
LiveBarchasi