Netanyaxu yana AQSHga boradi
Olam
−
05 aprel
1332Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu import tariflarini olib tashlash bo‘yicha muzokaralar olib borish uchun Oq uyda AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan shaxsan uchrashishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Amerikaning “Axios” axborot portali bugun, 5 aprel kuni vaziyatdan xabardor to‘rtta manbaga tayanib xabar berdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Netanyaxuning Vashingtonga tashrifi 7 aprel kuni bo‘lib o‘tishi mumkin.
AQSH Isroil importiga qo‘yadigan bojlardan tashqari, yetakchilar G‘azodagi vaziyat va AQSH-Eron yadroviy kelishuvini muhokama qilishi kutilmoqda.
Isroil Bosh vaziri tez orada AQSHga borishini bir kun avval Donald Trampning o‘zi ham tasdiqlagan edi.
Kecha, 4 aprel kuni u prezidentning Air Force One samolyoti bortida jurnalistlarga Xalqaro jinoiy sud uni hibsga olishga order berganiga qaramay, o‘sha paytda Budapeshtga tashrif buyurgan Netanyaxu va Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban bilan telefon orqali gaplashganini aytdi. Liderlar Vengriyaning XJCdan chiqishini muhokama qildilar va tariflar masalasiga to‘xtaldilar.
Shundan so‘ng Tramp Netanyaxuni bu masalani shaxsan muhokama qilishga taklif qildi, biroq aniq sanani belgilamadi.
Eslatib o‘tamiz, Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu oldingi safar 4 fevral kuni Oq uyga borib, AQSH Prezidenti Donald Tramp ikkinchi muddatida qabul qilgan birinchi xorijiy yetakchi bo‘lgandi.