Germaniya AQSHdan 1200 tonna oltinini qaytarib olmoqchi
Olam
−
05 aprel
12351Germaniya o‘zining AQSHda saqlanayotgan oltin zaxiralarini olib chiqish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda – bu Vashingtonning ishonchli iqtisodiy hamkor sifatidagi mavqeiga bo‘lgan ishonch tobora susayib borayotgani bilan bog‘liq. Bu haqda manbalarga tayanib, “Bild” nashri xabar berdi.
Nashrning yozishicha, gap Nyu-Yorkdagi Federal zaxira banki omborida joylashgan 1200 tonna oltin haqida bormoqda. Ushbu zaxiralar Germaniyaga tegishli bo‘lib, mamlakatning AQSHdan keyingi eng yirik oltin zaxirasining bir qismi hisoblanadi. Germaniyaning umumiy oltin zaxirasi 3375 tonnani tashkil etadi. AQSHda saqlanayotgan nemis oltinining qiymati hozirda 113 milliard yevrodan oshadi.
“Bild”ning yozishicha, Germaniya keyingi hukumatini boshqarishi kutilayotgan Xristian-demokratik ittifoqining (XDI) yuqori lavozimli vakillari oltin zaxiralarini AQSHdan olib chiqish masalasini muhokama eta boshlagan. Jumladan, ularni Frankfurt yoki boshqa Yevropa omborlariga ko‘chirish variantlari ko‘rib chiqilmoqda. Bunga sabab esa Donald Trampning bashorat qilib bo‘lmaydigan siyosatidan xavotirlar ortib borayotgani bo‘lmoqda.
“Yaqin vaqtgacha Germaniya oltin zaxiralarining bir qismini AQSHda saqlashi oqilona va pragmatik strategiya sifatida ko‘rilgan: bu moliyaviy inqiroz sharoitida Berlinda dollar likvidligiga tezda kirish imkonini bergan bo‘lardi. Biroq Vashington tomonidan yangi tarif to‘siqlari joriy etilishi ilgari qabul qilingan hisob-kitoblarning ishonchliligini shubha ostiga qo‘ydi”, deb yozadi Bild.
Nashr so‘roviga javoban Bundesbank o‘z aktivlarining AQSHda saqlanishi bo‘yicha xavotirga asos yo‘qligini bildirgan.
“Biz Federal zaxira bankining (Nyu-York) oltin zaxiralarimizni saqlash uchun ishonchli va ishonishga loyiq hamkor ekanligiga mutlaqo shubha qilmaymiz”, deyiladi bank izohida.
Eslatib o‘tamiz, Donald Tramp 2 aprel kuni import mahsulotlariga yangi bojlar joriy etgandi. Asosiy stavka butun import qilinadigan mahsulotlarga nisbatan 10 foizni tashkil etadi, ammo ayrim davlatlar uchun bu tariflar ancha yuqori belgilangan. Masalan, Xitoy uchun 34%, Vetnam uchun 46%, Yevropa Ittifoqi davlatlari uchun 20%. Rossiya va Belarusga nisbatan bojlar joriy etilmagan.
Tramp o‘z qarorini “iqtisodiy mustaqillik akti” deb atagan va bu choralar Amerika iqtisodiyotining raqobatbardoshliligini tiklashga qaratilganini ta’kidlagan. Biroq ko‘p o‘tmay, AQSH Prezidenti tariflar bo‘yicha muzokaralarga tayyorligini bildirgan. 5 aprel kuni esa Oq uy Vetnam, Hindiston va Isroil bilan avval joriy etilgan bojlarni yumshatishga imkon beruvchi savdo kelishuvlari yuzasidan muzokaralarni boshlagani ma’lum bo‘ldi.
LiveBarchasi