Xitoy TikTok’ni AQSHga sotishdan voz kechdi
Texnologiya
−
05 aprel
2184TikTok ijtimoiy tarmog‘ining AQSHdagi aktivlarini sotish bo‘yicha bitim bekor qilindi. Bunga AQSH Prezidenti Donald Tramp tomonidan joriy etilgan bojlar tufayli Xitoyning kelishuvdan voz kechgani sabab bo‘lgan. Bu haqda manbalarga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
Bitim TikTok’ga egalik qiluvchi Xitoy internet xoldingi – ByteDance va AQSH hukumati tomonidan ma’qullangan edi. Manbalar bergan ma’lumotlarga ko‘ra, bitim ijtimoiy tarmoqning operatsiyalari AQSHda joylashgan va asosan amerikalik investorlarga tegishli yangi kompaniyaga o‘tishini nazarda tutgan.
Ma’lum bo‘lishicha, agar bitim muvaffaqiyatli yakunlanganida, ByteDance’ning TikTok’dagi ulushi 20 foizdan kamroqni tashkil qilgan bo‘lardi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 19 yanvardan boshlab AQSHda ByteDance’dan TikTok’ning Amerika segmentini sotishni talab qiluvchi qonun kuchga kirdi. Agar Xitoy kompaniyasi bu shartlarga rioya qilmasa, Vashington milliy xavfsizlik sabablaridan kelib chiqib, ushbu ijtimoiy tarmoqdan foydalanishni taqiqlaydi.
Umuman olganda, qonun AQSHning TikTok’ning Xitoy kompaniya bilan aloqasi sababli ushbu servis Xitoy Xalq Respublikasi hukumatiga bo‘ysunadi degan xavotirini bildiradi. Amerika rahbariyati fikriga ko‘ra, Pekin ushbu platformadan boshqa davlatlar aholisi siyosiy qarashlariga keng miqyosda ta’sir ko‘rsatish uchun foydalanishi mumkin.
LiveBarchasi
Trenddagilar




