AQSH qachongacha Ukrainaga yordam berishi mumkinligi aytildi
Olam
−
12 iyul 2022
18461Amerikaning Ukrainaga ko‘rsatayotgan yordami qancha kerak bo‘lsa, shuncha davom etadi. Bu haqda kecha, 11 iyul kuni AQSH Prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi Jeyk Sallivan ma’lum qildi.
Oq uyda bo‘lib o‘tgan brifingda undan Vashingtonning Kiyevga yordam ko‘rsatish davomiyligi va ko‘lami bo‘yicha ehtimoliy cheklovlar haqida so‘ralgan. Amerika yetakchisining maslahatchisi AQSH ma’muriyati Ukrainaga yetkazib berishi mumkin bo‘lgan “[harbiy] tizimlarning o‘ziga xos turlari bo‘yicha cheklovchi tamoyillarni joriy qilganini” ta’kidlagan.
“Ammo, vaqt chegarasi prinsipi nuqtai nazaridan, Prezident [Bayden] bu masala bo‘yicha mutlaqo aniq fikr bildirdi. U qancha kerak bo‘lsa, shuncha davom etishini nazarda tutdi va Qo‘shma Shtatlar bu pozitsiyani egallashga tayyor. Biz Ukrainani qo‘llab-quvvatlovchi mamlakatlarning global koalitsiyasi ham shu yo‘ldan borishga tayyorligiga ishonamiz”, deya javob bergan Sallivan.
Unga “Rossiya Kiyevni qo‘lga kirita olmasligiga” ishonchingiz komilmi, degan savol ham berilgan.
“Biz ukrainaliklarning jasorati va Ukrainaning G‘arb tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi Ukrainaga o‘z poytaxtini samarali himoya qilish va saqlab qolish imkonini berishiga ishonamiz”, deya javob qaytargan Prezident maslahatchisi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar Ukraina bilan birgalikda strategiya ishlab chiqmoqda, bu unga ham harbiy harakatlar paytida, ham Rossiya Federatsiyasi bilan muzokaralar vaqtida yordam berishi kerak.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi