AQSH fuqarolarini Livandan evakuatsiya qilmoqchi

Olam

image

Amerika Qo‘shma Shtatlari Livandagi “Hizbulloh” harakati va Isroil armiyasi o‘rtasidagi munosabatlar yanada keskinlashsa, o‘z fuqarolarini Livandan evakuatsiya qilish rejalarini ishlab chiqdi. Bu haqda “The Wall Street Journal” nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, ishlab chiqilayotgan rejalarda O‘rtayer dengizi orqali Kiprga fuqarolik kemalarida 50 mingga yaqin AQSH fuqarosini Livandan olib chiqish ko‘zda tutilgan. AQSH Davlat departamenti ma’lum qilishicha, 2022 yil holatiga ko‘ra, Livanda 86 mingga yaqin amerikalik istiqomat qilmoqda.

AQSHning bunday qarorga kelishiga Livanning turli hududlarida, jumladan, Bayrutning janubiy chekkasida peyjerlarning portlashi sabab bo‘lgan. Portlashlar turar-joy binolari va uyali telefon do‘konlarida ham sodir bo‘lgan.

Shuningdek, Livan Aloqa vazirligi Icom V82 radiostansiyasi  portlaganini ma’lum qildi. Mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, portlashlarning ikkinchi to‘lqini oqibatida 450 kishi jarohatlangan, 20 kishi halok bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, 17 sentyabr kuni Livanning turli hududlarida “Hizbulloh” a’zolarining peyjerlari portlagan edi. Hodisa oqibatida 2,8 mingga yaqin odam jarohat olgan, 12 kishi halok bo‘lgan, ular orasida 10 yoshli qiz ham bor. Livan xavfsizlik xizmatidagi yuqori martabali manba va boshqa suhbatdoshiga tayanib, “Reuters” Isroilning “Mossad” razvedka xizmati peyjer portlashlaridan bir necha oy oldin Livandagi “Hizbulloh” harakati tomonidan buyurtma qilingan Tayvanning Gold Apollo kompaniyasining 5000 peyjeriga oz miqdorda portlovchi moddalar o‘rnatganini xabar berdi. Gold Apollo kompaniyasi esa “Hizbulloh” tomonidan buyurtma qilingan peyjerlarni ishlab chiqarishga aloqasi yo‘qligini aytdi. Unga ko‘ra, Budapeshtda ro‘yxatdan o‘tgan BAC Consulting KFT kompaniyasi bilan shartnoma tuzilgan bo‘lib, BAC Tayvan brendidan foydalanishi mumkin, lekin mahsulotni mustaqil ravishda ishlab chiqaradi. AQSH Mudofaa vazirligi ham Livanda “Hizbulloh” a’zolari tomonidan foydalaniladigan peyjerlarning ommaviy portlashiga aloqadorligini rad etdi.

Kecha, 18 sentyabr kuni esa Livan sharqidagi Bekaa hududida aloqa vositalari ommaviy tarzda portlab ketdi. Hodisa oqibatida 3 kishi halok bo‘lgan. 

Ertaga, 20 sentyabr kuni tushdan keyin Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi Livandagi voqealarni muhokama qilish uchun favqulodda yig‘ilish o‘tkazadi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Livan

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing