AQSH Afg‘onistonda mingga yaqin askarini qoldirmoqchi. Muddao nima?

Olam

image

Rasmiy Vashington katta ehtimol bilan Afg‘onistondagi mingga yaqin harbiylarini AQSH elchixonasi va Kobuldagi aeroportni qo‘riqlash uchun qoldiradi. Bu haqda kecha, 29 iyun kuni CNN telekanalida ma’lum qilindi.

Telekanal manbasining xabar berishicha, Qo‘shma Shtatlar Afg‘onistondagi qo‘shinlarini bir necha kun ichida olib chiqib ketishi kutilmoqda. Qo‘shinlar olib chiqilganidan so‘ng, AQSHning Kobuldagi elchixonasi va ushbu shahar aeroportining xavfsizligini ta’minlashga yordam berish uchun mingga yaqin harbiy xizmatchi mamlakatda qolishi mumkin. 

Qayd etilishicha, Afg‘onistonda NATOning qancha askari qolishi hali aniq emas. 

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta Vashington Afg‘onistonda diplomatlarning xavfsizligini ta’minlash uchun 650 ga yaqin AQSH harbiylarini qoldirishi mumkinligi haqida xabar tarqalgandi. Bundan tashqari, bir necha yuz nafar AQSH harbiy xizmatchisi sentyabr oyigacha Kobul aeroportida bo‘lib, turk kuchlariga xavfsizlikni saqlashga yordam berishi ma’lum bo‘lgandi. Bu vaqtinchalik jarayon bo‘lib, Turkiya rasmiy tarzda aeroport xavfsizligi uchun javobgarlikni bo‘yniga olganiga qadar davom etadi. 

Ma’lumot o‘rnida, Qo‘shma Shtatlar Afg‘onistondagi harbiy harakatlarga 2001 yil oktyabrda qo‘shilgan. Bu Amerika tarixida eng uzoq davom etgan xorijiy harbiy jarayondir. 2010–2013 yillar — AQSH operatsiyalari avjiga chiqqan paytda Afg‘onistondagi G‘arb kuchlari soni 150 mingdan oshdi. AQSH va NATOning asosiy jangovar bo‘linmalari 2014 yilda Afg‘onistondan chiqarildi.

 AQSH qo‘shinlarining Afg‘onistonni tark etishi

Joriy yilning may oyida AQSH Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqish ishlarini boshlab yubordi. Shu vaqtgacha Amerika o‘z harbiy kontingentining uchdan bir qismini bu mamlakatdan olib chiqib ketdi.  

Ma’lumot o‘rnida, 2020 yil fevral oyi oxirida AQSH va “Tolibon” tinchlik shartnomasini imzoladi. Kelishuvga ko‘ra, Amerika qo‘shinlari shartnoma tuzilganidan 14 oy o‘tgach, aniqrog‘i 2021 yilning mayigacha Afg‘onistonni tark etishi kerak edi. Biroq bu jarayonning “start” olishi biroz kechikdi.

Joriy yilning 14 aprel kuni Prezident Jo Bayden AQSHning Afg‘onistondagi missiyasi yakunlanganini va 1 maydan boshlab ushbu mamlakatdan qo‘shinlarini olib chiqishni boshlashini e’lon qildi. Unga ko‘ra, qo‘shinlarni olib chiqib ketish 11 sentyabrgacha yakunlanishi kerak.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston AQSh NATO Kobul Vashington Bayden

Baholaganlar

137

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing