Afg‘onistonning “Tolibon” tuzadigan hukumati rahbari kimligi ma’lum bo‘ldi
Olam
−
02 Sentabr 2021
19555“Tolibon”ning Afg‘onistonda tuzadigan yangi hukumatiga harakat yetakchisi mulla Haybatulla Oxundzoda rahbarlik qiladi. Bu haqda toliblarning madaniyat bo‘yicha komissiyasi a’zosi Anamulla Samanganiy ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “Tolonews”.
“Yangi hukumat tuzish yuzasidan maslahatlashuvlar deyarli yakunlandi hamda Vazirlar Mahkamasi bo‘yicha zarur muhokamalar o‘tkazildi. Hukumatda Haybatulla Oxundzoda borligiga shubha yo‘q. U hukumat yetakchisi bo‘ladi, bunga ham shubha bo‘lmasin”, degan Samanganiy.
Shu bilan birga tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, navbatdagi hukumatda Bosh vazir lavozimi bo‘ladi.
Qayd etilishicha, “Tolibon” hozirgacha viloyatlar gubernatorlari, politsiya rahbarlari va okrug boshliqlarini tayinlab bo‘lgan.
Avvalroq, Haybatulla Oxundzoda Afg‘onistonga kelgani va Qandahor viloyatida bo‘lib turgani haqida xabar bergandik.
Ma’lumot uchun, joriy yilning may oyida AQSH boshliq xalqaro koalitsiya kuchlari Afg‘onistonni tark etishni boshlashi bilan "Tolibon" harakati hukumat nazoratidagi hududlarni egallab ola boshladi. Avgust oyiga kelib, toliblar yirik shaharlarga yurish boshladi.
Oradan ko‘p o‘tmay, joriy yilning 15 avgust kuni Qobulning “Tolibon” qo‘liga o‘tishi bilan Afg‘onistonda harakat hokimiyati o‘rnatildi. Prezident Ashraf G‘ani esa iste’fo berganini hamda mamlakatni tark etganini ma’lum qildi. Hokimiyatni "Tolibon"ga o‘tishini ta’minlash uchun Muvofiqlashtirish kengashi tuzilib, unga Abdulla Abdulla va Hamid Karzay kiritilgandi.
Joriy yilning 19 avgust kuni esa harakat rasmiy bayonot bilan chiqib, mamlakatda Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi. "Tolibon" vakili Vohidulla Hoshimiy harakat Afg‘onistonda demokratik davlat qurmasligini ma’lum qildi.
Hozirda faqatgina Panjsher viloyati toliblar hokimiyatini tan olmayapti. Viloyatda "Tolibon"ga qarshi kuchlar yig‘ilmoqda. Ularga esa mashhur "dala qo‘mondoni" Ahmad Shoh Mas’udning o‘g‘li Ahmad Mas’ud boshchilik qilyapti.
LiveBarchasi