Afg‘onistonda yolg‘iz sayohat qilgan hindistonlik ayol hibsga olindi
Olam
−
19:11 1020 3 daqiqa
Afg‘onistonda yolg‘iz sayohat qilgan hindistonlik bloger Arunima mamlakatdagi “Tolibon” muvaqqat hukumati tomonidan bir necha soat davomida ushlab turildi, keyin esa qo‘yib yuborildi. Bu haqda “The Independent” xabar berdi.
Qayd etilishicha, 1,2 milliondan ortiq Instagram obunachisiga va 733 mingdan ziyod YouTube obunachisiga ega Arunima Afg‘onistonga qariyb ikki hafta avval yolg‘iz borgan. U joriy yilning 14 sentyabr kuni ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Hindiston elchixonasi bilan bog‘lanishda yordam so‘rab, “Iltimos, Hindiston elchixonasi bilan bog‘lanishimga yordam bering”, degan SOS xabarini qoldirgan. Oradan qariyb 24 soat o‘tib esa “Men hozir xavfsiz joydaman” deya xabar bergan.
Arunimaning aytishicha, uni “Tolibon” a’zolari ayol kishi Afg‘oniston bo‘ylab yolg‘iz sayohat qilishi mumkin emasligini bildirgan holda ushlab turgan. U bir necha soat davomida qo‘rquvda bo‘lganini va hatto hayotidan xavotir olganini aytgan.
Bloger safar davomida Afg‘onistonning bozorlari va chekka qishloqlaridan videolar e’lon qilib kelgan. Uning ijtimoiy tarmoqlarida qurollangan shaxslar tomonidan to‘xtatilgani aks etgan videolar ham tarqalgan.
Arunimaning so‘zlariga ko‘ra, nazorat punktlarida undan muntazam ravishda hujjatlari so‘ralgan. Uning pasportni tekshirgan qurollangan shaxslar yolg‘iz sayohat qilmaslikni tavsiya qilgan va mamlakat viloyatlari bo‘ylab harakatlanish uchun maxsus ruxsatnoma olishi kerakligini bildirgan.
“Men bir necha soat davomida shunday xavotirda bo‘ldimki, o‘lib qolishim mumkin deb o‘yladim. Men juda qo‘rqib ketdim”, degan Arunima.
Uning aytishicha, keyinchalik yuk mashinasiga chiqib, Bamyon shahriga yetib olgan. Mashinadan tushganida esa atrofdagilar uning yoniga kelgan. Blogerning bildirishicha, Afg‘onistonda ayol kishining kechasi yolg‘iz yurishi odatiy hol emas.
Shuningdek, Arunima Afg‘onistonda ayollarning yolg‘iz harakatlanishi cheklangan bo‘lsa, nima sababdan unga yolg‘iz sayohat qilishi ma’lum bo‘lgan holda viza berilganini savol ostiga olgan.
Uning aytishicha, “Tolibon” vakillari mamlakat qonunlarini buzganini bildirgan va hibsga olishlari mumkinligini aytgan. Arunima esa mamlakatdan deportatsiya qilinishini so‘ragan.
Hozirda u Eronga borish uchun vizasini kutayotganini, biroq vaziyat sabab O‘zbekistonga yo‘l olishini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘onistondan O‘zbekistongacha bo‘lgan masofa qariyb 500 kilometrni tashkil qiladi va yo‘l davomida “Tolibon” tomonidan qo‘shimcha tekshiruvlar bo‘lishidan xavotirda. “Tolibon” vakillari va Hindiston elchixonasi holat yuzasidan hozircha izoh bermagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati 2021 yilda hokimiyatni qayta egallaganidan beri taxminan 2,4 million nafar afg‘on qizini o‘rta ta’lim olish imkoniyatidan mahrum qilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi