Afg‘oniston shimoli-g‘arbida “Tolibon” hujumi to‘xtatildi
Olam
−
10 iyul 2021
9062Afg‘onistonda hukumat kuchlari “Tolibon” harakati jangarilarining Kalayi-Nau shahriga qilgan hujumini qaytardi. Bu haqda mahalliy OAVga asoslanib xabar berilgan.
Kalayi-Nau — Badg‘is viloyatining markazi, u Turkmaniston bilan chegarada joylashgan. Ta’kidlanishicha, toliblar shaharga kecha, 9 iyul kuni kechqurun hujumga o‘tgan, to‘qnashuvlar tun bo‘yi davom etgan.
“To‘qnashuvlarda 50 dan ortiq jangari o‘ldirildi va yaralandi”, deyilgan xabarda.
Avvalroq, “Tolibon” jangarilari Afg‘onistonning aholisi bo‘yicha ikkinchi shahri bo‘lgan Qandahorning tumanlaridan biriga hujum qilgan edi. Manbalarga ko‘ra, terrorchilar shahar tumanlaridan biriga hujum qilib, ikkita postni egallab olgan.
Ma’lum qilinishicha, hududning ayrim aholisi uylarini tashlab qochgan. Shahar politsiyasining bildirishicha, voqea joyiga “Tolibon” hujumini qaytarish uchun qo‘shimcha kuchlar kelgan.
Shu o‘rinda qayd etish kerakki, Eron poytaxti Tehronda Afg‘oniston hukumati va “Tolibon” harakati vakillari mamlakatdagi inqirozni qurolli yo‘l bilan emas, siyosiy yo‘l bilan hal qilish ustida ishlashga kelishib olgandi. Ko‘rinib turibdiki, ushbu muzokaralar hali o‘z natijasini berganicha yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, “Tolibon” vakillari Moskvaga tashrifi davomida bir qator bayonotlar berdi. Xususan, toliblar maqsadi — “erkin Islomiy Davlat tizimi”ni yaratish ekanini ma’lum qildi. Shuningdek, harakat vakillari Markaziy Osiyo davlatlari chegaralarini buzmaslikka va’da berdi. Bundan tashqari, “Tolibon” ayni vaqtda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilishini aytib o‘tdi.
Ma’lumot o‘rnida, so‘nggi bir necha oy davomida Afg‘onistonda hukumat kuchlari va toliblar o‘rtasida mamlakatning muhim hududlari uchun kurash ketmoqda. “Tolibon” harakati mamlakatning 85 foizini o‘z nazoratiga olganini da’vo qilgandi. Ayni vaqtda Afg‘oniston rasmiylari ushbu ma’lumotni rad etgan. Qayd etish kerakki, Afg‘onistondagi beqarorlik xorijiy qo‘shinlarning mamlakatni tark etishi fonida kuchaymoqda.
Eslatib o‘tamiz, AQSH joriy yilning may oyidan o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqa boshladi. Xabarlarga ko‘ra, rasmiy Vashington shu vaqtga qadar 90 foiz harbiy kontingentini olib chiqqan. Rejaga ko‘ra, Amerika Afg‘onistonni tark etish jarayonini joriy yilning 31 avgustiga qadar yakunlamoqchi. Italiya va Germaniya esa Afg‘onistonni butunlay tark etishga ulgurgan.
Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi qo‘shni davlatlarni ham xavotirga solmoqda. Jumladan Eron, Turkmaniston, O‘zbekiston va ayniqsa Tojikiston Afg‘onistondagi keskinlikdan bezovta. Tojikistonga Afg‘oniston hududidan nafaqat harbiylar, balki tinch aholining ham qochib o‘tish holatlari kuzatildi.
Qo‘shimcha ma’lumot uchun, AQSH va uning boshchiligidagi harbiy ittifoq — NATO kuchlari 2001 yilning oktyabr oyida Afg‘onistonga qo‘shin kiritgandi. Bunga 2001 yilning 11 sentyabrida Amerikada amalga oshirilgan terrorchilik harakatlari sabab bo‘lgan.
LiveBarchasi