25 dekabrdan O‘zbekistonda karantin choralari kuchaytirilishi rostmi?
Jamiyat
−
24 dekabr 2020
86004So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq karantin chora-tadbirlari joriy yilning 25 dekabridan e’tiboran kuchaytirilishi haqida xabarlar tarqalmoqda. Ularda asosan maktab va bog‘chalar, yirik savdo majmualari, kinoteatr, go‘zallik salonlari o‘z faoliyatini to‘xtatishi yozilmoqda. Xo‘sh, bu qanchalik rost? Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan mish-mishlarga O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari, tibbiyot fanlari doktori Nurmat Otabekov munosabat bildirdi.
"Xalqimizda “niyatga yarasha beradi” degan gap bor, bilmadim, ba’zi shaxslar bu kabi mish-mishlarni yaxshi niyatda tarqatishayaptimi yoki doim shunday “sovuq” niyat qilishga o‘rganib qolishganmi? Deylik, karantin tadbirlari qaytadan kuchaytirilsa, aniqroq aytganda, uydan chiqish, ishga borish, harakatlanish, qo‘yingki, shu kabi barcha erkinliklar chegaralansa, bundan kimga va qanday naf?! Dunyo hamjamiyatida vaziyat o‘ta og‘ir bo‘lib turgan bir paytda va yurtimizda karantin tadbirlarining birmuncha yumshatilishi mavjud epidemik vaziyatga salbiy ta’sir qilishi mumkinligini to‘liq anglagan holda Respublika maxsus komissiyasining cheklov tadbirlarini birmuncha yumshatishga qaror qilgani bu pandemiyani jilovlash tadbirlariga jalb etilgan sohalarga katta ishonch namunasi, desak xato bo‘lmaydi.
Albatta, bu kabi qarorlar qabul qilinishidan oldin barcha shart-sharoitlar o‘rganib chiqiladi, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolar va ularning yechimi bo‘yicha imkoniyatlar tarozining ikki pallasiga qo‘yiladi, har tomonlama xisob-kitoblar qilinadi, eng asosiysi, xalqning kayfiyati, sharoiti, imkoniyatlari va muammolari har tomonlama o‘rganiladi".
Ma’lumki, noyabr oyidan boshlab O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat barqarorlashdi. Poytaxt Toshkentda va viloyatlar markazlarida tashkil etilgan koronavirus bemorlarini aniqlash va taqsimlash markazlari faoliyati to‘xtatildi. Bosh vazir o‘rinbosari Musayevdan tortib, O‘zbekiston Respublikasiga koronavirus kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi a’zolarigacha mamlakatda vaziyat barqarorligini bot-bot takrorlamoqda. Nurmat Otabekov ham so‘zida davom etarkan, vaziyat barqarorligini yanada bir bor urg‘uladi.
"Ta’kidlanganlardan kelib chiqib, yuqoridagi kabi mish-mishlarni tarqatayotgan shaxslarga aytmochimiz: xalqni besaranjom qilib, chalg‘itib, qo‘rqitib yoki xavotirga solib baraka topmaysiz, Respublika maxsus komissiyasi a’zolari esa karantin tadbirlarini kuchaytirish haqida hozircha o‘ylab ko‘rishmadi, Negaki, bugun bu kabi cheklovlar haqida o‘ylash uchun umuman asos yo‘q, yurtimizda koronavirus kasalligi bo‘yicha barqaror epidemik vaziyat hukm surmoqda".
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq karantin choralari joriy yilning 16 martidan e’lon qilingan edi. Bu orada mamlakatda ikki marta kuchaytirilgan karantin tadbirlar hukm surdi. So‘nggi bor kuchaytirilgan karantin cheklovlari 10 iyuldan 15 avgustgacha davom etdi. Sentyabr oyiga kelib, Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan birin-ketin o‘rnatilgan cheklovlar olib tashlandi. Ayni vaqtda niqob taqish, qo‘llarni yuvish va dezinfeksiya vositalaridan foydalanish, ijtimoiy masofa saqlash, ko‘pchilik bo‘lib to‘planmaslik, 30 kishidan ortiq oilaviy tadbirlar o‘tkazmaslik asosiy karantin qoidasi bo‘lib qolmoqda.
Shuningdek, joriy yilning 25 dekabridan boshlab xorijdan kirib kelayotgan fuqarolar mamlakat xalqaro aeroportlarida antigen testini topshirishi majburiy etib belgilandi. 21 dekabrdan 2021 yilning 10 yanvarigacha Buyuk Britaniya, Italiya, Germaniya, Daniya, Avstriya, Avstraliya, Niderlandiya va Janubiy Afrika Respublikasi davlatlari bilan xalqaro aviareyslar (kirish, chiqish va tranzit reyslar orqali respublikaga kirish) to‘xtatildi.
LiveBarchasi