Qozog‘istonda kuydirgi aniqlandi. Qishloqlardan biri karantinga olingan
Olam
−
04 Sentabr
3082Qozog‘istonning Olmaota viloyatidagi Ulken Aksu qishlog‘i kuydirgi tufayli karantinga olindi. Bu haqda viloyat hokimligiga tayanib, “Tengrinews” xabar berdi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 1 sentyabr kuni Uyg‘ur tumanidagi Ulken Aksu qishloq okrugida kuydirgi kasalligi shubhasi bilan to‘rtta holat aniqlangan. Infeksiya yuqishiga hayvon so‘yish paytida veterinariya nazoratiga amal qilinmagani sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
“Shuni ta’kidlash kerakki, kuydirgi kasalligi odamdan odamga yuqmaydi. Kasallikning asosiy manbai qishloq xo‘jaligi hayvonlari (qoramol, ot, qo‘y, echki), shuningdek, uzoq vaqt davomida iflos tuproqda saqlanib qolgan sporalar bo‘lishi mumkin”, deyiladi viloyat hokimligi xabarida.
Ta’kidlanishicha, kasallikning sabablarini aniqlash uchun veterinariya inspeksiyasi va Olmaota viloyati hokimligi bilan birgalikda qishloq aholisining uyida xomashyo va go‘sht mahsulotlarining, shuningdek, hayvonlar so‘yilgan joydagi tuproq namunalari olingan.
Xabarga ko‘ra, Respublika veterinariya laboratoriyasi to‘plangan materiallarni “Bioprocess” mikroskopi va PSR usuli bilan tadqiq qilgan. Bakteriologik tadqiqotlar natijalari kutilmoqda. Tahlil materiallari Olmaotadagi veterinariya bo‘yicha milliy referent markaziga yuborilgan. Joriy yilning 12 avgust kuni ushbu aholi punktidagi hayvonlar kuydirgiga qarshi emlangan.
Qayd etilishicha, hozirda aholi punktida dezinfeksiya ishlari olib borilmoqda, bemorlarning shaxsiy xo‘jaligidagi qoramollar karantinga olingan. Barcha bemorlarning ahvoli o‘rtacha deb baholanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tojikiston aholisi orasida kuydirgi kasalligi aniqlangan edi.
LiveBarchasi