Qozog‘istonda chorva mollariga karantin joriy etildi

Olam

image

Qozog‘istonda kuydirgi kasalligi sababli chorva mollari uchun majburiy karantin joriy etildi. Bu haqda Qozog‘iston Qishloq xo‘jaligi vaziri Aydarbek Saparov ma’lum qildi.

Vazir Atirau viloyatida kuydirgi kasalligi aniqlangani munosabati bilan boshqa mamlakatlarga go‘sht yetkazib berishga karantin joriy etish imkoniyatiga izoh bergan.

“Biz hozir talablarni kuchaytirmoqdamiz, ishimizni kuchaytirmoqdamiz, aslida, Atirau viloyatida so‘yish joyida chorva mollari nobud bo‘ldi, biz u yerda karantinni joriy qildik, barcha zarur dezinfeksiya tartib-qoidalarini o‘rnatdik”, degan Saparov.

Vazir veterinariya nazorati choralari kuchaytirilganini ham ta’kidlagan. Shuningdek, u yangi qoida joriy etilganini ham aytib o‘tgan. Unga ko‘ra, bir hududdan boshqa hududga olib o‘tilayotgan hayvonlar har bir hududda yetti kun karantinda saqlanishi kerak.

“Ilgari qoramollar viloyatdan viloyatga o‘tkazilganda karantin ishlari olib borilmagan bo‘lsa, endi u yerda 7 kunlik karantin joriy etiladi", degan vazir.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonning Atirau viloyatidagi eng yirik hisoblangan “Dina” bozoridagi chakana savdo ob’ektlarini tekshirish chog‘ida kuydirgi bakteriyasi aniqlangandi. Atirau shahri aholisiga veterinariya nazoratidan o‘tgan go‘sht sotib olish, ovqatni kamida 70 daraja haroratda yaxshilab pishirish, xom go‘sht bilan aloqa qilgandan keyin qo‘l va asbob-uskunalarni yuvish, kelib chiqishi noma’lum go‘sht yoki yetarli darajada issiqlik bilan ishlov berilmagan mahsulotlarni iste’mol qilmaslik tavsiya etilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston karantin chorva

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing