200 kVtlik norma “normal”mi?
Tahlil
−
09 iyul
28857O‘zbekistonliklarning peshonasiga gaz, “svet” kabi eng kerakli energetika resurslaridan foydalanish baxti yozilmagan ko‘rinadi. Shu kunlarda oshgan “svet” narxi va unga belgilangan “limit”dan aholi dodlamoqda. Odamlar allaqachon “tappimizdan qo‘ymasin” deya qishga tezak g‘amlashni boshlab yuborgan bo‘lsa ham ajab emas.
Hukumat may oyidan boshlab joriy etgan 200 kVtlik ijtimoiy norma aholini elektr ishlatishdan qisib qo‘ydi. Anomal sovuqda “svet”siz qolgan o‘zbekistonliklar mana endi yozning jazirama issig‘ida ham elektr energiyasini ishlatmasdan, tejashiga to‘g‘ri kelmoqda. Ijtimoiy tarmoqlar Energetika vazirligi va hukumatdan norozilikni aks ettirgan xabarlarga to‘ldi. Ba’zilar 200 kVtlik limitni bekor qilishni so‘rayotgan bo‘lsa, ba’zilar normani kamida 500 kVtga oshirishni talab qilmoqda. Energetika vazirligi esa bugun, 9 iyul kuni bayonot bilan chiqib, 200 kVtlik limitni oshirishga asos yo‘qligini aytdi. Vazirlikka ko‘ra, iste’molchilarning 71 foizi belgilangan limit doirasidan chetga chiqmagan. Ammo, ommaviy axborot vositalari o‘tkazgan so‘rovnomalar buning aksini ko‘rsatdi.
200 kVtlik ijtimoiy norma yetarlimi?
Nima uchun ijtimoiy norma 200 kVt? Bunga Energetika vazirligi o‘zbekistonliklarning o‘rtacha elektr energiyasi iste’moli 200 kVt ekanini sabab qilib ko‘rsatgandi. Vaholanki, xalqaro hisob-kitoblar boshqacha raqamni ko‘rsatmoqda. Wikipedia ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 1 kishi 1 oyda o‘rtacha 141 kVt elektr energiyasidan foydalanadi. Bir xo‘jalikda kamida ikki kishi yashagan taqdirda ham elektr sarfi 200 kVtlik ijtimoiy normadan oshib ketadi. 4-5 kishi yashaydigan o‘rtacha kattalikdagi oilalar oyiga qancha elektrdan foydalanishini ana endi tasavvur qilib ko‘ravering.
Keling, elektr sarfini yana boshqachasiga hisoblab ko‘ramiz:
Bu dunyo bo‘yicha maishiy texnikalarning oylik o‘rtacha elektr energiyasi sarfi. Ushbu ro‘yxatga internet provayderlari, mobil telefonlarni quvvatlantirish va yana shu kabi asosiy elektr sarflovchi qurilmalar kiritilmagan, ammo iste’mol sarfi 500 kVtdan oshdi. Xo‘sh, O‘zbekiston hukumati kundalik turmush tarzi uchun zarur bo‘lgan texnikalarning elektr talabini inobatga olganmidi?
Aslida, me’yor belgilanishi 2019 yilda tajriba sifatida qo‘llanilgandi. O‘shanda “O‘zbekenergo” AJ Toshkent shahrining Yunusobod tumanida bir oylik 300 kVtlik me’yor belgilanishini aytgandi. 2022 yilda ijtimoiy norma 250 kVt qilib belgilandi. 2024 yilda, tarifga asoslangan tizim butun O‘zbekiston uchun amalga tatbiq etilayotganda qanday qilib 300 kVtlik norma 200 kVtga tushirib qo‘yilgani ma’lum emas. Qolaversa, Yunusobodda o‘tkazilgan bu tajriba o‘zini oqladimi yo‘qmi hech kim hisob ham bergani yo‘q.
Iste’molchilar 200 kVt yetmayotgani haqida aytayotgan bir vaqtda hukumatdagilar hamon sukut saqlamoqda. QALAMPIR.UZ Telegram sahifasida o‘tkazgan so‘rovnomada ko‘rindiki, rezidentlarning yarmidan ko‘pi ijtimoiy normadan ortiq elektr energiyasi iste’mol qilmoqda. 18 mingdan ortiq rezidentlarning
23 foizi 1 oyda 200 kVtgacha, 57 foizdan ortiq iste’molchilar 200 kVtdan 1000 kVtgacha elektr energiyasi ishlatganini bildirdi.
Shu o‘rinda aytish kerak, belgilangan 200 kVtdan 1000 kVtgachalik tarifning o‘rtasidagi farq juda katta. Ya’ni aholining aksariyat qismi 205 kVt elektr ishlatadimi, 300 kVt yoki 900 kVtmi farqi yo‘q, 1000 kVt elektr ishlatgan odam bilan bir xil tarifda pul to‘lamoqda.
1000 so‘mlik tannarx qayerdan kelib chiqqan?
Hukumat elektr energiyasi tannarxi 1 002 so‘mdan (QQSsiz 895 so‘m) ekani va go‘yoki aholiga 2-3 baravar zarar bilan yetkazib berilayotganini iddao qilmoqda. Ammo, Energetika vazirligi tannarxga oid hisob-kitoblar va dalillarni keltirmadi. O‘zbekistonda asosiy elektr energiyasini ko‘mir yoqiladigan issiqlik elektr stansiyalari ishlab chiqaradi. “O‘zbekko‘mir” AJ ma’lumotlariga ko‘ra, 1 tonna ko‘mir IESlarga 430 ming so‘mdan yetkazib beriladi. 1 kg ko‘mir yonganda 8 kVt elektr energiyasi hosil bo‘ladi.
430 (1 kg ko‘mir narxi) ÷ 8 (ishlab chiqariladigan elektr kVt) = 53 so‘m (1 kVt elektr energiyasi olish narxi).
Demak, asosiy xomashyo – 1 kg ko‘mir narxi 1 kVt uchun 53 so‘mdan to‘g‘ri kelmoqda. Ya’ni IESda 1 kVt elektr hosil qilish uchun 53 so‘mlik ko‘mir yoqiladi. Unga xomashyo tashish bilan bog‘liq xarajatlar, xodimlar maoshi, elektr energiyasi yetkazib berish va shu kabi xarajatlar qo‘shiladi. Bu qanday xarajatlarki, asosiy xomashyo xarajatidan 18 barobarga oshib, 1002 so‘mga ko‘tarilib ketsa?
Vaholanki, Prezident Shavkat Mirziyoyev 2020 yildan beri har yili elektr energiyasi tannarxini pasaytirish bo‘yicha energetiklarga topshiriq berib keladi. 2024 yilni esa Prezident iqtisodiyotda tannarxni qisqartirish va samaradorlik yili bo‘lishini aytgan edi.
Energetiklarga bu bilan bog‘liq savollar berish, ulardan hisob so‘rash o‘rniga xalqni “talab qilmaslikka” undayotganlar ham kam emas. Masalan, Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Alisher Qodirov energetiklarning tannarx bilan bog‘liq iddaolariga qo‘shilib, kerak bo‘lsa 200 kVtlik limitni ham cheklash taklifini o‘rtaga tashladi.
“Muammolar – kechagi xatolardir, ertaga davom etmasligi uchun bugun hal bo‘lishi kerak. 1 kilovatt elektr energiyaning tannarxi 990 so‘m! 200 kilovattgacha 450 so‘mdan, 1000 kilovattgacha 900 so‘mdan sotilishi yordam sifatida qabul qilinishi kerak, talab emas!
Energetika sohasi qancha tez bozor munosabatlariga o‘tsa, shuncha tez iqtisodimiz o‘sadi, ish o‘rinlari ko‘payadi, aholi daromadi oshadi va albatta ta’minot tizimlari talab darajasida bo‘ladi”, deb yozdi u.
Iqtisodchilar esa O‘zbekiston energetika tizimida faqat tannarxga urg‘u berish va narxlarni oshirish bilangina islohot qilib bo‘lmasligini, bozor munosabatlariga o‘tish uchun, avvalo davlat monopoliyasi bekor qilinishi zarurligini ta’kidlaydi. Alisher Qodirovga javoban iqtisodchi Abdulla Abduqodirov shunday yozdi:
“Masalaga kengroq va chuqurroq qarash kerak: birinchidan, 450 so‘mdan degan norma ishlamayapti. Elektrhisoblagichlar moslashmagan. Ikkinchidan, faqat tariflar bilan islohot qilib bo‘lmaydi. Uchinchidan, ishlab chiqarish, taqsimot va sotishda raqobat bo‘lmasa hech qanday foyda va na xalqqa va na davlatga yo‘q”.
Elektrhisoblagichlar qanchalik shaffof ishlaydi?
O‘tgan yilning oktyabr oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatdagi elektr ulgurji iste’molchilarining 28 foizi avtomatlashgan tizimga ulanmaganini tanqid qilgan edi. Shuningdek, 170 mingdan ortiq abonentlarning avtomatlashgan tizim bilan aloqasi yo‘qligi aytilgan. Xo‘sh, Energetika vazirligi tarif tizimiga o‘tishidan oldin shu kabi muammolarni hal etgan, respublikadagi har bir xonadonga bexato ishlaydigan hisoblagich o‘rnatilganini nazoratga olganmidi?
QALAMPIR.UZ Telegram sahifasida mavzuga doir so‘rovnoma o‘tkazdi. Unda qatnashgan 15 mingdan ortiq rezidentning 72 foizi elektrhisoblagichlarning shaffof ishlashiga ishonmasligini bildirdi. Ijtimoiy tarmoqlarda elektrhisoblagichlarning nosoz ishlayotgani haqidagi xabarlar ko‘paydi. Masalan, jurnalist Yulduz Ochilova uyda hech kim bo‘lmagan vaqtda elektrhisoblagich raqamlari aylanaverganini yozib chiqdi:
“Kecha, 1 iyul kuni soat 17 larda ya’ni bir kunga qolmay 19 kVtdan ko‘proq “ishlatib qo‘yibmiz”. Kun davomida konditsioner ishlatilmagan, uyda yo‘q edik. Hatto isitgich bolerni ham o‘chirib ketdik”, deydi u.
Shu kabi muammo "Troll.uz" Telegram-kanali asoschisi Umid G‘ofurov bilan ham kuzatilgan.
“Tushunishingiz uchun 1 oydan beri hech kim yashamayotgan uyimizda 314 kVt/s hisoblabdi elektr toki. Hatto shu haqida ham yozgim kelmadi… Mayli. Borganimda hal qilarman. Billing bilan bog‘liq nimadir ekan. To‘liq tushunolmadim” deb yozgan Umid G‘ofurov.
Shu kabi e’tirozlar ko‘payganidan keyin Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi o‘rganish ishlari olib borilishini aytdi. Bildirilishicha, qo‘mita tomonidan ishchi guruhi tuziladi va kerakli choralar ko‘riladi. Elektrhisoblagichlar qo‘shib yozgan pullar odamlarga qaytariladimi, nosoz hisoblagichlar uchun javobgarlikni Energetika vazirligi o‘z bo‘yniga oladimi, bu kabi savollar ochiq qolmoqda.
Iqtisodchi Otabek Bakirov hisoblagichlar bilan bog‘liq muammoning tub negiziga yetish lozimligini talab qilyapti.
“Elektrdan foydalanishda hisob-kitoblardagi noaniqliklar hamisha bo‘lgan. Lekin iste’molchilar bu holatga tariflarning keskin oshib, cho‘ntakka ta’siri yaqqol sezila boshlagachgina e’tibor qaratishgan.
Raqobat qo‘mitasi o‘rganishlar davomida ishni qanday schetchiklar o‘rnatilganidan boshlasalar, muammoning tub-negizini belgilab olgan bo‘lardilar. Chunki birinchidan, aynan pul o‘zlashtirish uchun karrasiga qimmatlashtirilgan, ikki-uch karra qayta o‘rnatilgan schetchiklar, ikkinchidan, aqlli deyilgan bo‘lsa-da, aqlli bo‘lmagan schetchiklar, uchinchidan, hisob-kitoblardagi o‘rtachalash algoritmlari iste’molchining ziyoniga ekanini tekshirishgina muammoni yechishga kalit bo‘lib xizmat qiladi. Aks holda, iste’molchilar tog‘dan kelsa, shonli energetiklar o‘ziga qulay bog‘dan gapirib suvdan quruq chiqaverishadi”, deb yozdi iqtisodchi.
Markaziy Osiyo bo‘yicha eng qimmat elektr energiyasi O‘zbekistondami?
Markaziy Osiyo aholisi orasida Qozog‘iston va O‘zbekiston respublikalari aholisi eng qimmat elektr energiya tariflaridan foydalanadi.
Qirg‘izistonda ijtimoiy me’yor 700 kVt etib belgilangan. 1kVt/soat uchun narxlar quyidagicha:
- 700 kVt – 1,11 som (162 ming so‘m);
- 700 kVtdan ortiq – 2,39 som (349 ming so‘m).
Elektr energiyasidan cheklovsiz foydalanayotgan aholi 3,63 so‘m (531 so‘m) to‘laydi.
Tojikistonda elektr energiyasi iste’moli chegaralanmagan, 1 kVt/soat elektr narxi 30,75 dirham (360 so‘m).
Turkmanistonda esa oddiy aholi uchun elektr energiyasi mutlaqo tekin. Turkmaniston fuqarolarini elektr bilan bepul ta’minlaydigan yagona mamlakat.
Xalq qabul qila olmagan “islohot”
Narxlarni belgilashda o‘zbekistonliklarning ijtimoiy-iqtisodiy holati, Statistika agentligi bergan ma’lumotlarda emas, real hayotda aksini topgan oylik daromadi hisobga olinganmi? Energetika vazirligi rahbariyati hali biron marta narxlar oshirilganiga jamoatchilik va xalq oldida tushuntirish bermadi. Vaholanki, 2023 yilning sentyabr oyida Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov QALAMPIR.UZ’ga davlat iste’molchilarni elektr energiyasi bilan barqaror ta’minlay olsagina, uning narxi tannarxidan oshirilishini aytgan edi.
“Aholi uchun tabaqalashtirilgan tariflarni belgilashdan oldin biz, eng avvalo, uzluksiz elektr energiyasi yetkazib berishni ta’minlashimiz kerak. Ya’ni narx oshsayu, lekin yana elektrda uzilish bo‘laversa, aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘ladi. Shu sababli biz hozirda generatsiyalarni oshirish, tarmoqlarni modernizatsiya qilish ishlarini jadallashtiryapmiz", degan edi Mirzamahmudov.
Aholi barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlanmadi, ammo narxlar oshirildi.
Iqtisod fanlari doktori, professor To‘lqin Boboqulov QALAMPIR.UZ’ga energetik resurslar narxlarini oshirish xato qaror bo‘lganini aytib, hukumat qanday risk oldida turgani haqida gapirib berdi:
“Elektr va gaz narxining oshishi boshqa tarmoqlarda ham narxlarning ko‘tarilishiga olib keladi. Bundan tashqari, aholiga kompensatsiya berilyapti, bu esa davlat byudjeti xarajatlarini oshiradi. Mazkur islohot yuqori samara bermasligi avvaldan ma’lum. Hozir inflyatsiyaga qarshi kurash ketayotgan, inflyatsion bosim kuchli bo‘layotgan bir paytda yoqilg‘i energetikaning narxini oshirmasligimiz kerak edi. Narx ko‘tarilgani bilan energetikadagi muammolar yechilmaydi, inflyatsiya oshgani qoladi. Agar hukumat kompensatsiya mexanizmini ishlatmoqchi bo‘lsa, kompleks tarzda, uzoq muddatli, bir-biriga bog‘liq bo‘lgan tadbirlar o‘tkazishi zarur edi. Masalan qanday? Ishlab chiqaruvchilarning o‘ziga subsidiya berish, bir tomondan esa, aholining daromadini oshirib borish siyosatini qo‘llash kerak. Bu ish kompleks tarzda amalga oshirilmasa, natija bermaydi. Narxni ko‘tarishning salbiy samarasini ko‘rish uchun bizga 6 oy yetadi. 6 oy o‘tmasdan, bu qaror xato ekanini tushunib yetamiz”.
Hukumat elektr energiyasi yetkazib berishda uzilishlar kuzatilayotganida iste’molchilarning o‘zini ayblab keladi, aholidan elektr energiyasini tejab ishlatish talab qilinadi. Ammo, amalda energiya tejovchi qurilmalarga o‘tish uchun sharoitlar yaratilmayapti.
Masalan, hozirgi kunda energiya samaradorligi 70 Volt bo‘lgan muzlatkichlar ishlab chiqarilyapti, lekin ularni O‘zbekiston bozorlariga olib kirish uchun cheklovlar mavjud. Bu cheklovlar import qilinadigan maishiy texnika narxlarining oshishiga xizmat qilyapti.
Energetika islohotida 1 qadam oldinga, 2 qadam orqaga ketayotgan O‘zbekistonni kelajakda nimalar kutib turibdi? Oldinda hali o‘zbekistonliklarning yuragi bezillab qolgan sovuq qish bor. “Svet”ning puliga oshirilgan narxdagi gaz xarajatlari ham qo‘shiladi. Qishdan amallab chiqib olgandan keyin, 2025 yilning aprel oyida “svet” narxi yana oshiriladi. Nima ham derdik, xalqqa sabr, yuqoridagilarga esa insof tilab qolamiz.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr