20 iyul fitnasi: Gitler o‘lmay qolgan kun

Tahlil

image

Bundan 80 yil oldin, ya’ni 1944 yilning 20 iyul kuni Germaniya reyxkansleri, Ikkinchi jahon urushi davrida mamlakat qurolli kuchlarining bosh qo‘mondoni bo‘lgan Adolf Gitlerga suiqasd uyushtiriladi. Ushbu suiqasd tarixga “Valkiriya operatsiyasi” nomi bilan kirgan. Suiqasdda to‘rt kishi halok bo‘ladi. Ammo ular orasida Gitler yo‘q edi.

“Valkiriya operatsiyasi”

“Valkiriya operatsiyasi” Gitlerga qarshi amalga oshirilgan suiqasd va harbiy to‘ntarish orqali hokimiyatni qo‘lga olish uchun tashkillashtirilgan harakatning nomlanishidir. Ushbu suiqasd “Qora orkestr” (“Schwarze Kapelle”) nomli guruh a’zolari tomonidan amalga oshiriladi va muvaffaqiyatsizlik bilan tugaydi. Sharqiy Prussiyaninig Rastenberg shahri yaqinidagi “Wolfsschanze” (“Bo‘ri uyasi”) Gitlerning qattiq qo‘riqlanadigan qarorgohlaridan biri edi. Graf Klaus Shenk fon Shtauffenberg tomonidan qarorgohga o‘rnatilgan bomba portlatkich orqali Gitler o‘ldirilishi kerak edi. 

Guruh a’zolari avvaldan tuzilgan reja bo‘yicha Berlinda Gitlerning o‘lganini e’lon qilishadi. Shundan so‘ng ular hukumatni o‘z qo‘liga olish uchun harakatni boshlab yuboradi. Bu harakat tarixga “Valkiriya operatsiyasi” nomi bilan kiradi. 

Suiqasdning sabablari

Gitlerning muxoliflari uni hokimiyatdan ag‘darish, Natsistlar partiyaga sodiqlik ideologiyasida tarbiyalangan davlat tashkilotlarini yo‘q qilish orqali tuzumni o‘zgartirishni niyat qilgan edi. Shu bilan birga, ular davom etayotgan urushda Germaniyaning batamom mag‘lub bo‘lmasidan avval tinchlik sulhi tuzishni reja qiladi. Gitlerning generallari unga bir necha bor sulh tuzish taklifini bersa ham, fyurer dushmanlari bilan bir stolda o‘tirishdan bosh tortib kelayotgan edi. Buning o‘rniga, u ikki tomonning to‘liq yo‘q bo‘lgunicha kurashishini aytgan. 1944 yilga kelib, Gitler tarafdorlari bo‘lgan generallar ham urushda yengilishlarini tushunib yetgan va uni xayolparastlikda ayblay boshlagandi.

Suiqasd va davlat to‘ntarishining rejalashtirilishi

1943 va 1944 yillarda urush Germaniya uchun falokatli tus ola boshlaydi. Sharqiy frontdan tezkorlik bilan chekinib borayotgan nemislar bu vaqtda Shimoliy Afrikadan ham uloqtirib yuboriladi. Shunday sharoitda Ittifoqchi davlatlarning Sitsiliyaga armiya tushirib, Italiyani urushdan chiqarib olishi vaziyatni yanada chigallashtirib yuboradi. Buning ustiga yangi “G‘arbiy front” (Normandiya)ning ochilishi kun tartibida turgan edi. To‘ntarishda qatnashgan Treshkov 1943 yilning avgust oyida Afrikada xizmat qilib, bu yerdagi janglarda og‘ir yarador bo‘lgan polkovnik Klaus Shenk fon Shtauffenberg bilan tanishadi. Afrikada bir qo‘li va bir ko‘zidan ayrilmasdan avval ham Shtauffenberg Gitler va uning g‘oyalarini Germaniya uchun xavfli deb bilardi. U Gitlerni o‘ldirmasdan turib, davlat to‘ntarishini amalga oshirib bo‘lmasligini, Gitler o‘ldirilgan taqdirda ham Genrix Gimmler, German Gering, Yozef Gebbels kabi partiya yetakchilarining hibsga olinishi kerakligini yaxshi tushunib turgandi. 

Shtauffenberg guruhga kelib qo‘shilgach, to‘ntarish o‘tkazish uchun harakat yanada tezlashib ketadi. General Olbrix suiqasddan so‘ng qilinishi kerak bo‘lgan davlat to‘ntarishining rejalarini tayyorlashni boshlab yuboradi. Buning uchun sharqiy frontda harakat qilayotgan general Treskov bilan doimiy aloqada bo‘lib turadi. Gitler o‘ldirilgandan keyin zaxiradagi qo‘shin, Gimmler va SS bo‘linmalarining hibsga olinishi juda muhim edi. Favqulodda vaziyatlarda zaxiradagi armiyaga “Valkiriya“ asosidagi vakolatlarni faqatgina Fridrix Fromm berishi mumkin edi. Shuning uchun ham guruh a’zolari Frommni bu ishga da’vat qiladi. U esa Gitler o‘lgan taqdirdagina guruhga qo‘shilishini bildiradi. Lekin Fromm nofaollik ko‘rsata boshlaydi. 

Suiqasd amalga oshirilishi

1944 yil 20 iyulda "Fyurer" ga suiqasd uyushtirishga qaratilgan ko‘plab urinishlarning eng muvaffaqiyatlisi Gitlerning "Bo‘rilar uyi" shtab-kvartirasida amalga oshirildi. Bosh shtab polkovnigi graf Klaus Shenk fon Stauffenberg portfelida portlovchi moslamani Gitler bilan uchrashuv bo‘lib o‘tayotgan kazarmaga olib kirdi. U portfelni yerga qo‘yib, mantiqiy bahona bilan chiqib ketdi. Bir necha daqiqadan so‘ng kuchli portlash sodir bo‘ldi. To‘rt kishi halok bo‘ldi, ko‘plar yaralandi, devorlar va tom qulab tushdi. Ammo Gitler omon qoldi. Uni eman stoli qutqardi Polkovnik Brandt tasodifan bomba joylashtirilgan portfelni tepib yuborgan va uni nariroqqa, stolning yirik to‘siqli oyoqlari yoniga qo‘ygandi. Balki, aynan shu tasodif Gitlerning hayotini saqlab qolgan bo‘lsa ajabmas. Bomba portlashi bilan polkovnik tezlik bilan u yerdan uzoqlashadi va samolyot orqali Berlinga yetib boradi. Polkovnikning suiqasd muvaffaqiyatli bo‘lganiga ishonchi komil edi. 


Davlat to‘ntarishiga urinish

Shtauffenberg general Olbrixtga qo‘ng‘iroq qilib, Gitlerning o‘lganini aytadi. Olbrixt bu ma’lumotni zaxira qo‘shin qo‘mondoni Frommga yetkazadi. Ammo Fromm bunga ishonmaydi va xabarning tasdiqlanishini kutishini aytadi. Fromm Keytelga qo‘ng‘iroq qilib, Gitlerning ahvolini so‘raganida, u Adolfning ahvoli yaxshi ekanini va Mussolini bilan uchrashganini aytadi. Buni eshitgan guruh a’zolari Keytelning yolg‘on gapiryapti deb o‘ylaydi va rejani amalga oshirishga kirishadi. Lekin Fromm bunga qarshi chiqqani uchun Shtauffenberg va Olbrixt uni bir xonaga qamab qo‘yadi.

Guruh a’zolari bir necha soat ichida Berlinni to‘liq qo‘lga oladi. SS rahbari — Yozef Gebbelsni qo‘lga olish uchun yuborilgan zaxira qo‘shin kapitani Otto-Ernst Remer Gebbelsning xonasida Gitler bilan telefon orqali suhbatlashgach, uzr so‘rab, isyonchi guruh a’zolarini qo‘lga olish uchun yuboriladi. Remer va uning askarlari Shtauffenberg egallab turgan Mudofaa vazirligi binosini o‘rab oladi. Qisqa otishmadan so‘ng, guruh a’zolari taslim bo‘ladi. Shu kechaning o‘zida polkovnik Shtauffenberg va general Olbrixt otib tashlanadi.

Gitlerning radio orqali xalqqa murojaati

“Bir nechta mayda jarohat, ko‘karish va kuyishdan boshqa hech qanday zarar ko‘rmadim. Bularning barchasini ilohiy bir inoyatning tasdig‘i deb bilaman. Men hayotim maqsadiga erishish uchun to‘xtagan joyimdan yana davom etaman. Xalqim oldida qasam ichib aytamanki, bu urushning oldini olib ham va kechiktirib ham bo‘lmaydi. Har bir nemis fuqarosining asosiy burchi bunday jinoiy to‘dalarni qo‘lga olishdir. Ular qarshilik ko‘rsatgan taqdirda esa hech qanday shafqat qilmasdan o‘ldirishi shart”, degan u 22 iyul kun radio orqali murojaatida.

Guruh a’zolarining keyingi taqdiri

Guruh yetakchilari o‘ldirilgach, bu harakatda ishtirok etgan boshqa kishilarni qo‘lga olish uchun Gestapo – fashistlar Germaniyasining siyosiy politsiyasi surishtiruv ishlarini olib boradi. 7 mingdan ortiq kishi tergovga chaqiriladi. General Treskov ertasi kuni o‘rmonda o‘z joniga qasd qiladi. Marshal Vitsleben, shuningdek, yana 5 ming kishi o‘limga hukm qilinadi. Zaxira qo‘shinlari qo‘mondoni Frommning bu voqealarda ishtiroki bir necha oydan so‘ng ayon bo‘ladi va 1945 yilning 12 mart kuni o‘limga hukm qilinadi.

Bugungi kunda polkovnik Shtauffenberg portlatib yuborgan yig‘ilish bo‘lib o‘tgan zal rekonstruksiya qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

Germaniya Gitler Val'kiriya operatsiyasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made