Germaniyaning 13 ta aeroportida ish tashlash boshlandi
Olam
−
10 mart
4367Germaniyaning 13 ta aeroportida xodimlarning bir kunlik ogohlantiruvchi ish tashlashi boshlandi. Oqibatda 3 ming 400 dan ortiq reys bekor qilinadi va taxminan 510 ming yo‘lovchi zarar ko‘radi. Bu haqda Germaniya kasaba uyushmasi vakiliga tayanib, “Deutsche Welle” xabar berdi.
Ver.di kasaba uyushmasi tomonidan uyushtirilgan ish tashlash Berlin – Brandenburg, Shtuttgart, Keln/Bonn, Dyusseldorf, Dortmund, Myunxen, Gamburg, Frankfurt-Mayn, Hannover, Bremen va Leyptsig/Galle aeroportlariga ta’sir qiladi. Vetse hamda Karlsrue/Baden-Baden aeroportlarida esa faqat yo‘lovchilar, xodimlar, yuk va tovarlarni nazorat qilish hamda xizmat ko‘rsatish bo‘limlarida ishlovchi xavfsizlik xodimlari norozilik namoyishiga qo‘shiladi.
Germaniya aeroportlari assotsiatsiyasi hisob-kitobiga ko‘ra, Ver.di tomonidan e’lon qilingan 24 soatlik ish tashlash sabab 3 ming 400 dan ortiq reys bekor qilinadi va taxminan 510 ming yo‘lovchi zarar ko‘radi.
Kasaba uyushmasi maoshlarning 8 foizga oshirilishini, biroq kamida 350 yevrodan kam bo‘lmasligini talab qilmoqda. Shuningdek, og‘ir mehnat sharoitlari uchun ustama haqlar oshirilishi va xodimlarga qo‘shimcha dam olish kunlari berilishi so‘ralmoqda. Ver.di bayonotida ta’kidlanishicha, ish tashlash “taxminan 25 ming xodimning mehnat sharoitlarini yaxshilash” uchun zarur.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniyaning IG Metall kasaba uyushmasi Volkswagen avtomobilsozlik kompaniyasi rahbariyati ish haqini kamaytirish, ommaviy qisqartirish va bir qator zavodlarni yopish rejalarini e’lon qilgandan so‘ng, kasaba uyushmalari Germaniyadagi VW zavodlarida ishlashni vaqtincha to‘xtatgan edi.
LiveBarchasi