...qarshi kuch ishlatishga buyruq bermadim – Jeenbekov yana xalqqa murojaat bilan chiqdi

Olam

image

Bugun, 7 oktyabr kuni Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov yana mamlakatdagi mavjud vaziyat munosabati bilan qirg‘iz xalqiga murojaat qildi. U so‘zi avvalida kuchishlatar tizimlar xalqqa qarshi qurol o‘qtalmagani va bu to‘laligicha Prezidentning xohish-irodasi bo‘lganini urg‘uladi. 

“Qirg‘iziston eng qiyin davrni boshdan kechirmoqda. Hech qanday kuch yoki lavozim inson hayotidan yuqori bo‘lishi mumkin emas. Ma’lumki, men inson hayotiga xavf solmadim va Oq uy binosiga bostirib kirganlarga qarshi kuch ishlatish buyrug‘ini bermadim. 

O‘sha kunlarda namoyishchilarni zo‘ravonlik bilan bostirish bo‘yicha shoshilinch takliflar ham bo‘lgan. Men buni qat’iyan rad etdim. Bu to‘qnashuvlarga olib kelardi. 

Shuning uchun men favqulodda holatni joriy etish to‘g‘risidagi farmonga imzo chekmadim”, deydi Jeenbekov. 

Namoyishlarga mamlakatdagi saylovda ishtirok etgan 16 pratiyaning bor-yo‘g‘i to‘rttasi parlamentdan o‘rin olish imkonini beruvchi 7 foizlik barerdan o‘ta olgani bo‘lgan. Namoyishchilarga ko‘ra, muvaffaqiyat qozongan partiyalar Jeenbekovga yaqin va uning siyosatini qo‘llab-quvvatlaydi. Jeenbekov o‘z murojaatida aslida uning tarafdorlari ham qarshi miting uyushtirish taklifi bilan chiqqanini aytadi.  

“Hududlarda ham meni qo‘llab-quvvatlagan mitinglarda chiqish qilmoqchi bo‘lgan ko‘plab vatandoshlar bor edi, men ulardan bunday qilmaslikni iltimos qildim. Chunki shu kunlarda biz odamlarni ikkiga ajratish naqadar xavfli ekanligini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik. 

Mansabga ega bo‘lishni istaganlar o‘z maqsadlariga erishdi. 

Endi ko‘chalarda harakatlarni davom ettirayotgan tarafdorlarimizni to‘xtatishimiz kerak. Men ularning tashkilotchilari va siyosiy rahbarlarini yana bir bor huquqiy maydonga chaqiraman!”, deydi Prezident. 

Shuningdek, davlat rahbari ushbu og‘ir vaziyatda ko‘mak bergan yoshlar guruhlariga minnatdorlik bildirdi. 

“Shu kunlarda, chuqur minnatdorchilik bilan ushbu qiyin paytda o‘zlarining yuqori fuqarolik pozitsiyalarini namoyish etgan yoshlarimizning xizmatlarini qayd etaman. 

Siz tuni bilan mijja qoqmasdan, tinchlik, fuqarolar va davlat mulkini saqlash uchun ishladingiz, buning uchun sizlardan minnatdorman. 

Ushbu so‘nggi kunlar kimning qanday qadriyatlarga ega ekanligini ko‘rsatdi. Shu kunlarda siz, yosh qirg‘izistonliklar hokimiyat uchun kurashgan keksa fuqarolar uchun munosib o‘rnak ko‘rsatdingiz.  Siz so‘z bilan emas, amalda hokimiyat pozitsiyasi emas, balki Qirg‘iziston qadrli ekanini yana bir bor namoyon etdingiz. Siz haqiqatan ham mamlakat manfaatlari eng qadrli ekanligini isbotladingiz”, deydi Qirg‘iziston rahbari. 

Jeenbekov yana bir bor barcha tomonlarni sabr-toqatli bo‘lishga chaqirib, davlat manfaatlari shaxsiy ambitsiyalardan yuqori ekanligini yana bir bor eslatib o‘tadi.  

Uning qayd etishicha, bugungi kunda eng dolzarb vazifa Qirg‘izistonda tinchlik va jamoat tartibini ta’minlashdir. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 oktyabr kuni Qirg‘izistonda navbatdagi parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Saylovning dastlabki natijasidan norozi partiyalar tarafdorlari Bishkekda norozilik namoyishini boshladi. Keyinroq namoyish tartibsizlikka aylanib ketdi. 

Namoyishchilar avvalo mamlakat parlamenti binosi – Oq uyni egalladi. Bu binoda Prezident Administratsiyasi ham joylashgan. 6 oktyabr ertalab Hukumat binosi ham namoyishchilar qo‘liga o‘tgani ma’lum bo‘ldi.

Bundan tashqari, aksiya ishtirokchilari Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi binosiga bostirib kirib, u yerda saqlanayotgan sobiq Prezident Almazbek Atamboyevni ozod qildi. Shuningdek, siyosiy mahbuslardan sobiq Bosh vazir Sapar Isakov ham qamoqdan chiqarildi. Ozod qilinganlar orasida Bishkek shahrining sobiq meri Albek Ibraimov ham bor.

Prezident Sooronbay Jeenbekov yuz berayotgan tartibsizliklar bo‘yicha bayonot berib, ba’zi siyosiy kuchlar davlat hokimiyatini noqonuniy ravishda egallab olishga uringanini aytib o‘tdi.

Namoyishlar avj olgan pallada Markaziy saylov komissiyasi saylov natijalarini tan olmaslik haqida qaror qabul qildi.

Hozirgacha Jo‘qorg‘u Kenesh spikeri Dastan Jumabekov va mamlakat Bosh vaziri Kubatbek Boronov iste’foga chiqdi. Ularning o‘rniga muxolifat vakillari tayinlandi.

O‘zbekiston qo‘shni Qirg‘izistonda yuz berayotgan voqealarga munosabat bildirib, jiddiy tashvishda ekanini bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Sooronbay Jeenbekov Qirg'izistondagi vaziyat

Baholaganlar

287

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing