Prezident maslahatchisi Shodmonovga: Siz oldin berilgan pulni hazm qilib oling
Jamiyat
−
25 dekabr 2019
43003Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovning kecha, 24 dekabr kuni Oliy Majlis Senati Kengashining Umumiy ovqatlanish korxonalari va ta’lim tizimida aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligiga oid qonun hujjatlarining ijrosini o‘rganish natijalariga bag‘ishlangan majlisiga bormagani kun tartibiga chiqdi.
Bugun, 25 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasida o‘tgan yig‘ilishda Prezident maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov ushbu masalada so‘z ochib, Shodmonovga yuzlandi.
“Kecha Tanzila Kamolovna Norboyeva juda ham kerakli, juda katta yig‘ilish o‘tkazdilar. Men tushunmadim, nega bormaysizlar? Nima bu masalaning sizlarga aloqasi yo‘qmi?”, deydi Abduvohidov.
Alisher Shodmonov Prezident maslahatchisining savolini quyidagicha javobladi:
“Abdujabbor Abdusattorovich, kecha OAVda ham chiqishlar bo‘ldi. Men ham shu yerda rasmiy javob beray, yozib olishsin. Men Senatni, Senat raisini o‘ta hurmat qilaman. Qachonki, qaysi yig‘ilish o‘tkazilsa, men borganman, lekin bu yig‘ilishga men taklif etilmaganman. Nima uchun degan savol bilan men ham ommaviy axborot vositalarida chiqishga majbur bo‘laman. Men taklif etilmaganman”, deydi Sog‘liqni saqlash vaziri.
Shu tobda Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev so‘z olib, Sog‘liqni saqlash vazirligiga 18 dekabr kuni rasmiy xat kiritilganini ochiqladi.
“Sog‘liqni saqlash vaziri nomiga 18 dekabr kuni xat chiqardik. Agar bu masalani tahlil qiladigan bo‘lsak, kecha Bosh vazir o‘rinbosariga nusxasini yubordik. Yig‘ilishda Sog‘liqni saqlash, Xalq talimi va Maktabgacha ta’lim vazirlari hisoboti bor edi”, deydi senator.
Shundan so‘ng Prezident maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov sohadagi korrupsiya masalalari, boshboshdoqlik, qolaversa, ishlar tizimli yo‘lga qo‘yilmagani yuzasidan Alisher Shodmonovga yuzlandi. Ular o‘rtasidagi suhbat quyidagicha kechdi:
Abdujabbor Abduvohidov: — Alisher aka, sizning hozirgi chiqishingizdan bir xulosa qildim, ammo bu xulosa men uchun yangilik emas. Kechirasiz, lekin chiqib u qilyapmiz, bu qilyapmiz, deb gapiryapsiz. Agar men bir tashkilotning rahbari bo‘lsam, o‘sha tashkilotda bo‘layotgan ishlarga men javob beraman, men. Yo siz bu narsalarga javob bermaysizmi? Yana boshlaysizlar u qildik, bu qildik... Hududda hech kim qilmagan, birinchi biz qildik...
Kechirasiz-u men bular bilan birgalikda (senator Zayniddin Nizomxo‘jayevga qarab) har xil klinika, poliklinikalarda kalamushlar chopib yurgan bo‘lsa, o‘shalarni yoptirib yuribman yo noto‘g‘rimi? Biz birgalikda javob beramiz bu narsalarga, birgalikda. Siz va butun qo‘lingizdagi odamlar bilan birgalikda.
216 milliardni aytyapsiz. 216 milliard kimning puli? Aholining puli, odamlarning puli, shunga xizmat ko‘rsatishingiz kerak. O‘shanga vaqtida dori-darmon olish kerak. Men nimaga bu masalani ko‘taryapman? Dori-darmonni odamlar o‘zi olib kelyapti. Yo noto‘g‘rimi?
Alisher Shodmonov: — To‘g‘ri, chunki 1,5 trln doriga berilyapti, 4 mlrd so‘mlik ehtiyojimiz borda. U to‘liq qoplay olmayapti. Olib keladi, buning iloji yo‘q. Men hozir buni qoplab berolmayman.
Abdujabbor Abduvohidov: — Siz berilgan pulni hazm qiling! Shundagina qolganini gaplashaylik. Mana, birinchi masala.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Sog‘liqni saqlash vazirining mazkur xatti-harakatlari va vazirlikdagi ijro intizomini kuchaytirish choralarini ko‘rish maqsadga muvofiqligi yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga xat kiritdi.
LiveBarchasi