Abduvohidov Prezident maslahatchiligidan ketdi
Jamiyat
−
25 avgust 2022
15174O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov lavozimidan ozod etildi.
Abdujabbor Abduvohidov 1956 yilda Qozog‘istonda tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetini tamomlagan.
1978 yildan Misrda tarjimon bo‘lib ishlagan. 1981-1983-yillarda harbiy xizmatni o‘tagan, xizmatni o‘tab bo‘lgach, shu yili Toshkent Davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) aspiranti bo‘lgan.
1987 yilda Falsafa-iqtisod fakultetida ishlagan. 1988 yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida ilmiy kotib bo‘lgan. 1990 yilda 1928-1963 yillarda Misr va Suriya ijtimoiy-siyosiy maydonida “Musulmon birodarlar” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan.
Keyinchalik, 1992 yilda “Meros akademiyasi” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori, 1997 yilda esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasining ilmiy-tijoriy tadqiqotlar bo‘limi mudiri lavozimini egallagan.
1998-2001 yillarda Respublika “Ustoz” jamg‘armasi ijrochi direktori. 2001-2002 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasining xalqaro bo‘limi mudiri lavozimida ishlagan.
2002 yilda u Karnegi jamg‘armasiga tadqiqotchi sifatida taklif qilingan.
2003-2004 yillarda — O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining fan, ta’lim va ijtimoiy masalalar bo‘yicha Davlat maslahatchisi, shu bilan birga, 2002-2011 yillarda Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti rektori lavozimida ishlagan.
2011 yil 26 iyulda Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori etib tayinlandi va u yerda 2012 yilgacha ishladi. O‘sha yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori bo‘ldi. 2015 yilda "GALLERY SIGNATURE" mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori bo‘ldi.
Shuningdek, 2017 yildan u NextStepPro xususiy ta’lim muassasasi direktori bo‘ldi. O‘sha yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining istiqbolli yosh pedagog va ilmiy kadrlar malakasini oshirish “Iste’dod” jamg‘armasi ijrochi direktori lavozimini egalladi.
U 2018 yilning 27 avgustidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimida ishlab kelayotgan edi.
LiveBarchasi