Olimpiya o‘yinlari oldidan dzyudochi qizga davlat mukofoti topshirildi

Sport

image

Bugun, 10 iyul kuni Turizm va sport vazirligida Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olgan dzyudochilar hamda ularning murabiylarlariga pul mukofotlari topshirildi.

Dastlab, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Abdujuabbor Abduvohidov dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Gulnoza Matniyozovani mukofotlash to‘g‘risidagi Prezident Farmonini o‘qib eshittirdi hamda davlat mukofoti – “Shuhrat” medali bilan uni taqdirladi.

“Bu unvonga erishish men uchun katta sharaf. Bu uchun ota-onamga katta rahmat aytaman. Yutuqlarga erishishimga doimo meni qo‘llab quvvatlab turgan otam sababchi. Nasib qilsa, bundan-da yuqori marralarni egallab, Olimpiya o‘yinlarida jamoaviy hisobda ham yuqori natijalar qayd etib, O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘klarga ko‘taramiz. Tokioga yo‘l olishdan oldidan meni hech nima qo‘rqitayotgani yo‘q, men oldimga maqsad qo‘yganman va unga erishish uchun borimni beraman”, deydi Jahon chempionati sovrindori, Osiyo chempioni — Gulnoza Matniyozova.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov, Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi Rustam Shoabdurahmonov, federatsiya mutasaddilari, dzyudochilar, ularning ota-onalari, murabbiylar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.  Aziz Abduhakimov va Rustam Shoabdurahmonov sportchilar va ularning murabbiylariga omad va zafarlar tiladi. Dzyudo vatanida bo‘lib o‘tayotgan musobaqada yuqori natijalar ko‘rsatish muhim vazifa ekanligi alohida ta’kidlab o‘tildi.

Shuningdek marosimda XXXII yozgi olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olgan 10 nafar (7 erkak, 3 ayol) dzyudochiga 100 million, ularning murabbiylariga esa 50 million so‘m miqdorida bir martalik pul mukofotining sertifikatlari topshirildi. 

Joriy yil Budapesht shahrida o‘tkazilgan Jahon chempionatining sovrindori Davlat Bobonovning ta’kidlashicha bunday rag‘batlantirishlar Olimpiada oldidan ko‘tarinki kayfiyat va kuch-quvvat taqdim etadi. 

“Shundan so‘ng biz xalqimizning, prezidentimizning bizga bo‘lgan e’tiborini his etib, bildirilgan ishonchni munosib oqlashga harakat qilamiz. Ushbu Olimpiadaga birinchi qadam 5 yil avval tashlangan. Chunki, boshqa sport turlaridan farqli o‘laroq dzyudo sportida litsenziya uchun ochkolar 4 yil mobaynida yig‘ib boriladi. 

Olimpiya o‘yinlari har bir atletning orzusi. Unda ishtirok etishning o‘zini ham katta yutuq, desa bo‘ladi. Shunday ekan, qanday medal qo‘lga kiritilishidan qat’iy nazar bu a’lo natija hisoblanadi. Tarixda ilk bor aralash jamoaviy ko‘rinishida ham ishtirok etyapmiz.  bunda vaznlar bilan bog‘liq ba’zi kamchiliklarimiz bor. Erkaklar o‘rtasida to‘liq tarkibda ishtirok etganimiz uchun jamoaviy bahslarda muammo bo‘lmaydi, faqat qizlarimiz nisbatan yengilroq vaznlarda yo‘llanma qo‘lga kiritishgani sababli Diyora Keldiyorova o‘z vaznidan yuqoridagilar bilan kurashadi. Afsuski, ayollar mutlaq vaznida dzyudochi yo‘q. Ammo bularni inobatga olmasdan, bor kuchimiz bilan jamoaviy bahslarda ham o‘zimizni ko‘rsatishga harakat qilamiz. 

Hozirda men va butun jamoaning sport formasi eng yuqori darajada. Shunga qaramay biz Yaponiyaga ertagayoq jo‘nab ketib, musobaqa startiga qadar, o‘sha yerda o‘quv mashg‘ulot-yig‘inlarini o‘tkazamiz”, dedi Bobonov. Davlat Bobonov 2020 yilda O‘zbekistonning eng yaxshi sportchisi, deb topilgan edi.

Ma’lumot uchun, shu paytga qadar O‘zbekiston dzyudo jamoasi Pekin-2008 (6 nafar erkak va 2 nafar ayol dzyudochi) va Rio-2016 (7 nafar erkak va 1 nafar ayol dzyudochi) Olimpiya o‘yinlarida 8 nafardan dzyudochi bilan ishtirok etgan. Tokioda esa, 7 nafar erkak, shuningdek, tarixda ilk bor, 3 nafar ayol dzyudochi hamda aralash jamoaviy yo‘nalishda ham bahs olib borish imkoniyatini qo‘lga kiritilgan. Terma jamoa bosh murabbiyi ikki karra Olimpiada chempioni Ilias Iliadis hisoblanadi. O‘zbekiston dzyudochilaridan iborat delegatsiya ertaga, 11 iyul kuni Yaponiyaga jo‘nab ketadi.

To‘liq tarkib quyidagicha:

•  -60 kg: Sharofiddin Lutfillayev
•  -66 kg: Sardor Nurillayev
•  -73 kg: Hikmatilloh To‘rayev
•  -81 kg: Sharofiddin Boltaboyev
•  -90 kg: Davlat Bobonov
•  -100 kg: Muhammadkarim Xurramov
•  +100 kg: Bekmurod Oltiboyev
•  -52 kg: Diyora Keldiyorova
•  -63 kg: Farangiz Hojiyeva
•  -70 kg: Gulnoza Matniyazova


Maqola muallifi

Teglar

Dzyudo Aziz Abduhakimov Abdujabbor Abduvohidov Turizm va sport vazirligi Davlat Bobonov Gulnoza Matniyozova O'zbekiston dzyudo federatsiyasi

Baholaganlar

38

Reyting

2.7

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing