Markaziy Osiyo har daqiqada 9 kv metrga cho‘llanyapti – Abduhakimov
Jamiyat
−
22 noyabr 2025 4221 3 daqiqa
Markaziy Osiyo davlatlarida har daqiqada to‘qqiz kvadrat metr yer cho‘llanib boryapti. Bu haqda bugun, 22 noyabr kuni Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasida jurnalistlar bilan muloqot chog‘ida ma’lum qilindi.
“1868 yilda Toshkent observatoriyasi tashkil etilib, o‘shandan beri gidrometeorologik tadqiqotlar va kuzatuvlar o‘tkazilmoqda. 170 yil davomida mana 1917 yildan keyin eng qurg‘oqchil yil mana bu yilga to‘g‘ri kelyapti. Bu degani, bizda hozir tabiiy omilimiz juda ham kuchayib ketdi”, deydi qo‘mita raisi Aziz Abduhakimov.
Uning aytishicha, iqlim o‘zgarishi oqibatida cho‘llanish juda ham keskinlashib ketyapti. Tojikiston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston hududlarida 30 foizdan 40 foizgacha muzliklar kamayib ketgan. Suv kamaygani cho‘llanish jarayonini keltiryapti.
“Markaziy Osiyo davlatlarida har daqiqada to‘qqiz kvadrat metr cho‘llanib boryapti. Ya’ni mana hozir sizlar bilan 10 minutdan beri gaplashib turibmiz, 90 kvadrat metr Markaziy Osiyoda cho‘llanib bo‘ldi yoki degradatsiyaga uchradi.
Biz iqlim o‘zgarishi bo‘layotganligini odamlarga tushuntirib berishimiz kerak. Bu haqiqat. Kim nima deyishidan qat’i nazar, kim qanaqa gapirishidan qat’i nazar, hozir biz O‘zbekistonda va Markaziy Osiyoda eng katta muammolarimizdan shu atmosfera muammolari. Lekin asosiy bizning katta muammomiz bu cho‘llanish”, dedi Abduhakimov.
Gidrometeorologiya xizmati Ilmiy-tadqiqot instituti direktori Doniyor Turg‘unovning ma’lum qilishicha, Markaziy Osiyo Yer sharida 70-80 foizlik chang hosil bo‘ladigan hududda joylashgan.
“Afrikaning shimolidan Xitoyning Manchjuriyasigacha chang belbog‘i joylashgan. O‘zbekiston hududining o‘zi ham 80-85 foiz cho‘l va yarim cho‘l zonalaridan tashkil topgan. Bu oldinlari ham bo‘lmaganmi, degan savol bor. Oldin ham bu jarayonlar bo‘lgan. Lekin hozir antropogen omillar bilan tabiiy omillarning kuchayib ketishining asosiy sababi – bu yilgi qurg‘oqchilik kelganligi”, deydi u.
Qayd etilishicha, noyabr oyida O‘zbekistonda yomg‘ir yog‘maydi, dekabrgacha yomg‘ir kutilmayapti. Bu atmosfera tabiiy yuvilishini to‘xtatgan. Shuning hisobiga ham boshqa texnogen omillar ta’siridagi atmosfera jarayonlari, tabiiy yuvilish bo‘lmaganligi uchun, katta miqdordagi turbulentlikni saqlab turibdi.
“Bizning mintaqamiz keskin kontinental iqlimda joylashgan: havo birdan soviydi va isiydi. Shuning hisobiga boyagi inversiya jarayonlari, ya’ni havoning vertikal harakati masalasi bo‘ladi. Havoning vertikal harakati, inversiya jarayoni hisobiga turbulentliklar saqlanib qolmoqda va uni olib chiqib ketishga qodir bo‘lgan shamol tezligi yo‘q. Shuning hisobiga ham bizda hozir shunday hodisa kuzatilmoqda. Bu umumiy qilib aytganda, antropogen omillarni yanada kuchaytirib yuborgan tabiiy omillar hisoblanadi”, deydi Turg‘unov.
Jahon banki tadqiqotlariga ko‘ra, mintaqaga kelayotgan zararli moddalarning 36 foiz miqdorini tabiiy chang tashkil etadi.
Live
Barchasi