Behzod Jalilov Prezidentning sobiq maslahatchisini xavfsizligiga tahdid qilishda aybladi

Jamiyat

image
Sobiq Akfa universitetida katta janjal yuz berdi north_east

Sobiq Akfa universitetida katta janjal yuz berdi

Akfa universiteti (hozirgi Central Asian University) ning sobiq rektori Behzod Jalilov OTM yangi rahbariyati qo‘ygan ayblovlarni rad etdi. U OTM kuzatuv kengashi raisi Abdujabbor Abduvohidovni obro‘siga dog‘ tushirish va tahdidlarda ayblab, oliygoh rivojiga e’tibor qaratishini maslahat berdi va Prezident Shavkat Mirziyoyevdan xavfsizligini ta’minlashni so‘radi. Bu haqda Jalilov o‘zining rasmiy bayonotida yozdi. 

Gap shundaki, oldinroq ijtimoiy tarmoqlarda Central Asian (sobiq Akfa) universiteti rahbari va ota-onalar o‘rtasida janjal yuz bergani aks etgan videolar tarqalib, ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Universitet matbuot xizmati mazkur holatga rasmiy munosabat bildirib, aybni sobiq rektor Behzod Jalilovga yuklagan, uni firibgarlikda ayblagandi.

Shundan so‘ng Behzod Jalilov ikkinchi tomon sifatida o‘z haqiqatini jamoatchilikka oshkor qildi. U o‘ziga qo‘yilgan qonun buzilishi borasidagi ayblovlarni asossiz deb atadi.

“Universitetning hozirgi rahbariyati meni 2015 yilda o‘zim asos solgan “Study for Success” kompaniyasidan Akfa universiteti bilan o‘zaro manfaatli bitim tuzishda, universitet ta’sischilarining oldindan roziligini olmasdan foydalanganlikda ayblamoqda”, deydi Jalilov.

Uning aytishicha, 2021 yildan boshlab “Study for Success” MCHJ respublikaning boshqa ko‘plab ta’lim markazlari singari universitet bilan memorandum va hamkorlik shartnomasi asosida talabalarni OTMga, jumladan, “Part time” dasturi doirasida tayyorlagan hamda qabul imtihonlarini tashkil etgan. Shu asnoda Akfa universiteti “International Foundation Diploma for Higher Education Studies” dasturini tamomlagan talabalarga birinchi bosqichni o‘qimasdan ikkinchi bosqichga qabul qilinishni kafolatlagan. Chunki mazkur tayyorgarlik kursi foundation year’ga tenglashtirilgan. Universitet bayonotidan farqli o‘laroq, Behzod Jalilov Akfa universiteti muassislari, jumladan Jahongir Ortiqxo‘jayevning o‘zi ham mazkur jarayondan xabardor bo‘lganini yozgan.

“Jahongir Obidovichning jiyani ham ushbu dasturda o‘qigan va o‘qish pulini universitet hisobiga emas, balki “Study for Success”” MCHJga to‘lagan. Yuqoridagilarni inobatga olsak, muassislar bundan bexabar edilar, deyish noto‘g‘ri”, deydi Jalilov.

Shuningdek, sobiq rektor universitet boshqaruvidan ketishiga sabab sifatida “o‘zini kuzatuv kengashi raisi deb tanishtirayotgan Abdujabbor Abduvohidov bilan universitet boshqaruvi siyosatida yuzaga kelgan kelishmovchiliklar”ni ko‘rsatmoqda.

Jalilovning bildirishicha, uning rahbarligi davrida muassislar tomonidan va’da qilingan mablag‘lar ajratilmagan. “Akfa” kompaniyalar guruhi vakillari hech qanday moliyaviy yordam ko‘rsatmagan va Jalilovning o‘zi universitetga 100 ming AQSH dollari miqdoridagi o‘z mablag‘ini yo‘naltirgan. 

“Men rektorlik lavozimidan ozod etilganim va Abdujabbor Abduvohidov (Jahongir Obidovichning qudasi) universitet hayotiga faol aralashuvi boshlangach, Universitetni moliyalashtirishga yondashuvda o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Jahongir Obidovich Ortiqxo‘jayevning korxonalari universitetdagi o‘quv jarayoni uchun zarur bo‘lgan asbob-uskunalar, kitoblar va o‘quv materiallarini xarid qilish uchun faol mablag‘ ajratishni boshladi”, deydi sobiq rektor.

Bundan tashqari, Behzod Jalilov Abdujabbor Abduvohidov undan xalqaro standartlarga mos ravishda (musulmonlar, nasroniylar va buddistlar uchun) qurilgan ibodatxonalarni yopishini talab qilgani, unga nisbatan behayo so‘zlarni ishlatib, sha’ni va qadr-qimmatini kamsitgani, hatto jismoniy zo‘ravonlik bilan tahdid qilganini yozgan.

“Abdujabbor Abduvohidov o‘z aloqalaridan foydalanib, prokurorlarni menga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atishga tom ma’noda majburlagan. May oyida meni prokuratura soxta ayblov, ya’ni universitet mablag‘larini o‘g‘irlash bo‘yicha bir necha bor so‘roq qilishdi. Bu ayblovlar isbotini topmadi. Iyun oyida huquq-tartibot idoralari xodimlari mening diniy va siyosiy ekstremistik islomiy harakatlarga aloqadorligim yuzasidan tekshiruv o‘tkazdilar. Biroq bu ayblov ham tasdiqlanmadi. Qolaversa, Abduvohidov universitetning hozirda sobiq xodimlarini mening ustimdan ariza yozishga majburlagan. Talabni bajarmagan xodimlarni ishdan bo‘shatish bilan qo‘rqitgan”, deydi sobiq rektor.

Shuningdek, Jalilov O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevdan uning va oilasining mamlakat hududida xavfsizligini ta’minlashni so‘ragan. 

Ma’lumot uchun, Abdujabbor Abduvohidov 2018 yil avgustidan 2022 yil avgustigacha prezident maslahatchisi, unga qadar prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, 2011−2012 yillarda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, 2002−2011 yillarda Toshkentdagi xalqaro Vestminster universiteti rektori bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Jahongir Ortiqxo'jaev Abdujabbor Abduvohidov Behzod Jalilov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing