Sobiq Akfa universitetida katta janjal yuz berdi

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Central Asian (sobiq Akfa) universiteti rahbari va ota-onalar o‘rtasida janjal yuz bergani aks etgan videolar tarqalib, ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. Holat yuzasidan universitet matbuot xizmati rasmiy bayonot berdi.

Tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, ikki yil oldin ushbu universitetga o‘qishga kirgan ba’zi talabalar ertalabdan tush vaqtigacha 10-11 sinfda maktabda, kechgacha esa universitetda o‘qishgan.

Kelishuvga ko‘ra, 2 yil o‘qishni tugatib, imtihonlardan o‘tgandan keyin talabalarni universitetning 2-kursiga qabul qilish kerak bo‘lgan. Ammo o‘tgan muddat ichida Akfa universiteti Central Asian University'ga aylanib, rahbariyat ham o‘zgargan.

Endilikda yangi universitet rahbariyati 1-kursdan boshlab talabalarga o‘qish kerakligini aytgan. Shuningdek, 2 yil davomida to‘langan pullar ham qaytarilmasligi bildirilgan.

Shundan so‘ng, universitet rasmiy bayonot bilan chiqdi. Unga ko‘ra, bundan ikki yil avval Akfa universitetining sobiq rektori Bekzod Jalilov tomonidan “Study for the success” MCHJni universitet ta’sischisidan yashirin holda, firibgarlik yo‘li bilan o‘ziga qo‘shimcha mablag‘ ishlash maqsadida jalb qilgan. U amaldagi qonunlarga xilof yo‘l bilan ushbu MCHJ nomidan ota-onalar bilan shartnomalar tuzgan.

Shartnomaga muvofiq, ota-onalarga ularning farzandlari maktabning 10-11 sinflarida o‘qish bilan bir vaqtning o‘zida Akfa universitetining 1-bosqichini o‘qib tugatishi va maktabni bitirishi bilanoq universitetning 2-bosqichiga qabul qilinishi MCHJ tomonidan va’da qilingan. Ota-onalar ushbu xizmat evaziga MCHJ hisob raqamiga muayyan to‘lovlar qilgan.

“Ma’lumot uchun, “Central Asian University” MCHJning bank hisob raqami “O‘zmilliybank” AJ Yashnobod filialida ochilgan. “Study for the success” MCHJning bank hisob raqami esa Toshkent shahar “Kapitalbank” amaliyot boshqarmasida ochilgan”, deyiladi universitet bayonotida.

Shuningdek, mas’uliyati cheklangan jamiyatning hisob raqamiga tushgan pul mablag‘lari Jalilovning turmush o‘rtog‘iga tegishli bo‘lgan MCHJ tomonidan o‘zlashtirib yuborilgan.

“Biroq ushbu MCHJning Akfa universitetiga hech qanday aloqasi yo‘q. O‘quvchilarni maktabda o‘qib turgan vaqtida universitet dasturlariga qabul qilish ham qonunchilikka zid. MCHJ ta’sis hujjatidan ko‘rinib turibdiki, u sobiq rektorning yaqin qarindoshi tomonidan ta’sis etilgan, kontakt ma’lumotlari ham unga tegishli, o‘zini banklarning birida alohida hisob raqamlari mavjud”, deyiladi bayonotda.

Qayd etilishicha, ushbu ish yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar, xususan, tuman prokuraturasi tomonidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan bo‘lib, jabrlanuvchilar tuman prokuraturasiga tegishli shikoyat bilan murojaat qilishi mumkin.

Universitetning ma’lum qilishicha, Bekzod Jalilovning qonunga xilof hatti-harakatlaridan jabrlangan va qo‘lida shahodatnomalari (11-sinf) bor talabalar tez kunlarda o‘rnatilgan tartibda universitetning 1-bosqichiga qo‘shimcha qabul qilinadi.

Ammo universitet matbuot xizmati yangi o‘quv yilidan to‘lov-kontrakt narxi 100 mln so‘mgacha oshirilishi va oldingi yilgi to‘lovlar qaytarilmasligi haqidagi gap-so‘zlarga oydinlik kiritmagan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing