Farhod Mannopov ishi: sud boshlandi
3-sahifa
−
18 Oktabr 2023
10031Bugun, 18 oktyabr kuni Toshkentdagi “Star Med Center” klinikasida burun operatsiyasini boshdan o‘tkazayotgan vaqtida vafot etgan 27 yoshli bloger Farhod Mannopov ishi bo‘yicha sud majlisi boshlandi.
Mazkur ish sudya Dilshod Komilov raisligida ko‘rib chiqilishi belgilangan. Sud majlisida ikki nafar sudlanuvchining advokatlari ishtirok etdi. Jabrlanuvchi Farhod Mannopovning advokati, qonuniy vakili yoki oila a’zolari sud majlisida qatnashmadi.
Voqea joyida bo‘lgan ayblanuvchi tomon advokati esa barcha sud majlislarini qoldirishni so‘radi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayblanuvchining dastlabki eshituvga oid huquqlari ta’minlanmagan.
“Men sudyadan barcha sud majlislarini qoldirishni so‘radim. Himoyam ostidagi shaxsning dastlabki eshituvga oid huquqlari ta’minlanishi kerak edi. Albatta, bu bo‘yicha o‘z vaqtida iltimosnoma bilan murojaat qilganmiz. Raislik qiluvchi bu masala yuzasidan ajrim chiqarilganini sudda aytib o‘tdi. Biz jinoyat ishini sudda ko‘rishga tayyorlash to‘g‘risida ajrim ustidan xususiy shikoyat bilan apellyatsiya tartibida murojaat qildik. Bu ajrim appelyatsiya tartibida ko‘rib chiqilgunga qadar barcha sud majlislarini qoldirishni so‘radik. Chunki, himoyam ostidagi shaxsni dastlabki eshituv va uni o‘tkazish va unda ishtirok etishga bo‘lgan protsessual huquqi qonun bilan kafolatlangan. Sudya dastlabki eshituv jarayonida bizni ishtirokimizni ta’minlashi kerak edi”, deydi sudlanuvchining advokati.
Sud kuni va vaqti davlat ayblovchisiga ma’lum qilinganiga qaramay prokuror sud majlisiga kelmadi. Shu sababli, sudlanuvchining advokati kiritgan iltimosnomani ko‘rib chiqish keyingi sud majlisiga qoldirildi. Sud bir haftalik tanaffus e’lon qilganidan so‘ng, zalga prokuror va jabrlanuvchi Farhod Mannopovning do‘sti Ulug‘bek Shodibekov kirib keldi. Bloger Shodibekov intervyu berishni istamadi.
Mannopov ishi
Joriy yilning 5 mart kuni “Mittivine” taxallusi bilan tanilgan bloger Farhod Mannopov 27 yoshida vafot etgan edi. U bir necha kun avval do‘stlari bilan basseynda suzayotgan vaqtida boshi va burnidan jarohat olgan. Shu sabab u burnini operatsiya qildirish maqsadida Toshkentning Chilonzor tumanida joylashgan "Star med center" xususiy klinikasiga murojaat qilgan. O‘shanda Bosh prokuratura holatga aloqador shaxslarni batafsil so‘roq qilish, qo‘p vaqt talab qilinadigan murakkab ekspertizalar tayinlash va boshqa bir qator tergov harakatlarini o‘tkazmasdan qonuniy to‘xtamga kelish imkoni yo‘qligi sababli Jinoyat kodeksining 116-moddasi (Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qilgan.
Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv natijalariga ko‘ra, Mannopovning operatsiyasida ishtirok etgan anestiziolog va reanimatolog, plastik jarroh shifokori, laborant shifokorining malakaviy toifalari va sertifikatlari bo‘lmagani ma’lum bo‘lgan edi.
Zangiota tumanlararo iqtisodiy sudida Farhod Mannopovning vafoti ortidan Sog‘liqni saqlash vazirligining litsenziyani bekor qilishni so‘ragani yuzasidan iqtisodiy sud 15 may kuni boshlangan edi.
Keyinchalik ijtimoiy tarmoqlarda klinikaning bir nechta san’atkorlar tomonidan reklama qilinish holatlari kuzatildi. Bosh prokuratura matbuot xizmati holatga munosabat bildirib, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan “Omad plyus” MCHJga qarashli “Star med center” klinikasiga tibbiy faoliyatni amalga oshirish uchun berilgan litsenziyani bekor qilish to‘g‘risida sudga ariza kiritilganini ma’lum qilgandi.
Joriy yilning 2 iyunida Zangiota tumanlararo iqtisodiy sudining hal qiluv qarori bilan ariza talabi qanoatlantirilib, Sog‘liqni saqlash vazirligining “Omad Plus” MCHJga tibbiy faoliyatni amalga oshirish uchun berilgan 27390032-sonli litsenziyasi bekor qilinishi belgilandi.
Shundan so‘ng “Star med” klinikasi sud qaroridan norozi bo‘lib, apellyatsiya shikoyati bilan murojaat qildi. 13 iyul kuni Toshkent viloyat sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atining ochiq sud majlisida mazkur masala ko‘rib chiqildi va sudlov hay’ati tomonidan javobgarning iltimosnomasi qanoatlantirildi.
LiveBarchasi