AQSH senatori NATOga postsovet davlatlarini qo‘shmaslikni taklif qildi

Olam

image
0:00
0:00
download

NATO bundan buyon postsovet davlatlarini a’zolikka qabul qilmasligi kerak. Amerikaning Kentukki shtati senatori Rend Pol “The American Conservative”da e’lon qilingan maqolasida shunday chaqiriq bilan chiqdi.

“Biz endi hissiy va siyosiy manfaatlar uchun so‘zlarni bemalol havoga sovurolmaymiz. NATOning kengayishi haqida gapirganda, Sovet Ittifoqi tarkibiga kirgan qolgan (hozirgacha alyansga qo‘shilmagan – tahr.) davlatlar ittifoqqa qabul qilinmasligini aniq aytishimiz kerak”, deydi senator.

Polning qo‘shimcha qilishicha, “Rossiya NATOni Finlyandiyada bo‘lishiga chidashi mumkin, ammo ma’lum qurol tizimlarini u yerda joylashtirilishiga toqat qilmaydi”.

Ma’lumot uchun, ilgari SSSR tarkibiga kirgan Latviya, Litva va Estoniya davlatlari 2004 yilda NATOning beshinchi kengaytirilishidan keyin ushbu harbiy blokka qo‘shilgandi. Hozirda alyansga a’zo mamlakatlar soni 30 taga yetgan.

Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga intilishlari

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urush boshlashi ortidan uzoq yillar davomida betaraflik maqomida bo‘lib kelgan Finlyandiya va Shvetsiya NATOga qo‘shilish harakatiga tushdi. 

Joriy yilning 12 may kuni Finlyandiya Prezidenti va Bosh vaziri mamlakat NATOga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlashi ma’lum bo‘ldi. NATO ham bu davlatni ortiqcha jarayonlarsiz tashkilotga olishga tayyorligi bildirildi.

Buning ortidan rasmiy Moskva Finlyandiya NATOga qo‘shilsa, Rossiya o‘z milliy xavfsizligiga bu borada yuzaga keladigan tahdidlarni to‘xtatish uchun ham harbiy-texnik, ham boshqa xarakterdagi javob choralarini ko‘rishga majbur bo‘lishini e’lon qildi.

11 may kuni esa Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson ikkala Skandinaviya davlatiga tashrif buyurib, Shvetsiya va Finlyandiya rahbarlari bilan o‘zaro xavfsizlik kafolatlarini imzoladi.

13 may kuni esa NATO a’zosi bo‘lgan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishiga ijobiy qaramasligini bildirdi. 15 may kuni Finlyandiya ham, Shvetsiya ham NATOga a’zo bo‘lish qarorini e’lon qildi.

Joriy yilning 28 iyun kuni Turkiya, Finlyandiya Prezidentlari, Shvetsiya Bosh vaziri va NATO Bosh kotibi ishtirokida NATO sammiti oldidan to‘rt tomonlama muzokaralar o‘tkazildi. Muzokaralar natijasiga ko‘ra, uch mamlakat Tashqi ishlar vazirlari “Uchlik memorandumi”ni imzoladilar. Memorandumga ko‘ra, Finlyandiya va Shvetsiya NATOga a’zo bo‘lish uchun xalqaro terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashda barcha talablarni bajaradi, Turkiyada terroristik tashkilot deb tan olingan tuzilmalar – Kurdiston ishchi partiyasi, Suriya xalq mudofaasi otryadi va FETO bilan muloqotni to‘xtatadi va o‘zi ham ularni terroristik tashkilot sifatida qayd etadi. Qolaversa, milliy qurol-yarog‘ embargosi olib tashlanadi.

Ushbu kelishuvlardan so‘ng, AQSH Prezidenti Jo Bayden Twitter'dagi sahifasiga Finlyandiya Prezidenti va Shvetsiya Bosh vaziri bilan tushgan suratini joylashtirib, Turkiya, Finlyandiya va Shvetsiyani o‘zaro muloqotning muvaffaqiyatli yakuni bilan tabrikladi

Abdulvohid Yoqubov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

NATO

Baholaganlar

65

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing