“Oqlangan zamdekan”, qamoqqa tashlangan hokim, boshi balodan chiqmayotgan Nargiz, “Chorsu”dagi to‘polon
Tahlil
−
11 iyun 2022
16977Hibsga olingan Andijon shahar hokimi, talaba qizga tajovuz qilgani isbotlanmay, qamalgan “zamdekan”, pullik xizmatga o‘tishi aytilgan Telegram tarmog‘i, qamoq xavf solayotgan Nargiz Zokirova, magistraturaga kirish uchun qo‘yilgan yangi talab... Haftaning shu va boshqa eng qaynoq va shov-shuvli xabarlari bilan QALAMPIR.UZ dayjestida tanishing.
Andijon shahar hokimi hibsga olindi
Jinoyat ishi doirasida 6 iyun kuni Andijon shahar sobiq hokimi Bahrom Haydarov davlat mablag‘larini talon-toroj qilganlikda gumonlanuvchi tariqasida protsessual tartibda ushlandi.
Bahrom Haydarov jinoiy sheriklari bilan 48 mlrd so‘m byudjet mablag‘larini talon-toroj qilganlikda gumonlanmoqda. Hokimning ortidan Andijon viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Azizbek Mirkomilov ham hibsga olindi.
Ahamiyatlisi, Andijon shahar hokimi qamoqqa olingan 6 iyun soat 9:43 va 21:18 oralig‘ida hamda 7 iyun kuni 18:10 va 21:07 oralig‘ida Bahrom Haydarovga tegishli elektron raqamli imzodan foydalanilgan holda “E-qaror” platformasida 26 qaror va farmoyish imzolangani ma’lum bo‘ldi. Keyinroq hujjatlarni hokimlik devonxonasi mudiri S.Qodirjonov joylashtirgani oydinlashdi.
O‘zbekiston aprelda eng ko‘p oltin sotib olgan davlat bo‘ldi
Aprel oyida O‘zbekiston 8,7 tonna oltin xarid qildi. Turkiya (5,6 tonna) va Qozog‘iston (5,3 tonna) ham oltinning eng faol xaridorlari uchligiga kirdi.
Qayd etish kerakki, birinchi chorak yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston va Qozog‘iston eng faol oltin sotuvchilar bo‘lgandi.
Endi faqat 2 toifadagi talabalar o‘qishni ko‘chirishi mumkin
Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulovga ko‘ra, endilikda quyidagi sabablar bilangina o‘qishni ko‘chirishga ruxsat beriladi:
• talaba turmush qursa;
• davlat xizmatchisining ishi boshqa joyga o‘tsa.
Yana bir jihat shuki, endilikda o‘qishni ko‘chirishda vazir xati talab etiladi. Boshqa toifalardagi talabalarga hech qaysi holatda o‘qishini ko‘chirishga ruxsat berilmaydi.
Shuningdek, vazir 2022-2023 yilda magistratura bosqichiga hujjat topshirish uchun chet tilini bilish bo‘yicha sertifikat talab qilinishini malum qildi.
“Agar bola ingliz tilini bilmasa yo haminqadar bilsa, qanday tadqiqot olib boradi? Hozirgi zamon bilan qanday bellashadi? Shuning uchun ham biz ruxsat oldik: xalqaro yo mahalliy chet tili sertifikat bilan hujjat topshirgan abituriyent magistraturaga kirishda mutaxassislik fanidan imtihon topshirmaydi. Mutaxassislik bo‘yicha imtihon – qariyb bor bo‘yi bilan korrupsiya. Diplomning o‘rtacha balli hisoblanadi va bu bilan hujjat topshirgan abituriyent magistr bo‘ladi”, deydi Toshqulov.
“Zamdekan” talabaga tajovuz qilgani isbotlanmadi, ammo u qamaldi
Toshkent davlat pedagogika universitetida tahsil oluvchi talaba qizni zo‘rlashga uringani aytilgan fakultet dekani o‘rinbosari Bog‘abek Yo‘ldoshevga nisbatan ochilgan jinoyat ishi materiallari sudda ko‘rib chiqilib, hukm o‘qildi.
Sud hukmiga ko‘ra, Bog‘abek Yo‘ldoshev Jinoyat kodeksining 25 (Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish), 118-moddasi (Nomusga tegish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybsiz deb topilib, jinoyat kodeksining 104-moddasi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 1-qismi bilan aybdor deb topilib, unga 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
QALAMPIR.UZ jurnalisti sud jarayoni haqida ma’lumot olish uchun jabrlanuvchi Mushtariy Komilovaning onasi Dildora Komilova bilan bog‘landi. Biroq jabrlanuvchining onasi ham sud majlislariga kiritilmaganini aytdi. Shuningdek, unga ko‘ra, Bog‘abek Yo‘ldoshevning aybini isbotlovchi dalillar sudga taqdim etilganiga qaramay, sud buni inobatga olmagan.
O‘zbekiston va Qirg‘izistonni bog‘lovchi yana bir maxfiy tonnel topildi
Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi xodimlari joriy yilning 4 iyun kuni O‘sh viloyatining Qora-Suv shahridagi turar-joy qo‘shimcha binosining beton qoplamasi ostidan tonnel topgan. Hozirda har ikki davlat huquq-tartibot idoralari ushbu tonnelni kim va nima uchun qazigani, undan kontrabanda yoki boshqa qonunbuzarliklar uchun foydalanilganiga aniqlik kiritish bo‘yicha tekshiruv olib bormoqda.
Bundan avval Qirg‘izistonning O‘sh viloyati Qora-Suv tumani Telman qishlog‘ida mamlakatni O‘zbekiston bilan bog‘lovchi yerosti tonneli topilgandi.
Telegram pullik bo‘lyapti
Telegram bir qancha pullik funksiya va xizmatlarni o‘z ichiga olgan obunasini joriy qilmoqda. Bu haqda kompaniya ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, bu messenjer uchun reklama platformasidan keyingi ikkinchi monetizatsiya usuli bo‘lib, u ilovani saqlash xarajatlarining bir qismini qoplaydi va ishlab chiquvchilarga kelgusida ham foydalanuvchilarga cheksiz va bepul xizmat ko‘rsatishda davom etish imkonini beradi.
Telegram Premium narxi oyiga $5 bo‘ladi.
“Uzbekistan Airways” samolyotlarida quloqchin yo‘qligidan boshqa muammolarni ko‘rmaydimi?
So‘nggi vaqtda “Uzbekistan Airways” AJ havo kemalari sahnida quloqchinlarning yo‘qligi sabab yo‘lovchilardan kompaniyaga ko‘plab murojaat va shikoyatlar kelib tushmoqda. Aviakompaniya holatga aniqlik kiritish maqsadida tushuntirish berdi.
Qayd etilishicha, “Uzbekistan Airways” AJ joriy yilda aviaqatnovlar sonini 2021 yilning shu davriga nisbatan ikki barobardan ziyod ko‘paytirgan, yo‘lovchilar soni esa 3 barobarga oshgan. Bu esa o‘z navbatida xizmat va havo sahnida yo‘lovchilarga tarqatiluvchi buyumlar, shu jumladan bir martalik qulonchinlarning soni oshishiga olib kelgan.
Aviakompaniya keltirilgan noqulayliklar uchun barcha yo‘lovchilardan uzr so‘ragan.
Shu o‘rinda qayd etish kerakki, QALAMPIR.UZ rahbari Qamariddin Shayxov “Uzbekistan Airways” AJ xizmatlaridan shaxsan foydalanib, aviakompaniya samolyotlaridagi monitorlarda media bo‘lim ishlamasligi, quloqchinlar yo‘qligi, 250 kishilik samolyotlarda bor-yo‘g‘i 20 ta yostiq 30 ta plet borligi, birinchi marta uchayotgan 12 yoshdan kichik bolalarga kompliment degan narsalar yo‘qligi, shaxsiy buyumlar, dezinfeksiya vositalari berilmasligi, onlayn-cheking mavjud emasligi, samolyot belgilangan vaqtdan kech uchsa ham, hech kim tushuntirish bermasligi, yuklar bilan betartib munosabatda bo‘linishini aytib, xizmat ko‘rsatishni tanqid qilgandi.
Biroq aviakompaniya yuqoridagi muammolardan faqatgina quloqchin yo‘qligini tan olib, qolganlariga ko‘z yumgani “Uzbekistan Airways” o‘rinli tanqidni "hazm qila olmasligidan"mi?
O‘zbekiston fuqarolarining Rossiyada “propiska”siz qolish muddati uzaytirildi
O‘zbekiston va Rossiya fuqarolarining ro‘yxatga olinmagan holda ushbu hududlarda qolish muddatini o‘zaro 15 kungacha uzaytirdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasining Moskvadagi elchixonasi xabar bergan.
“Bir tomonning boshqa davlat hududida vaqtincha yashovchi fuqarolari 15 kun ichida kiruvchi davlatning vakolatli organlarida ro‘yxatdan o‘tish (yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish) majburiyatidan ozod qilinadi”, deyiladi xabarda.
Avval Rossiyada o‘zbeklar uchun yetti kun ichida, Rossiya Federatsiyasi fuqarolari uchun esa O‘zbekistonda uch kun ichida ro‘yxatdan o‘tish zarur edi.
Toshkentda 5 oyda 4 ta terrorchilik guruhi fosh qilindi– IIBB
Joriy yilning yanvar-may oylarida Toshkentda “Islom davlati” (ID) va “Tavhid va jihod katibasi” (TJK) xalqaro terrorchilik tashkilotlari jangarilariga aloqador 4 ta yashirin guruh, yakka tartibda radikallashib, ekstremistik tashkilot va oqimlar g‘oyalarini targ‘ib qilib kelgan 10 ta “virtual” guruh hamda 250 nafar ekstremistik guruh a’zolari aniqlanib, ularning noqonuniy faoliyatiga chek qo‘yildi.
Reklamalarda oilaviy an’analarga zid obrazlardan foydalanish taqiqlandi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan “Reklama to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, O‘zbekistonda dori vositalarini reklama qilishda taniqli shaxslarning, tibbiyot xodimlarining yoki tashqi ko‘rinishi shifokorlarning tashqi ko‘rinishiga o‘xshash shaxslarning ishtirok etishi, shuningdek reklamada milliy va oilaviy an’analarga zid bo‘lgan obrazlardan foydalanish taqiqlanadi.
Shuncha bo‘lurmi hay-hay?! Rossiyaga kirishi taqiqlangan Zokirova endi qamalishi mumkin
Xonanda Nargiz Zokirova Rossiya qonunchiligiga ko‘ra, Maksim Fadeyev qo‘shiqlarini ijro etgani uchun uch yilgacha qamoq jazosiga mahkum etilishi mumkin. Bu haqda xonandaning advokati Aleksey Aleshkin ma’lum qilgan.
Qayd etilishicha, Zokirovaning prodyusseri Maksim Fadeyev unga shov-shuvli tanaffusdan so‘ng har xil chiqishlar qilib, qo‘shiqlarini kuylashni taqiqlagan. Shu sababli xonanda uch yilgacha qamoq jazosiga mahkum etilishi, shuningdek Fadeyev undan ma’naviy zarar uchun tovon talab qilishi mumkin.
Toshkentda ajiotaj: bozorlarda shakar uchun navbatlar paydo bo‘lmoqda
O‘tgan hafta shakar narxi 14 ming so‘mga ko‘tarilgani haqida ma’lumot bergan edik. Oxirgi kunlarda O‘zbekistonning ayrim bozorlarida shakar uchun katta navbatlar kuzatilmoqda. Joriy yilning 9 iyun kuni “Chorsu” bozorida ham shakar uchun navbatlar yuzaga keldi QALAMPIR.UZ muxbiri holatni o‘rganish maqsadida voqea joyiga yetib bordi.
9 iyun kuni "Chorsu" bozoridagi bir nechta nuqtada 50-60 chog‘li odam shakar uchun navbatda turgan. "Elga xizmat" rastalarida shakar 10 ming so‘mdan sotilgan va bir kishiga 5 yoki 3 kilogrammdan berilgan. Katta navbatning yuzaga kelishiga do‘konlarda shakar narxi 15-19 ming so‘mgacha ko‘tarilishi sabab bo‘lib, odamlar quyoshda navbatda turishiga to‘g‘ri kelgan.
Farg‘ona va Namanganda aholiga ajratilgan unni sotib yuborgan shaxslar ushlandi
Namangan viloyatining Pop tumani va Farg‘ona viloyatining Marg‘ilon shahrida aholiga ajratilgan un mahsulotini sotib yuborgan MCHJ va xususiy korxona rahbarlari aniqlandi.
Marg‘ilon shahrida o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “A.U.” XK rahbari A.A. hamda “A.R.” va “T.M.” XKning norasmiy rahbari M.O. uzoq va chekka hududda istiqomat qilayotgan aholi uchun ajratilgan 10,1 tonna un mahsulotini Marg‘ilon shahri hududida boshqa shaxslarga bozor narxida sotib yuborgani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan A.A., M.O. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 192-11-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
LiveBarchasi