Rasman: KXSHT Qozog‘istonga tinchlikparvar kuchlarni kiritadi
Olam
−
06 yanvar 2022
21142Qozog‘istonda davom etayotgan norozilik namoyishlari daqiqa sayin jiddiy tus olmoqda. Namoyishchilar va harbiylar orasida qurbonlar hamda jarohatlanganlar bor.
Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (ODKb) mamlakatga cheklangan muddatga tinchlikparvar kuchlarni kiritadi. Bu haqda KXSHT Kollektiv xavfsizlik kengashi raisi – Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyanning bayonotida aytilgan.
“Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevhning murojaati munosabati bilan hamda Qozog‘iston Respublikasining milliy xavfsizligi va suverenitetiga, xususan, tashqi aralashuv natijasida yuzaga kelgan tahdidni hisobga olib, KXSHT Kollektivi Xavfsizlik Kengashi Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasining 4-moddasiga muvofiq, ushbu mamlakatdagi vaziyatni barqarorlashtirish va normallashtirish maqsadida KXSHTning Kollektiv tinchlikparvar kuchlarini cheklangan muddatga Qozog‘iston Respublikasiga yuborishga qaror qildi”, deyiladi bayonotda.
5 yanvardan 6 yanvarga o‘tar kechasi Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev raisligida Xavfsizlik kengashining ilk yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatdagi inqirozli vaziyat tahlil qilindi.
Qozog‘iston prezidenti Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXSHT)dan yordam so‘radi. To‘qayev terrorchilik tahdidini bartaraf etishda yordam so‘rab, KXSHTga a’zo davlatlar rahbarlariga murojaat qildi.
"KXSHTga murojaat qilish o‘rinli va buning vaqti keldi, deb hisoblayman", deydi Qosim-Jomart To‘qayev.
U mamlakatdagi notinchlikni terrorchilik tahdidiga qiyosladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, "terrorchi to‘dalar" mamlakatdagi yirik infratuzilma ob’ektlarini o‘z nazoratiga olmoqda.
Ma’lumot uchun, KXSHTga Belarus, Rossiya, Armaniston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Qozog‘iston a’zo.
Qozog‘istonda namoyishlar
Qozog‘istonda norozilik aksiyalari yangi yilning ilk kunlaridan boshlandi. Janaozen shahrida avtomobil egalari suyultirilgan gaz narxi 120 tengega (qariyb 3 ming so‘m) ko‘tarilganidan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqdi. Tobora olovlangan namoyishlar ortidan Hukumat komissiyasi Aqtau shahridagi “Intimak” maydonida namoyishchilar bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida suyultirilgan gaz narxini pasaytirish va Mang‘istau viloyatida gaz narxini litri uchun 50 tenge etib belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Muzokara davomida tomonlar barcha yuzaga kelayotgan muammolarni konstruktiv muloqotning asosiy oqimida va amaldagi qonunchilik doirasida hal qilishga kelishib olgan.
Shuningdek, miting ishtirokchilari javobgarlikka tortilmasligiga ham kafolat berilgandi. Lekin, 5 yanvar kuni Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari mamlakatning bir qancha viloyatlarida sodir etilgan noqonuniy harakatlar chog‘ida jamoat tartibini buzganlik uchun 200 dan ortiq kishini qo‘lga oldi.
5 yanvar kuni, shuningdek, Qozog‘istonning amaldagi Hukumati iste’fo berdi. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Hukumat iste’fosini qabul qildi. Shuningdek, Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti - Elboshi Nursulton Nazarboyev Qozog‘iston Xavfsizlik kengashi raisi lavozimidan ketdi. Uning o‘rnini Prezident To‘qayev egalladi.
Shuningdek, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Karim Masimov lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rnini Ermek Sagimbayev egalladi.
To‘qayev mamlakatdagi norozilik vaziyatiga Hukumat, xususan, Energetika vazirligi, shuningdek, “Kazmunaygaz” va “Kazakgaz” kompaniyalarini aybladi.
LiveBarchasi