Hokim o‘rinbosarini yoqib yuborgan yakkabog‘lik tadbirkor ozodlikka chiqdi

Jamiyat

image

Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumani hokimi o‘rinbosarini ustiga benzin sepib yoqib yuborgan tadbirkor Bahriddin Isomov qayta sud-psixologiya ekspertizasi xulosasidan so‘ng kecha, 29 avgust kuni qamoqdan ozod etildi. Bu haqda tadbirkorning advokati Muzaffar Abidov ma’lum qildi.

Advokatning so‘zlariga ko‘ra, Qarshi universiteti psixologiya fakulteti olimlaridan iborat ekspertlar guruhi 24 avgust kuni Bahriddin Isomov to‘g‘risida “o‘sha xatti-harakatni sodir etgan vaqtida affekt holatida bo‘lgan” deb xulosa bergan. Ushbu xulosa asosida, Yakkabog‘ tumani prokurori sanksiyasi bilan ayblov Jinoyat kodeksining 97-moddasi (“Qasddan odam o‘ldirish”)dan 98-modda (“Kuchli ruhiy hayajonlanish holatida qasddan odam o‘ldirish”)ga qayta malakalanib, ayblov yengillashgani munosabati bilan qamoqqa olish ehtiyot chorasi bekor qilingan.

Advokatning aytishicha, Bahriddin Isomov shu bilan uchinchi marta ruhiy ekspertiza qilingan. Avvalroq, jinoiy ish qo‘zg‘atilgach, u sud-psixiatriya ekspertizasidan o‘tkazish uchun Toshkentga jo‘natilgani haqida xabar qilingan edi. Respublika sud-ekspertiza markazida o‘tkazilgan sud-psixiatriya tekshiruvida, protsessual qonunchilikka asosan uning umumiy ruhiy ahvolini o‘rganilib, ijobiy xulosa berilgan. Shundan so‘ng ayblanuvchining jinoiy qilmishni sodir etish chog‘ida affekt holatida bo‘lgan-bo‘lmaganini aniqlashtirish maqsadida sud-psixologik ekspertiza tayinlangan.

Advokat ekspertiza ushbu masalaga yuzaki va bir tomonlama qarab, ayblanuvchining ruhiy ahvolini hisobga olmaganini aytdi.

“Psixolog mutaxassislar himoyamdagi shaxs bilan hatto biror marta suhbatlashmagan ham. Uning ayblanishiga sabab bo‘lgan xatti-harakatning sodir etilishidagi vaziyat, motivlar puxta o‘rganilmagan. Shunchaki, tergov materiallari nari-beri varaqlanib, “bu odam o‘z xatti-harakatlariga javob bera oladi”, degan mazmunda xulosa tayyorlashgan!”, deydi advokat.

Bundan xabar topgan Muzaffar Abidov viloyat prokuroriga iltimosnoma yozib, himoyasi ostidagi shaxsga qayta ekspertiza tayinlanishiga erishadi. Bu safar Qarshi universiteti psixolog olimlaridan tashkil topgan ekspertlar Isomovning ruhiyatini va tergov materiallarini sinchiklab o‘rganib chiqishgach, jamiyatda katta rezonans keltirib chiqargan “Yakkabog‘ voqeasi” asosiy ishtirokchilaridan bo‘lgan mahalliy tadbirkorning o‘sha vaqtda affekt, ya’ni kuchli ruhiy hayajonda bo‘lganini tasdiqlagan.

Ish qayta malakalanishi bilan birga tergov tugatilib, materiallar sudga taqdim qilingan.

Ma’lumot uchun, JKning 98-moddasida kuchli ruhiy hayajonlanish holatida qasddan odam o‘ldirganlik uchun 2 yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi ko‘zda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 20 iyul kuni soat 17:30 larda 1976 yilda tug‘ilgan Yakkabog‘ tumani hokimi o‘rinbosari Mansur Tuymayev. “Hisor Sarlochin” MCHJga tegishli savdo do‘konlarini buzish ishlarini tashkillashtirayotgan vaqtda mazkur jamiyatda ishlovchi, 1963 yilda tug‘ilgan fuqaro Baxriddin Isomov o‘ziga tegishli savdo do‘konini buzilishiga faol qarshilik ko‘rsatib, Mansur Tuymayevning yuz qismiga yelim idishda bo‘lgan benzin yoqilg‘isini sepib, uni yoqib yuborgan. Ruy bergan voqea yuzasidan tergov-surishtiruv ishlari boshlangan.

27 iyul kuni Davlat xavfsizlik xizmati raisi Abdusalom Azizov “Eski Yakkabog‘” qo‘rg‘onida bo‘lib, holat yuzasidan viloyat mas’ullari bilan muloqot qilgan. Abdusalom Azizov Bahriddin Isomovga tegishli savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish do‘koni beton g‘ishtdan qurilgan bino ekanini ta’kidlab, bu binoni buzishga uringan tuman mas’ullari ishini qoralagan. Tuman hokimi, voqea “qahramoni” Tuymayev hamda tuman prokurori ishdan olingan.


Maqola muallifi

Teglar

Yakkabog' Bahriddin Tuymaev

Baholaganlar

105

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing