Hindiston kambag‘allikni kamaytirish uchun muqobil yo‘lni ishlab chiqdi
Olam
−
04 mart
9342Hindiston rivojlanish borasidagi mashhur miflarni yo‘q qilib, mamlakatda o‘ta qashshoqlik ahamiyatsiz darajaga tushib ketganini ta’kidladi. Bu haqda “The Economist” nashri xabar berdi.
Ko‘p yillar davomida iqtisodchilar sanoat sohasini jadal rivojlantirish kambag‘allikni qisqartirish yo‘lidagi birinchi qadam deb hisoblagan. Bundan ko‘zlangan maqsad kam ta’minlangan aholini zavodlarda ish bilan ta’minlash va shu orqali turmush sharoitini yaxshilashdir. Biroq Hindiston tajribasi bu fikrga ziddir.
Iqtisodchilar Surjit Bhalla va Karan Bhasin tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, 2024-2025 yillar uchun so‘rov natijalari shuni ko‘rsatadiki, Hindiston aholisining kuniga 2,15 dollarlik xalqaro qashshoqlik chegarasidan pastda yashaydigan ulushi (xarid qobiliyati pariteti bo‘yicha) bor-yo‘g‘i 1 foizni tashkil etadi. Bu aholining deyarli 50 foizi qashshoqlik chegarasida yashagan 1990 yillardagi vaziyatdan keskin farq qiladi.
Eng hayratlanarlisi shundaki, Hindiston aholisining 40 foizi qishloq xo‘jaligi bilan band bo‘lishiga qaramay, ushbu natijaga erisha olgan.
Xitoydagi kabi sanoatlashuv bilan solishtirganda, Hindiston o‘z aholisini zavodlarga jalb qilish o‘rniga qishloq joylarda yashashni davom ettirish orqali o‘z daromadlarini oshirish uchun sharoit yaratdi. Ya’ni qishloq xo‘jaligini yaxshilash, qishloq aholisining ish haqini oshirish va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash dasturlari millionlab odamlarni qashshoqlikdan qutqardi.
San-Diyegodagi Kaliforniya universiteti tadqiqotchilarining tahlili shuni ko‘rsatdiki, Xitoyda kambag‘allikdan qutulganlarning 37 foizi qishloq xo‘jaligidan ishlab chiqarish yoki xizmat ko‘rsatish sohasiga o‘tgan bo‘lsa, Hindistonda bu ko‘rsatkich atigi 10 foizni tashkil etadi. Bu qishloqda ham iqtisodiy taraqqiyotga erishish mumkinligini ko‘rsatadi.
Iqtisodchilar Hindistonda qashshoqlikning yangi mezonlarini joriy etish zarurligini ham ta’kidlamoqda. Hozirgi xalqaro kambag‘allik chegarasi (2,15 dollar) deyarli barchani qamrab olgani sababli, keyingi taraqqiyotni to‘g‘ri baholash qiyin bo‘ladi. Shuning uchun tadqiqotchilar eng past daromadli aholining 25-30 foizini qamrab oladigan yangi qashshoqlik chegarasini belgilashni taklif qilmoqda.
Chunki daromad qanchalik ko‘paymasin, ko‘pchilik hali ham moliyaviy beqarorlik muammosiga duch keladi. Misol uchun, ko‘p odamlar sog‘liqni saqlash, ta’lim yoki uy-joy xarajatlarini og‘ir deb biladi.
Hindiston tajribasi shuni ko‘rsatadiki, iqtisodiy rivojlanishning yagona to‘g‘ri yo‘li yo‘q. Shu paytgacha sanoatlashtirish va migratsiya asosiy vosita sifatida ko‘rilgan bo‘lsa-da, endi qishloqlarda iqtisodiy o‘sish ham samarali bo‘lishi aniq bo‘ldi. Hindistonda millionlab odamlar qishloq joylarda qolib, qashshoqlikdan qutulgan.
Bu boshqa rivojlanayotgan mamlakatlar uchun yaxshi saboq bo‘lishi mumkin. Qashshoqlikka qarshi kurashda nafaqat zavod-fabrikalar qurish, balki mavjud resurslardan samarali foydalanish, qishloq infratuzilmasini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish muhim ahamiyat kasb etishi tasdiqlandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 2024 yil yakuni bilan xalqaro standartlar asosida kambag‘allik darajasi aniqlangandi. Unga ko‘ra, o‘tgan yilda O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 11 foizdan 8,9 foizga kamaygan (3,3 million kishi yoki 2023 yilga nisbatan 719 mingga kamaygan). Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga ko‘ra, ushbu natija Jahon banki bilan hamkorlikda olib borilgan tadqiqotlar asosida aniqlangan.
LiveBarchasi
Trenddagilar

