O‘zbekistonda kambag‘allik chegarasi yangilandi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda bir kishining bir oylik minimal iste’mol xarajatlari 669 ming so‘m deb e’lon qilindi va bir kishilik xarajat shundan oshadigan oilalar rasman kambag‘al deb hisoblanmaydi. Bu haqda bugun, 4 fevral kuni Statistika agentligi tomonidan e’lon qilingan “Minimal iste’mol xarajatlari qiymati to‘g‘risida”gi hisobotda keltirilgan.

Unga ko‘ra, 2024 yil dekabr oyida may oyiga nisbatan hisoblangan iste’mol narxlari indeksidan kelib chiqib, 2025 yil uchun hisoblangan minimal iste’mol xarajatlari qiymati bir oyda kishi boshiga 669 ming so‘mni tashkil etdi (2024 yil 1 mayda e’lon qilingan qiymat 648 so‘mni tashkil etgan).

Minimal iste’mol xarajatlari qiymatini hisoblash tartibiga asosan, kelgusi yil uchun minimal iste’mol xarajatlari oziq-ovqat, nooziq-ovqat, mahsulotlari va xizmatlar narxlari darajasidan kelib chiqib, indeksatsiya qilib boriladi.

Jahon tajribasida minimal iste’mol xarajatlari ko‘rsatkichidan kambag‘allik chegarasi sifatida foydalanish keng tarqalgan bo‘lib, mazkur ko‘rsatkichdan:

  • davlatning moddiy va boshqa ijtimoiy ko‘maklariga muhtoj aholining maqsadli (target) guruhini aniqlash;
  • kambag‘allikka qarshi kurashish strategiyasi va dasturlarida belgilangan vazifa va chora-tadbirlarning natijadorligi hamda manzilliligini oshirish, shuningdek, ularning doimiy monitoringini yuritish;
  • pensiyalar va nafaqalarning eng kam miqdorini belgilash, shuningdek, kambag‘al oilalarga beriladigan boshqa turdagi moddiy ko‘maklarni ko‘rsatishda mezon sifatida foydalaniladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 2024 yil yakuni bilan xalqaro standartlar asosida kambag‘allik darajasi aniqlangandi. Unga ko‘ra, 2024 yilda O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 11 foizdan 8,9 foizga kamaygan (3,3 mln kishi yoki 2023 yilga nisbatan 719 mingga kamaygan).


Maqola muallifi

Teglar

kambag'allik chegarasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing