Havo hududi yopiq bo‘lsa, o‘zbekistonliklar Ukrainadan qanday qaytariladi?

Bu qiziq

image
Tezkor! Xarkovdagi o‘zbekistonlik talabalar metroga evakuatsiya qilinmoqda (video) north_east

Tezkor! Xarkovdagi o‘zbekistonlik talabalar metroga evakuatsiya qilinmoqda (video)

Avval xabar berganimizdek, ayni vaqtda Rossiyaning qurolli hujumlari ostida qolayotgan Ukrainada minglab o‘zbekistonlik migrantlar, talabalar va davolanishga borgan fuqarolar bor. O‘zbekistonning Kiyevdagi elchixonasi ro‘yxatga olgan o‘zbekistonliklarning rasmiy soni 4300 nafarni tashkil etmoqda. 

Bugun, 24 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Ukrainada bo‘lib turgan fuqarolarga murojaat qilib, qaytish istagida bo‘lganlar elchixona bilan muloqot qilishi kerakligini urg‘ulagandi. 

Ayni vaqtda Kiyev va Xarkov shaharlarida aholi evakuatsiya qilinmoqda. Odamlar metro bekatlarida jon saqlamoqda, jumladan o‘zbekistonliklar ham. Mamlakatning havo hududi yopilgan. Shunday ekan, O‘zbekiston fuqarolarini qanday qilib mamlakatga qaytarmoqchi? Savollarga O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Yusuf Qobuljonov davob berdi. 

Uning qayd etishicha, O‘zbekiston Respublikasining Kiyevdagi elchixonasi tomonidan evakuatsiya rejasi ishlab chiqilmoqda. 

“Shu maqsadda, birinchi navbatda, qo‘shni davlatlar orqali jo‘nab ketish yo‘nalishlari va keyingi borish manzillari o‘rganilmoqda”, deydi rasmiy vakil.

Urush holati chuqurlashadigan bo‘lsa, Ukrainadagi fuqarolarimizni oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash rejalashtirilganmi? Rasmiy vakil quyidagicha javob berdi: 

“Shak-shubhasiz, Ukrainada bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining maishiy masalalarini hal etish uchun zarur choralar ko‘riladi”.

Rasmiy vakilga ko‘ra, hozirgacha O‘zbekistonning Kiyevdagi elchixonasiga jarrohlik muolajasidan o‘tayotgan o‘zbekistonliklardan murojaatlar kelib tushmagan. Truskavets shahrida sanatoriylarda davolanayotganlar bundan mustasno.

Uning ta’kidlashicha, Ukraina tibbiyot muassasalari tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha o‘z ishlarini davom ettirmoqda.

Xo‘sh, Ukraina va Rossiyaning ayrim hududlariga chegaralangan aviaqatnovlar qachongacha davom etadi? 

“Ukraina rasmiylari mamlakat uzra havo hududi yopilganini e’lon qildi. Hozircha bu cheklovlarning qachongacha davom etishi noma’lum”, deydi Qobuljonov.

Ukraina hududida bo‘lib turgan va yordamga muhtoj fuqarolar quyidagi raqamlar va manzil orqali O‘zbekiston Respublikasining Ukrainadagi elchixonasi bilan bog‘lanishlari mumkin: 

Telefon: +380 44 501 50 00, +380 44 501 41 81, +380 44 501 41 82, +380 44 501 41 83.

Faks: +380 44 501 50 01

E-mail: embassy@uzbekistan.org.ua

Manzil: 01901, Ukraina, Kiyev shahri, Vladimirskaya ko‘chasi, 16-uy.

Rossiyaning Ukrainaga bosqini

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Buning ortidan Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi.

Rus qo‘shinlari dastlab Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, rasmiy idora rus qo‘shinlari Xarkov va Odessa viloyatiga kirib borganini bildirdi.

Hujum boshlanganidan ko‘p o‘tmay, LXR Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vitaliy Kiselev Schaste va Stanitsa shaharchalari LXR nazoratiga o‘tganini e’lon qildi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

142

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing