Yunusobodda boshlangan “snos”, “qo‘li qisqarayotgan” Nazarboyev, oltin bozoriga kirayotgan Usmonov... Bugun nimalar bo‘ldi?
Tahlil
−
27 yanvar 2022
11447Jamiyat
Toshkentda terrorchilik tashkilotiga a’zo katta guruh ushlandi
Toshkentda “Tavhid va jihod katibati” (O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2016 yil 26 sentyabrdagi qarori bilan terroristik deb topilib, mamlakatimiz hududida uning faoliyati taqiqlangan) nomli terrorchilik tashkilotining bir gurux a’zolari ushlandi. Bu haqda poytaxt IIBB Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Toshkent shahri hududida jamoaviy yig‘inlarni o‘tkazib, kelgusida Suriya hududida faoliyat yuritayotgan terrorchilik tashkilotlarining safiga qo‘shilishni rejalashtirib kelgan.
Bugundan “metan zapravka”lar faoliyati qisman tiklandi
Bugun, 27 yanvar soat 9:00 dan boshlab shaharlararo yo‘nalishlar bo‘ylab, shuningdek, aksariyat hududlarda gaz quyish shoxobchalari ishlay boshlaydi. Bu haqda Energetika vazirligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, ayni damda Toshkent, Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlari bundan mustasno bo‘lib, ushbu hududlarda gaz ta’minotining ish rejimini tiklash ishlari olib borilmoqda.
“Ertaga ertalabdan boshlab respublikamizdagi barcha gaz quyish shoxobchalari ish faoliyatini tiklash rejalashtirilmoqda”, deyiladi vazirlik rasmiy xabarida.
O‘zbekiston harbiy qudrat bo‘yicha dunyo reytingida pastladi
O‘zbekiston harbiy salohiyat bo‘yicha Markaziy Osiyoda birinchi, dunyo bo‘ylab 54-o‘rinni egalladi. Bu o‘tgan yildagiga qaraganda 3 pog‘ona past degani. Bu haqda “Global Firepower”ning yangilangan reytingida qayd etilgan.
Mutaxassislar qurolli kuchlarni ellikta parametr bo‘yicha baholagan. Ular orasida qo‘shinlar soni, texnik ta’minot, moliyalashtirish va askarlar harakatchanligi ko‘rsatkichlari kabi mezonlar mavjud.
Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari orasida O‘zbekiston eng yaxshi natijalarga erishdi: respublika reytingning 51-pog‘onasini egalladi. Qozog‘iston, Turkmaniston, Qirg‘iziston va Tojikiston mos ravishda 64, 83, 90, 111-o‘rinlardan joy olgan. “Tolibon” hokimiyatni egallagan Afg‘oniston 118-o‘rinni band qilgan.
Shoshilinch axborot! O‘zgidromet chang bo‘ronidan ogohlantirdi
Toshkent viloyatida kuchli shamol esishi oqibatida chang bo‘ron va g‘uborlar kuzatilishi mumkin. Bu haqda Gidrometeorologiya xizmati markazi xabar berdi.
Markaz xabariga ko‘ra, bugun, 27 yanvar kuni Turkmaniston hududidan iliq havo oqimi kirib kelgan. Natijada harorat va atmosfera bosimining nisbatan gradiyentlari vujudga kelishi hisobiga Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanining ba’zi joylarida shamol tezligi 17-22 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda.
Shu sababdan mazkur hududda chang bo‘ron va g‘uborlar kuzatilishi mumkin.
Energetika vazirligi haydovchilardan AI-80 benzinidan foydalanishni so‘radi
Energetika vazirligi gaz shoxobchalardagi cheklovlar sabab haydovchilardan Ai-80 benzinidan foydalanib turishni so‘radi. Bu haqda vazirlik Matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, ayni paytda Farg‘ona vodiysiga gaz ta’minotini normallashtirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Ushbu ishlarni yaqin vaqt ichida yakunlash rejalashtirilgan.
Xabarga ko‘ra, bugun, 27 yanvar kuni soat 9:00 dan boshlab shaharlararo yo‘nalishlar bo‘ylab, shuningdek aksariyat hududlarda gaz quyish shoxobchalari odatiy ish rejmida ishlay boshladi. Ayni paytda Toshkent, Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlarida gaz bosimi me’yori pastligi bois, ushbu viloyatlardagi gaz quyish shoxobchalarida vaqtinchalik cheklovlar saqlanib turibdi.
Yunusobodda yana “snos”. Bosh rolda prokuratura xodimi Umid Azizov
25 yanvar. Butun O‘zbekiston 20 soat davomida “svet”siz qoldi. Hatto, poytaxt Toshkent ham zulmatga cho‘mib, respublika rahbariyati energetika sohasidagi muammolarni bartaraf qilish, odamlarni tinchlantirish bilan ovora bo‘lib turgan bir paytda “snos”ni “kasb” qilib olganlar eski “qilmish”larini takrorladi. Echkiga jon qayg‘usi, qossobga moy qayg‘usi deb shuni aytishsa kerak.
Gap 25 yanvar kuni Yunusobod tumanining 6-mavzesida buzilgan do‘konlar va ularning bir necha soatga qamab qo‘yilgan rahbarlari xususida ketmoqda. Bosh rolda esa Yunusobod tumani 2-sektor kotibi – prokuratura xodimi Umid Azizov. Siz uni avvalgi “snos”larga bosh-qosh bo‘lgani va QALAMPIR.UZ jurnalisti Feruza Najmiddinovani ichki ishlar idoralariga olib ketish bilan tahdid qilgani orqali yaxshi taniysiz. 2021 yilning sentyabrida muhokamalar markaziga chiqqan ushbu voqea ortidan Azizovga nisbatan dastlab, “odob darsi” so‘ngra, “hayfsan” intizomiy jazosi qo‘llaniladi. Yunusobod tumani hokimi o‘rinbosari Shuhrat Qo‘chqorovga nisbatan intizomiy jazoga tortish bo‘yicha ish qo‘zg‘atildi.
Olam
Besh davlat o‘z diplomatlarini Ukrainadan evakuatsiya qiladi
AQSH, Avstraliya, Buyuk Britaniya, Germaniya va Kanada o‘z diplomatlarining bir qismi va ularning oila a’zolarini Ukrainadan evakuatsiya qilmoqda. Bu haqda TASS xabar bermoqda.
Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kulebaning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainadagi 129 diplomatik vakolatxonadan faqat to‘rtta davlat — AQSH, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Germaniya Kiyevdan xodimlarini evakuatsiya qilish qarorini aytgan. Kecha, 25 yanvar kuni kechqurun Ukrainadan diplomatlarining oilalarini evakuatsiya qilish qarori Kanada Tashqi ishlar vazirligi tomonidan e’lon qilingan.
Nazarboyevning “qo‘li” yanada qisqaradigan bo‘ldi
Qozog‘iston parlamenti Senati respublikaning birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning Xavfsizlik Kengashi va Qozog‘iston xalqi assambleyasiga (QXA) umrbod raisligini bekor qilishni ko‘zda tutuvchi qonunni qabul qildi. Bu haqda "Orda" xabar berdi.
“Senatorlar Xavfsizlik Kengashi va QXAga lavozimi bo‘yicha davlat rahbari boshchilik qilishi kerakligi haqidagi qonun hujjatlariga kiritiladigan o‘zgartirishlarni qo‘llab-quvvatladilar. Shu bilan birga, senatorlar qonun loyihasini muhokama qilish chog‘ida yana bir tuzatish kiritdilar. “Birinchi Prezident to‘g‘risida”gi qonunda tashqi va ichki asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha tashabbuslar Elboshi bilan kelishilishi haqidagi band chiqarib tashlanyapti. Shunday qilib, Senat qonun hujjatlariga kiritilgan o‘zgartishlarni konseptual jihatdan ma’qulladi va ushbu o‘zgartirish bilan Majlisga qaytarishga qaror qildi”, degan deputat Lazzat Sulaymon.
AQSH Rossiyaning mislsiz talablariga javob berdi
AQSHning Rossiyadagi elchisi Jon Sallivan Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga Vashingtondan Rossiyaning xavfsizlik takliflariga yozma javobini olib keldi. Bu haqda Rossiya TIV saytida xabar berildi.
“Uchrashuv davomida Amerika diplomatik missiyasi rahbari AQSH ma’muriyatining avvalroq Rossiya tomonidan taqdim etilgan xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha ikki tomonlama shartnoma loyihasiga yozma javobini topshirdi”, deyiladi xabarda.
Qirg‘iziston Markaziy Osiyo energetik halqasidan chiqdi
Qirg‘iziston elektr tizimidagi yirik nozoslik sabab Markaziy Osiyoning yagona energetik halqasidan chiqdi. Bu haqda mamlakat Energetika vaziri Matbuot kotibi Jiyde Zootbekova ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Qirg‘izistonda elektr energiyasini bosqichma-bosqich tiklash boshlangan. Ayni vaqtda mamlakatning 50 foiz hududi elektr energiyasi bilan ta’minlangan. Qolgan qismini ulash ishlari davom etmoqda.
Birinchi Prezidentning uzoq yillik hamkori davlatga xiyonatda ayblanib, qamoqqa olindi
Qozog‘istonning sobiq Prezidenti Nursulton Nazarboyevning uzoq yillik hamkori, mamlakat Milliy xavfsizlik qo‘mitasi (MXQ) sobiq raisi Karim Masimov va uning o‘rinbosari Anuar Sadiqulov qamoqqa olindi. Uchinchi gumonlanuvchiga nisbatan ehtiyot chorasi tanlanmoqda. Bu haqda MXQga tayanib xabar berilgan.
“Masimov K.K. va Sadiqulov A.T.ga qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi tayinlandi. Yergojin D.Ye.ga ehtiyot chorasini tanlash masalasi ko‘rib chiqilmoqda”, deyiladi xabarda.
Alisher Usmonov oltin bozoriga kirib kelyapti
Rossiyalik milliarder Alisher Usmonov xoldingi va hamkorlari USM Gold kompaniyasiga asos soldi. Mutaxassislar oltin bozorida yangi yirik o‘yinchi paydo bo‘lishini istisno qilmayapti. Bu haqda RBK ma’lum qildi.
USERLE (Yuridik shaxslarning yagona davlat reyestri) ma’lumotlariga ko‘ra, Alisher Usmonov va Vladimir Skochga (deputat Andrey Skochning otasi) tegishli USM xolding USM Gold’ni 2021 yil noyabr oyi oxirida ro‘yxatdan o‘tkazgan.
Hammasi Putinning ishi – Bayden
Tobora taranglashib borayotgan Rossiya-Ukraina chegarasidagi vaziyat ortidan AQSH Prezidenti Jozef Bayden o‘z fikrlarini bildirdi. U hozir holat mutlaqo noaniqligini tan olib Rossiya Ukarinaga hujumni boshlaydigan bo‘lsa AQSH va G‘arb barcha zaruruiy choralarni ko‘rib qo‘ygani haqida ma’lum qilgan.
AQSH Prezidenti Baydenga ko‘ra, Rossiya-Ukraina borasidagi vaziyat faqat bir shaxs, Valadimir Putinning siyosiy irodasiga bog‘liq tarzda jiddiylashib bormoqda. U Rossiya rahbariga qarshi jiddiy sanksiyalar qo‘llashni taklif qilgan.
Bayden Putinning noaniq harakatlari AQSH va boshqa G‘arb rahbarlarini chalkashtirib yuborgan jumboq bo‘lib qolayotganini aytgan.
Sport
Shahram G‘iyosov faoliyatini yakunlagan Ergashevni ringga chorladi
Professional boksning super yengil vazn toifasi jangchisi, o‘zbekistonlik Shahram G‘iyosov (12-0) Instagram sahifasida bir necha kun avval faoliyatini yakunlagan Shohjahon Ergashevga (21-0) murojaat qildi.
“Sen bilan tugallanmagan jangimiz bor edi, o‘rtoq, lekin sport faoliyatingi yakunlabsan… Senga omad tilayman. Agar qaytish niyating bo‘lib qolsa, men kutaman”, deydi G‘iyosov.
O‘z navbatida Shohjajon Ergashev ham bunga munosabat bildirdi:
“Men ham seni uchratganimdan xursandman. Sening sportdagi faoliyatingni hurmat qilaman. Sen juda kuchli bokschisan. Albatta, men ham sen bilan jang qilishni xohlar edim, afsuski, boksni tashladim. Lekin otam bilan gaplashishim kerak, agar menga ruxsat bersa, albatta, jang qilishga tayyorman. Ammo tayyorgarliging yuqori bo‘lsin. Men ham sen bilan hisobni yopib, boksni tamomlashni istar edim”.
Boks va UFC chempionlari bitta jangda qancha pul topadi?
Joriy yilning 23 yanvar kuni o‘tkazigan UFC 270 turniri jangchilariga to‘langan umumiy gonorar WVC yo‘nalishi bo‘yicha og‘ir vazn toifasi chempioni Tayson Fyuri va uning raqibi Deontey Uaylderning uchinchi jang uchun olgan daromadlaridan 25 baravar kamroq bo‘lgan.
“UFC 270 da qatnashgan barcha jangchilar uchun umumiy to‘lov 1,8 million dollarni tashkil etdi. Fyuri Deontey Uaylder bilan uchinchi jangi uchun 30 million dollar ishlab oldi. Uaylder esa 20 million. Fyuri va Uaylder UFC 270 ning barcha jangchilari daromadidan 25 baravar ko‘p ishlab olishdi. Shundan so‘ng, promoushen jangchilarining maoshlari muammo emasligini tushuntirib bering”, deya yozgan “Combat Sport” jurnalisti Andreas Xeyl.
Mahmud Murodovning jangi bekor qilindi
UFC o‘rta vazn toifasi jangchisi Mahmud Murodovning joriy yil 26 fevral kuni Latviya vakili Misha Sirkunovga qarshi jangi bekor qilindi. Bu haqda Murodovning o‘zi Instagram sahifasi orqali xabar berdi.
Qayd etilishicha, Murodov mashg‘ulotlar vaqtida qo‘lidan olgan jarohati sababli to‘qnashuv bekor bo‘lgan.
LiveBarchasi