Ikki vazirning favqulodda iste’fosi, kuni bitgan poraxo‘rlar, homilador o‘quvchilar – Hafta tahlili
Tahlil
−
08 mart
29833O‘zbekistonda xitoyliklar ko‘payyapti, mamlakat yerlari xitoyliklarga sotilyaptimi? Ichki ishlar vaziri ishdan ketdi, sabablari mavhum. Maktab o‘quvchilari homilador bo‘lib qolyapti, o‘qituvchilar esa voyaga yetmagan qizlarga shahvoniy shilqimlik qilyapti. Korrupsiyaga qarshi kurashayotgan O‘zbekistonda korrupsiya kamaymayapti, aksincha, asosiy kurashchi bo‘lganlar, huquq-tartibot organlarining o‘zida ham poraxo‘rlik avj olgan. Bu o‘zbekistonliklar tugayotgan haftada eng ko‘p muhokama qilgan mavzular. Hafta voqealari tahlilining navbatdagi sonida yuqoridagilar haqida atroflicha so‘z yuritiladi.
Ishdan olingan Bobojonov
2017 yildan buyon O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligini boshqarib kelayotgan general-leytenant Po‘lat Bobojonovning lavozimidan ozod etilganining isi joriy haftaga kelib chiqdi. U o‘zi qachon lavozimidan ozod etilgan, nega vazirlikdan bo‘shatilgan, bu savollar mavhumligicha qolmoqda. Po‘lat Bobojonovning lavozimidan ozod etilishi bilan bog‘liq Prezident farmoni hech qayerda e’lon qilingani yo‘q. O‘zbekiston Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov 2 mart kuni Telegram’dagi sahifasida Toshkent shahar Ichki ishlar vaziri lavozimiga shu kungacha Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i kursisini egallab kelayotgan general-mayor Aziz Toshpo‘latov tayinlanganini e’lon qildi, xolos.
3 yil Toshkent osoyishtaligiga bosh bo‘lgan Toshpo‘latov endi vazir. Sherzod Asadov Po‘lat Bobojonovning qaysi ishga o‘tkazilgani haqida ham miq etmagan. Holbuki, Bobojonov endi Prezidentga yanada yaqin. U O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining kadrlar siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisining o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan. Faqat bu haqdagi axborotni Prezident Administratsiyasi qolib, Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov e’lon qildi.
Yodingizda bo‘lsa, bundan 3 oy avval Davlat xavfsizlik xizmatining sobiq raisi Abdusalom Azizovning lavozimidan ozod etilishi ham xuddi Bobojonovnikiga o‘xshash ssenariy asosida amalga oshirilgan edi. Avvaliga, 2024 yilning 23 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarga 2019 yildan buyon DXX raisi lavozimida ishlab kelayotgan general-leytenant Abdusalom Azizov ishdan olingani, uning o‘rniga 2019 yildan buyon Mudofaa vazirligini boshqarib kelayotgan general-mayor Bahodir Qurbonov tayinlangani haqidagi xabarlar sizdirildi. Ko‘p o‘tmay, bu ma’lumot Davlat xavfsizlik xizmatining Telegram’dagi sahifasida tasdiqlandi. Oradan bir kun o‘tib, 24 noyabr kuni Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ham tayinlovlar haqidagi ma’lumotlarni tasdiqladi. Biroq Azizovning nima sababdan ishdan bo‘shatilganiga aniqlik kiritmadi, uning Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibiyati ixtiyoriga o‘tkazilganini bildirdi.
4 dekabrga kelib Asadov yana xabar chop etib, Abdusalom Azizov Prezidentning ijtimoiy-siyosiy, diniy-ma’rifiy va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlanganini bildirdi.
Po‘lat Bobojonovning ishdan bo‘shatilishi Ichki ishlar vazirligi tizimidagi yagona iste’fo emas. Vazirning birinchi o‘rinbosari – Tezkor-qidiruv departamenti boshlig‘i polkovnik Shavkat Rahmonov ham ishdan olindi. Biroq uning ham qachon va nima sababdan lavozimidan ozod etilgani ma’lum emas. Ommaviy axborot vositalari Rahmonovning lavozimdan ozod etilgani haqida bong ursa ham, vazirlik bu xabarlarga rasmiy munosabat bildirmay kelmoqda. Biroq tashkilot saytining rahbariyat bo‘limidan Shavkat Rahmonov nomi allaqachon o‘chirib yuborilgan. U bu lavozimda 2023 yilning fevralidan ishlab kelayotgan edi.
Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasida Aziz Toshpo‘latovdan bo‘shagan o‘rinni esa 2023 yilning avgustidan buyon Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgan polkovnik Ravshan Sultonxo‘jayev egalladi. Poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi Sultonxo‘jayevga begona emas. U 2021-2023 yillarda Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari – Huquqbuzarliklar profilaktikasi departamenti boshlig‘i, ungacha esa poytaxt IIBB tashkiliy boshqarmasi boshlig‘i, shuningdek, IIV tezkor tergov boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.
Bobojonovning iste’fosiga keladigan bo‘lsak, u ancha kutildi. Jamoatchilik, faollar fikricha, Bobojonov davrida mahkumlarning o‘z joniga qasd qilishi, qamoqxonalardan ularning murdasi chiqishi, fuqarolarning Ichki ishlar xodimlari tomonidan kaltaklanishi, tergov izolyatorlaridagi qiynoqlar ko‘paysa ko‘paydiki, kamaygani yo‘q. Hatto, IIB xodimlarining xizmat quroli bilan o‘zini otib qo‘yishi kabi holatlar ham uchradi. Biroq Bobojonov vazirlik davrida bularning hech biriga munosabat bildirgani, qiynoqlar, tizimdagi xato va kamchiliklar uchun xalqdan uzr so‘ragani yo‘q.
FVV rahbariyatidagi o‘zgarishlar
Yodingizda bo‘lsa, fevral oyi oxirlarida 2022 yilning martidan buyon Favqulodda vaziyatlar vaziri lavozimida ishlab kelayotgan general-mayor Abdulla Qo‘ldoshev iste’foga chiqarilgan edi. Uning ham ishdan bo‘shatilishi Bobojonovnikidan farq qilmaydi. Prezident matbuot kotibi va boshqa rasmiylar Qo‘ldoshevning ishdan bo‘shatilishiga oid farmonni e’lon qilmadi, uning lavozimidan ketgani haqida xabar bermadi, sabablari haqida ham miq etilmadi. Faqat go‘yo bu lavozim azaldan bo‘sh turgandek, Asadov Favqulodda vaziyatlar vazirligiga Prezidentining farmoni bilan Bosh prokuror o‘rinbosari – Harbiy prokuror lavozimida ishlab kelayotgan Botir Qudratxo‘jayev tayinlanganini e’lon qildi, xolos.
Tugayotgan haftada esa vazirning ikki o‘rinbosari – Xurshid Sotiyev va Nuriddin Qodirov Prezidentning tegishli qarori bilan ishdan olingani e’lon qilindi. Sabablari mavhum qolayotgan iste’folarning sababiga esa Prezident Shavkat Mirziyoyevning o‘zi shu hafta Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashning korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha ishlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishida aniqlik kiritdi.
Davlat rahbarining bildirishicha, Favqulodda vaziyatlar vaziri lavozimida ishlab kelayotgan general-mayor Abdulla Qo‘ldoshev va uning ikki o‘rinbosari qurilishga ruxsat berish, binoni topshirishda yong‘in xavfsizligi bo‘yicha byurokratiya va qonun buzilishlar ko‘payib ketgani uchun ishdan olingan.
Shuningdek, hafta bo‘yicha davom etgan shov-shuvli iste’folar faqat shulardan iborat emas. Tugayotgan haftada O‘zbekiston Adliya vaziri o‘rinbosari Xudoyor Meliyevning imi-jimida lavozimidan ozod etilgani fosh bo‘ldi. Nega endi imi-jimida deyapman?! Chunki 2019 yildan buyon vazirga o‘rinbosar bo‘lib kelayotgan Meliyev haqidagi ma’lumotlar Adliya vazirligi saytidan olib tashlangan va uning o‘rni vakant o‘laroq hozircha bo‘sh turgani ko‘rsatilgan. Adliya vazirligi hozirgacha bu iste’foning qachon ro‘y bergani va sabablariga aniqlik kiritgani yo‘q.
Bu orada ekranlar qarshisidan uzoqlashmang. Chunki Prezident bu hafta poraxo‘rlikka qarshi kurashish masalida jiddiy yig‘ilish o‘tkazgan. Eng qizig‘i, hali oldinda.
O‘zbekiston yerlari xitoyliklarga sotib yuborilyaptimi?
Ijtimoiy tarmoqlarning qay biriga kirmang, odamlar tilidan tushmay muhokama qilinayotgan asosiy masala O‘zbekiston, xususan poytaxt Toshkentda xitoy millatiga mansub fuqarolar va xitoyliklarning do‘kon, savdo majmualari, dam olish maskanlari va restoranlari ko‘payib qolgan. Ko‘pchilik O‘zbekistonning strategik qazilmalar olinadigan yer maydonlari ham xitoyliklarga berib yuborilayotgani haqidagi farazlardan xavotirda.
Aslida bugungacha O‘zbekistondagi biror strategik qazilmalar xitoyliklar qo‘liga o‘tgani haqida jamoatchilikka ochiq bo‘lgan aniq hujjat mavjud emas. Boshqa tomondan, strategik qazilmalarni olish va qayta ishlashda davlatlar o‘zaro hamkorlik qilishi butun dunyoda kuzatiladigan holat. Xitoyliklar yoki umuman, biror xorijiy mamlakat fuqarolariga O‘zbekiston yerlarining sotib yuborilayotgani haqidagi gaplarga esa Kadastr agentligi munosabat bildirib chiqdi.
Agentlikka ko‘ra, yer uchastkalarini berish (realizatsiya qilish) talablari O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksi bilan belgilangan hamda uning 17-moddasiga muvofiq chet ellik fuqarolar va yuridik shaxslar, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar yer uchastkalariga faqat ijara huquqi asosida ega bo‘lishi mumkin.
Ushbu kodeksning 24-moddasiga muvofiq chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarga, xalqaro birlashmalar va tashkilotlarga, chet el jismoniy va yuridik shaxslariga yer uchastkalari ijaraga beriladi.
Shuningdek, “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq chet ellik fuqarolar, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, chet el yuridik shaxslari, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar, shuningdek, davlat organlari, muassasalari, korxonalari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xususiylashtirish sub’ektlari bo‘lmaydi, ya’ni chet elliklarga yer xususiylashtirib berilmaydi. Yanada aniq aytilsa, sotilmaydi! Hatto, qishloq xo‘jaligi yerlarini O‘zbekiston fuqarolari ham xususiylashtirib ololmaydi. Demak, bu gaplar safsata.
“Yerlarimiz chet el fuqarolariga berib yuborilyapti mazmunidagi xabarlar asossiz va oxirigacha o‘rganilmasdan chiqarilgan xabarlar. Shu o‘rinda fuqarolarimizdan har xil aldovlarga uchmasliklarini, ijtimoiy tarmoq faollaridan esa yolg‘on va asossiz xabarlarni tarqatmaslikni so‘rab qolamiz. Zero, oxiri o‘ylanmay qilingan yuqoridagi kabi holatlar aholida norozilik, qonunlarga nisbatan ishonchsizlik kayfiyatini keltirib chiqarishi, hatto, investitsiya muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini unutmang”, deyiladi munosabatda.
Ijtimoiy tarmoqlarga bir mo‘ralasangiz, odamlar bir-biri bilan talashib, urishgan, haqorat qilgan, o‘zbek o‘zbekning ko‘zini o‘yayotganiga guvoh bo‘lasiz. Ayniqsa, “divanniy kommentator”larning hisobiga hozir istalgan yolg‘on ma’lumotni xuddi rostdek taqdim etish imkoni ortgan. Bitta yolg‘on xabarni jamoatchilik orasiga tashlab qo‘yasiz, boshi-oxirini bilmay, ma’lumot tekshirilmay, surishtirilmay muhokama boshlanadi. Ba’zan bu muhokamalarga jamiyatda o‘z o‘rniga, ortidan odamlarni ergashtirish kuchiga ega odamlar ham qo‘shiladi. Qarabsizki, boyagi yolg‘on rostga aylanadi. Xitoyliklar masalasida chiqqan shov-shuvli gaplarga Kadastr agentligidan boshqa idoralar hozircha munosabat bildirgani yo‘q. Shu bois idoralarning jim o‘tirishi odamlarning murosasizligini orttirayotgani ham bor gap. Holbuki, vaziyat u qadar qo‘rqinchli emas ekan, nega jamoatchilikning xavotirlariga boshqa rasmiy idoralar munosabat bildirmayapti?
Toshkentda, umuman, O‘zbekistonda xitoyliklarning ortib borayotganiga kelsak, O‘zbekiston Xitoy uchun katta salohiyatga ega, tarixiy va ochilmagan qirralari ko‘p bozor. Bu yerda xitoy mollariga o‘chlik juda yuqori. Qolaversa, Xitoy AQSH va Yevropa bilan qil ustida turgan munosabatlari hisobiga yangi bozorlarni zabt etish yo‘llarini qidiryapti. Boshqa tomondan, o‘tgan yilning dekabrida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida 30 kunlik vizasiz rejim joriy qilingan.
Dunyoda esa integratsiya jarayonlari kuchayib bormoqda. Bozorlar kengaymoqda. Birgina o‘zbeklarni olib qaraylik, AQSHning Bruklin, Manxetten, Sinsinnatisi o‘zbek muhojirlari bilan to‘lib toshgan. Ular orasida AQSH pasportiga ega minglab o‘zbeklarni uchratasiz. O‘zbekistonda katta mol-mulkka ega o‘zbekistonliklar orasida ham hozir AQSHda yashab, o‘sha yerda rizqini topib yurgan o‘zbeklarni ko‘rasiz. Nyu-Yorkda o‘zbek restorani, mehmonxonasi, supermarketi ham juda ko‘p. Koreyada ham shunga o‘xshash holatga guvoh bo‘lasiz, Turkiyani-ku aytmasam ham bo‘ladi. Xo‘sh, bu davlatlar o‘zida o‘zbeklar va ularning biznesi ko‘payib borayotganidan bezovtami? Yo‘q! Aksincha, ular mustahkam qonunlar va yangilik qilishga intila oladigan, dunyo bozori bilan bemalol raqobatlasha oladigan xalqiga ishonadi. To‘g‘rirog‘i, davlat bosh islohotchi va o‘sha xalqni allaqachon yetishtirgan. Bunday vaziyatda davlatning asosiy tirgagi mustahkam qonunlar, o‘zgarmas prinsip va kuchli aql-idrokli xalq bo‘lishi kerak. Har qanday mamlakat kuchli siyosat va barqaror iqtisodga qonun ustuvorligi, huquqiy jamiyat barpo etish, ilm-fanni yuksaltirish va tadbirkorlik oldidagi byurokratik to‘siqlarni olib tashlash, yangiliklarni amalga oshirish uchun keng imkon yaratish, og‘zaki va inson omiliga bog‘langan boshqaruvdan voz kechish orqali chiqadi. Bugun rivojlangan va integratsiyadan, boshqa xalqlarning kirib kelishidan qo‘rqmaydigan davlatlarda vaziyat ana shunday.
Korrupsion jinoyatlarning 75 foizi maishiy korrupsiya shaklida sodir bo‘lmoqda
O‘zbekda pora deyilmaydigan, lekin tag mohiyatini olib qarasangiz, poraga tenglashtirgan arzigulik oldi-berdilar juda ko‘p. Sovg‘a, to‘yona, qo‘l haqqi, ko‘z haqqi, suyunchi, mozorbosdi... Bularni ko‘p davom ettirish mumkin va aksarida maqsad bir – pora. Kimningdir ko‘nglini ovlash. Tug‘uruqxona, bog‘cha, maktabdan tortib, universitetda, ishga kirishda, o‘sha ishda mustahkam o‘rin olishda, mansab pillapoyalaridan oson ko‘tarilishda, keyin yiqqan-terganini imi-jimida ortmoqlab olib ketishda, hatto, o‘lganida ham pora berishga farzandlarimizni o‘rgatib kelayotgan odamlarmiz. Pora olganmisiz, desam yo‘q deyishingizni bilaman. Shuning uchun savolni biroz o‘zgartiraman. Pora berganmisiz? Yo‘q, deya olmasligingizni bilaman, ovoz chiqarib aytishingiz shart emas, sukut alomati rizo. Sezganingizdek, boya va’da qilgan masalamga mana endi navbat yetib keldi. Tugayotgan hafta Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashning korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha ishlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Shavkat Mirziyoyev ushbu yig‘ilishda mamlakatda korrupsiya holatlari ko‘payib borayotgani, korrupsiya qarshi kurashish agentligi esa jinoyat ishi ochilgan holatlarnigina sanashdan nariga o‘tmayotgani haqida kuyunib gapirdi, qator faktlarni, korrupsiya omillarini sanadi. Agentlik va uning rahbari Akmal Burhonovdan rozi emasligini ochiq aytdi. Uning e’tiboridan huquq-tartibot organlari faoliyati ham, qurilish, ta’lim, tibbiyot sohalari ham, sud, prokuratura, soliq organlari faoliyati ham chetda qolmadi. Davlat rahbari korrupsiyaviy jinoyatlarning ochilishi, poraxo‘rlikka qarshi kurashda ommaviy axborot vositalari, jamoatchilik va nodavlat tashkilotlarning o‘rni yuqori bo‘layotganini e’tirof etdi. Bosh vazir Abdulla Aripovga 117 ta vazirlik va idoradagi “korrupsiyaga qarshi ichki nazorat” tuzilmalari rahbarlarini ishdan olish va ularning o‘rniga halol, fidoyi va professional kadrlardan qo‘yish, ularning oldiga aniq vazifalarni belgilab berishni topshirdi.
Davlat rahbariga ko‘ra, korrupsiyaviy jinoyatlarning 75 foizi tuman va mahallada maishiy korrupsiya shaklida sodir bo‘lmoqda. Shuningdek, davlat byudjetidan maqsadsiz foydalanish, uning talon-toroj qilish holatlari ham keskin qoralandi.
Byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobiga olinayotgan tovarlarni ham tartibga solish vaqti kelganini aytgan davlat rahbari, byudjet va byudjetdan tashqari mablag‘ hisobidan asosiy vositalarni xarid qilish bo‘yicha talablarni kuchaytirish kerak degan fikrni olg‘a surdi.
Xizmat transportida yurishni keskin qisqartirib, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan avtomobil va mebelga o‘tish zarurligi aytildi.
Yig‘ilishda davlat xizmatchilari daromadini deklaratsiyalashga oid qonunni qabul qilish vaqti-soati kelgani aytildi. Aslida uni qabul qilish muddati ancha avval belgilangan va muddatidan o‘tib ketgan edi. Lekin hech kim, ayniqsa, uni qabul qilishga mas’ul bo‘lgan tashkilotlar bu borada miq etmay kelayotgandi. Go‘yo amaldorlar bugungacha yiqqan-tergani, to‘plaganini yashirib olishiga vaqt va imkon berilgandek...
Prezident mas’ullarga tez fursatda ushbu qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘yib, 1 aprelgacha kiritishni topshirdi.
Gap borib noqonuniy boylik orttirish uchun javobgarlik masalasini ham o‘ylab ko‘rishga taqaldi. Qonunchilikka noqonuniy boylik orttirish haqida modda kiritish taklif qilindi. Ya’ni, davlat xizmatchisi deklaratsiya qilgan daromadiga mos kelmaydigan mol-mulkini qayerdan olganini isbotlashi kerak bo‘ladi. Prezident Milliy kengashni, parlamentning korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitalarini bu borada xalqaro andozalarga mos takliflarni ishlab chiqishga chaqirdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevga ko‘ra, korrupsiyani yengish uchun birinchi navbatda uning ortiqcha hashamat va dabdaba degan “o‘q ildizlarini” quritish shart. Eng achinarlisi, bunga taniqli shaxslar bosh-qosh bo‘layapti, odamlar ularga tenglashaman deb, o‘zini “o‘tga-cho‘g‘ga” uryapti.
Bu borada ayrim rahbarlar o‘zining kamtarona turmush tarzi bilan barchaga namuna bo‘lish o‘rniga, bunday soxta qadriyatlar asiriga aylanib, noqonuniy daromad topishga intilayotgani ham bor gap, deydi davlat rahbari. Gap kelganda bir masalaga to‘xtalib ketsak. 2019 yilda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashi va Senat Kengashining “To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi Qo‘shma qarori va ushbu qaror bilan to‘ylarni qanday o‘tkazish bo‘yicha Nizom qabul qilingan edi. Hozir Nizomga chuqur to‘xtalsak, ancha vaqtimiz ketadi. Lekin shuni aytish o‘rinliki, bu qaror va Nizom qog‘ozda qolib ketdi. 2019 yilda buyon uning ijrosi ta’minlanmadi. Dabdabali to‘ylar boshida esa davlat amaldorlari, vazirlarning o‘zi bo‘ldi. Mansabdorlarning farzandlari to‘ylari oddiy odamlar qilayotgan dabdabadan ancha o‘tib tushdi. Bir necha kunga cho‘zilgan marosimlar deysizmi, ulardagi qimmatbaho sovg‘alar oldi-berdisi deysizmi, hatto, xorij san’atkorlarining ishtiroki borasida ham vazirlar, amaldorlarimiz kimo‘zar o‘ynadi. Go‘yo bu qarorlar faqat xalq uchun qabul qilingandek. Keling, men bunday to‘ylar o‘tkazgan mansabdorlar nomini sanamay, siz ularni yaxshi bilasiz. Qaysi amaldorning dabdabali to‘yini eslaysiz.
Darvoqe, Prezident raisligida o‘tgan yig‘ilish haqida batafsil alohida dastur tayyorlaganmiz, uni QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi kanalida tomosha qilishingiz mumkin.
Pora olgan Milliy gvardiya va IIB xodimlari
O‘zbekiston 2024 yilda 180 mamlakat o‘rin olgan korrupsiya bo‘yicha reytingda 121-o‘rinni egalladi. Bu – mamlakat o‘ta korrupsiyalashganini anglatadi. 2024 yilda korrupsiyaga oid jinoyatlar oliy ta’lim, transport hamda qishloq xo‘jaligi sohasida oshgan. Maktabgacha va maktab ta’limi, sog‘liqni saqlash, kambag‘allikni qisqartirish va bandlik sohalarida korrupsiyaga oid jinoyatlar salmog‘i yuqoriligicha qolmoqda. Lekin bu degani huquq-tartibot organlarida korrupsiya yo‘q, degani emas. Aslida ko‘plab sohalardagi korrupsion holatlarni bilsak-da, ular yeng ostida qoladi.
Prezident korrupsiyaga qarshi kurashish borasida jon kuydirib gapirayotgan, bunda huquq-tartibot organlari samaradorligini oshirish, odil sudlovni ta’minlashga urg‘u berayotgan bir paytda shu hafta Milliy gvardiyaning ikki xodimi pora bilan qo‘lga tushib turibdi deng.
Birinchi holat poytaxt Toshkentda aniqlangan. Milliy gvardiyaning Toshkent shahar Qo‘riqlash boshqarmasi Olmazor tumani bo‘limi otryad komandiri katta leytenant 1980 yilda tug‘ilgan fuqaroning ishonchiga kirib, yuqori lavozimda ishlovchi hamkasblari orqali uning tanishini Milliy gvardiya tizimiga ishga kiritib qo‘yish evaziga Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Ekobozor” savdo majmuasi avtoturargohida 5500 dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Ikkinchi holat esa Toshkent viloyati hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Viloyatning O‘rta Chirchiq tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Milliy gvardiyaning Qo‘riqlash bosh boshqarmasiga qarashli sog‘lomlashtirish oromgohi rahbari podpolkovnik xizmat mavqeidan foydalangan holda 1989 yilda tug‘ilgan fuqaroning ishonchiga kirib, o‘zining vakolatli tanishlari yordamida uni Milliy gvardiyaning Toshkent viloyatidagi qo‘riqlash bo‘linmalaridan biriga ishga joylashtirib qo‘yish evaziga 1500 dollar olgan vaqtida ushlangan.
Bildirilishicha, hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi va 28,211-moddasi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda. Shuni aytishsa kerak: onangni qozi so‘ksa, dodingni kimga aytasan deb.
Shu haftada esa Toshkent shahri Bektemir tumanida 500 dollar pora bilan qo‘lga tushgan Ichki ishlar xodimi esa Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, 3 yil Ichki ishlar tizimida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda, 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.
Farzandli bo‘lgan o‘quvchi qiz. O‘quvchiga shilqimlik qilgan o‘qituvchi
Navoiy viloyati Karmana tumani 15-umumta’lim maktabining 8-sinf o‘quvchisi farzandli bo‘ldi. G‘alati xabar, to‘g‘rimi?! Afsuski, bu haqiqat!
Bu voqea jamoatchilikka fosh bo‘lganidan keyin viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tilga kirdi. Ijtimoiy tarmoqlarda aytilishicha, homilador bo‘lib qolgan o‘quvchi qiz ayrim fanlardan darslarda ishtirok etmagan. U darslarga ishtirok etmasa-da, o‘qituvchilar tomonidan baho qo‘yib borilgan. Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ushbu ma’lumot mas’ullar tomonidan o‘rganilayotganini ma’lum qildi.
Poytaxt Toshkentda esa o‘qituvchi 10 yashar o‘quvchi qizga shahvoniy shilqimlik qilgani aniqlandi. Joriy yilning 16 fevral kuni soat 13:30 da Yakkasaroy tumanida joylashgan rassomchilik to‘garagi maktabida 2000 yilda tug‘ilgan o‘qituvchi dars vaqtida 2015 yilda tug‘ilgan qizaloqning qaddi-qomatini tavsiflab, uning yelkalarini ushlab, uqalab, qo‘llarini ushlab, quchoqlab, unga shahvoniy shilqimlik qilgan. Naqadar ifloslik-a? Yo siz qayerda tarbiya olgansiz? Jamiyatimiz nega bu kabi maraz insonlarga to‘lib ketyapti? Qizlarimiz jamoat transportida yurolmasa, to‘garakka borolmasa, bu qanaqa jamiyat o‘zi? Bir qarasang, hammasi tinch, osuda, odamlar o‘ta tarbiyali va farosatli. Bir qarasang, atrofi ko‘zi shahvat qoniga to‘lganlar bilan burkangandek.
Xullas, tugayotgan haftada Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudida o‘sha o‘qituvchining qilmishi ko‘rib chiqildi. Sud majlisida o‘qituvchi nomiga noloyiq o‘sha yigit aybiga to‘liq iqror bo‘lgan. Sud uni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-1-moddasi (shahvoniy shilqimlik qilish) 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topib, 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan. Mana, sizga sudning adolati! Kimningdir avaylab, ko‘z qorachig‘idek asrab o‘stirayotgan, hali go‘dak qiziga qaysidir pedofil shilqimlik qilib, uning hali uyg‘onmagan hirsi bilan o‘ynashadi va evaziga ol senga 5 sutka. Adolatmi buning nomi?
Shukurki, jamiyatda vijdoni uyg‘oqlar bor. Bolalar ombudsmani ishni nazoratiga oldi va o‘qituvchiga nisbatan chiqarilgan sud qarori bekor qilinishi uchun prokuror protesti kiritildi.
Bola huquqlari bo‘yicha vakil Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumani sudining qarorini bola huquqlari ta’minlanishi nuqtai nazaridan o‘rganib, sud qarori bolaning manfaatiga zidligi tufayli Toshkent shahar prokuraturasiga mazkur sud qarori ustidan apellyatsiya tartibida protest bildirishga oid iltimosnoma kiritgan.
Shundan so‘ng, birinchi instansiya sudining mazkur qarori ustidan apellyatsiya tartibida prokuror protesti kiritilgan. Natijada birinchi instansiya sudining o‘qituvchiga nisbatan qarori bekor qilinib, ish materiallari qo‘shimcha tergovga qadar tekshiruv yuritish uchun tuman prokuraturasiga qaytarilgan va hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Gap kelganda, yana bir voqeani aytib ketay. Shu hafta Navoiy viloyati Karmana tumanida yashovchi 14 yoshli qiz o‘z uyida arqon bilan o‘zini osib, joniga qasd qildi. Qizning o‘lim sababi dastlabki tekshiruv natijasiga ko‘ra mexanik asfiksiyadan kelib chiqqani aniqlangan. Hozirda ushbu holat bo‘yicha Karmana tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
LiveBarchasi
Trenddagilar


